Axatov Jasurjon Saidovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ichimlik suvi ta’minoti tizimlarida sho‘rlangan suvlarni quyosh energiyali issiqlik va fotoelektrik o‘zgartirgichlar yordamida chuchuklashtirish”, 05.05.06 – "Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari".
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/T44.
Ilmiy maslahatchi: Lutpullaev Sagdulla Lutfullaevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA "Fizika-Quyosh" IIChBsi Fizika-texnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA "Fizika-Quyosh" Ilmiy ishlab-chikarish birlashmasi, DSc.02/27.02.2020.FM/T.110.01.
Rasmiy opponentlar: Iskandarov Zafar Samandarovich, texnika fanlari doktori, professor; Kenjaev Idirisbek Gulamovich, texnika fanlari doktori, professor; Raximov Rustam Xakimovich, texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Qarshi muhandislik - iqtisodiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi quyosh suv chuchutish qurilmalarida yuz beruvchi issiqlik va massa almashinuv jarayonlarini modellashtirish, ularning samaradorligini oshirish usullarini ishlab chiqish, issiqlik texnikaviy, texnik - iqtisodiy ko‘rsatgichlari hamda maqbul ish rejimlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ko‘p bosqichli quyosh suv chuchutish qurilmalari ishlab-chiqarish quvvatini aniqlash uchun, eksergetik tahlilga asoslangan, temperaturaga bog‘liq ravishda yuz beruvchi issiqlik va massa almashinuv jarayonlarini hisobga oluvchi, issiqlik rejimlarining matematik modeli ishlab chiqildi;
quyosh suv chuchutgichlari temperatura rejimlari 40oS dan 90oS gacha diapazonda o‘zgarishini hisobga olgan holda, ularda issiqlik tashuvchi sifatida ishlatish maqsadida oksid materiallar (SiO2 va Al2O3) nanozarrachalari asosidagi nanosuyuqliklar olindi va ularning issiqlik fizikaviy xossalari (qovushqoqlik va issiqlik o‘tkazuvchanlik) aniqlandi;
quyosh suv chuchutish qurilmasida issiqlik manbai sifatida ishlatish uchun polimer materiallar (poliamid va polikarbonat)ga asoslangan va nanosuyuqlikli issiqlik tashuvchiga ega quyosh kollektorining yangi konstruksiyasi ishlab chiqildi;
ko‘p bosqichli quyosh suv chuchutish qurilmasining takomillashtirilgan, issiklik samaradorligi mavjud analoglarga nisbatan 15%ga yuqori bo‘lgan, iqtisodiy rentabel yangi konstruksiyasi ishlab chiqildi va qurilmaning tajriba nusxasi yaratildi;
ilk bor teskari osmos jarayoniga asoslangan, quyosh fotoelektrik o‘zgartgich hisobiga ishlovchi, avtonom, mobil quyosh suv chuchutish qurilmasining yangi konstruksiyasi ishlab chiqildi va tajribaviy nusxasi yaratildi;
teskari osmos jarayoniga asoslangan quyosh suv chuchutish qurilmasining eksergetik tahlil asosida temperaturaga bog‘liq bo‘lgan maqbul (25oS-35oS diapazonda) ish rejimlari aniqlandi, va shu asosida qurilmaning quyosh issiqlik va fotoeletrik o‘zgartgichlardan foydalanib ishlovchi konstruksiyasi prinsipial sxemasi ishlab chiqildi;
ishlab chiqilgan quyosh suv chuchutish qurilmalarining texnik-iqtisodiy (qoplash muddati 0,2 dan 1,5 yilgacha bo‘lgan) va ekologik (atrof muhitga SO2 oqimini yiliga 13358kg gacha kamaytirishga olib keluvchi) ko‘rsatgichlarini hisobga olgan holda, ulardan respublikaning chekka hududlarida avtonom ichimlik suvi ta’minoti tizimi sifatida foydalanish maqsadga muvofiqligi asoslandi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ko‘p bosqichli quyosh suv chuchutish qurilmasi issiqlik ko‘rsatgichlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Buxoro davlat universitetida amalga oshirilgan "Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini yanada takomillashtirish, ulardagi jarayonlarni modellashtirish va tadqiq qilish" amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 09.12.2020 yildagi №89-03-5138 sonli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘p bosqichli quyosh suv chuchitish qurilmasi samaradorligini Buxoro viloyati sharoitida aniqlash imkonini bergan.
Quyosh suv chuchitish qurilmalarida issiqlik tashuvchi sifatida ishlatiluvchi SiO2 i Al2O3 nanozarrachalari asosidagi nanosuyuqliklarni olish va ularning issiqlik fizikaviy xususiyatlarini tadqiq etish bo‘yicha olingan natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Ion-plazma va lazer texnologiyalari institutida amalga oshirilgan «Nanosuyuqliklarda fazaviy o‘zgarishlar va uzatish hodisasi» fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zR FAning 09.12.2020yildagi №2/1255-2763 sonli ma’lumotnomasi). Natijada kremniy qo‘shoksidi va bazaviy suyuqlik suvdan iborat nanosuyuqlikning turli konsentratsiya va temperaturalarda issiqlik uzatish koeffisienti aniqlangan.
Teskari osmos jarayoniga asoslangan quyosh suv chuchitish qurilmasi yangi konstruksiyasini ishlab chiqish va yaratish hamda uning texnik ko‘rsatgichlari va unumdorligini tadqiq etish bo‘yicha olingan natijalardan xorijiy ishlarda foydalanilgan [Desalination, 353, 57-74, 2014, IF:7,09; Sustainable Energy Technologies and Assessments, 42, 2020, Article ID 100884, IF:3,4; Renewable and Sustainable Energy Reviews, 97, 456-477, 2018, IF:12,11; Energy, 112, 164-178, 2016, IF:6,04 v.b.] bo‘lib, quyosh fotoelektrik o‘zgartgichlarga ega teskari osmos jarayoniga asoslangan qurilmalar texnik-iqtisodiy ko‘rsatgichlarini optimallashtirish va ularning turli qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanib ishlovchi konstruksiyalarini yaratish bo‘yicha tahlilni o‘tkazish imkonini bergan.
O‘zR FA Fizika-texnika instituti hamda "Solar Development Systems" MChJ o‘rtasida tuzilgan Lisenziya Shartnomasiga (29.03.2020 yildagi №1-sonli shartnoma) asosan "Avtonom suv chuchitish qurilmasi"ni (20.06.2014 yildagi №FAP00891) yaratish texnologiyasi seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida "Solar Development Systems" MChJga berilgan («Uzeltexsanoat» AKning 17.12.2020 yildagi №04-1/2366 sonli ma’lumotnomasi). Qurilmani seriyali (yiliga 1000ta) ishlab chiqarishni tashkil etishdan kutilayotgan yillik iqtisodiy samara: yiliga 30 ming m3 chuchuk suv ishlab chiqarish. Bitta quyosh suv chuchitish qurilmasidan foydalanish natijasida yiliga ichimlik suvi sotib olish uchun sarflanadigan 15 mln. sum mablag‘ tejaladi. Shuningdek quyosh energiyasidan foydalanish hisobiga atrof muhitga chiqariladigan SO2 oqimi ko‘mir bilan taqqoslaganda 13358 kg/yil gacha, tabiiy gaz bilan taqqoslaganda 3787 kg/yil gacha qisqaradi.