Musaev Shamshodbek Shuxratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalar pastki jag‘ini sinishida jag‘lar immobilizatsiya usullarini solishtirma baholash», 14.00.21 - Stomatologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Tib774.
Ilmiy rahbar: Shomurodov Qahramon Erkinovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent Davlat stomatologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti DSc04/30.12.2019.Tib.59.01.
Rasmiy opponentlar: Fomenko Irina Valer`evna tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya Federatsiyasi); Boymuradov Shuxrat Abdujalilovich tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Kuban` davlat tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Bolalar pastki jag‘ini sinishlarida siniq bo‘laklari immobilizatsiyasi turli xil usullarining samaradorligini qiyosiy baholash va parodont to‘qimalarining anatomo-funksional xususiyatlarini saqlashga imkon beradigan konstruksiyani ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tishlarga mahkamlanadigan shinalarni nurda qotuvchi kompozit plomba ashyolari yordamida fiksatsiya qilishning atravmatik usuli ishlab chiqilgan;
turli xil immobilizatsiya usullarini parodont to‘qimalarining mikrotsirkulyasiyasi va stomatologik indekslarga ta’siri qiyosiy baholanib, ular orasidagi bog‘liqlik aniqlangan;
bolalar pastki jag‘ining sinishlarida suyak metabolizmi markerlari va kal`siy almashinuvini boshqaruvchi gormonlar konsentratsiyasining o‘zgarishlari immobilizatsiya usullariga va parodont to‘qimalaridagi yallig‘lanish jarayonlarining og‘irlik darajasiga uzviy bog‘liqligi isbotlangan;
bolalar pastki jag‘ining sinishlarini davolashda taklif qilingan immobilizatsiya usullarining samaradorligi parodont to‘qimalaridagi yallig‘lanish jarayonlarining kamayishi va sinish sohasidagi ul`tratovushli ostrometriya ko‘rsatkichlari asosida suyak zichligining ortishi hisobidan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Taklif etilgan immobilizatsiya usullari yordamida pastki jag‘ sinishlarini davolash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
bolalar uchun ishlab chiqarilgan LISTERINE® «Detskiy» og‘iz chayish vositasini D vitamini bilan birgalikda qo‘llashga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida asosida ishlab chiqilgan «Bolalar jag‘larining jarohatlarida vitaminlar majmuasi bilan birgalikda antiseptiklarni qo‘llash orqali parodont yallig‘lanish kasalliklarining oldini olish» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 26 iyuldagi 8n-r/648-son ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiy tavsiyanoma bolalar pastki jag‘ining sinishlarida qo‘llaniladigan an’anaviy immobilizatsiya usulining davolash samaradorligini oshirish imkonini bergan;
bolalar pastki jag‘ining sinishlarida immobilizatsiyani amalga oshirish maqsadida mini vintlardan foydalanishga qaratilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida asosida ishlab chiqilgan «Bolalar pastki jag‘ining sinishlarida siniq bo‘laklarini immobilizatsiya qilish maqsadida suyak ichi implantlaridan foydalanish» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 26 iyuldagi 8n-r/647-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanomada pastki jag‘ sinishlarini davolashda parodont to‘qimalarining butunligini saqlab qolish va parodontal kompleks to‘qimalariga etkaziladigan jarohatni minimallashtirish orqali ulardagi yallig‘lanish jarayonlarining oldini olish imkoniyatlari bayon qilingan. Bundan tashqari, immobilizatsiyalovchi konstruksiyalar yuzasining kichikligi tish karashlari va cho‘kmalarining to‘planishiga hamda mikroorganizmlarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymasligi oqibatida og‘iz bo‘shlig‘i gigienasi buzilishining oldini olish imkonini bergan;
olingan ilmiy natijalar va ishlab chiqilgan usullar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Toshkent shahar 7-son klinik kasalxonasi amaliy faoliyatiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 6 avgustdagi 8n-z/264-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi davolashdan keyingi qisqa va uzoq muddatlarda asoratlar sonini hamda parodontit va tish kariesi kabi ikkilamchi patologiyalar yuzaga kelish xavfini kamayishiga, shuningdek, bolalarda pastki jag‘ sinishlarini davolash sifatining yaxshilanishi imkonini bergan.