Djabbarov Shuxrat Batirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Saralash tepaliklarining transport jarayonlari texnologiyasini rivojlantirish uchun vagon g‘ildiraklarini dumalanishi va sirpanishini nazariy asoslash”, 05.08.03 – Temir yo‘l transportini ishlatish, 05.08.05 – Temir yo‘llar harakat tarkibi, poezdlarni tortish va elektrlashtirish; (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.4.PhD/T1215
Ilmiy rahbarlar: Turanov Xabibulla Turanovich, t.f.d., prof., Ilesaliev Daurenbek Ixtiyarovich DSc. prof.v.b.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi PhD.15/30.12.2019.T.73.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Dauseitov Ergen Balgaevich, texnika fanlari doktori, professor; Valiev Muxammad Sheralievich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi: vagon g‘ildirak juftlarining saralash tepaligi tezlanish uchastkalarida dumalashi va tormozlanish joylarida sirpanishini nazariy asoslagan holda saralash tepaligini loyihalashning mavjud usulini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nazariy mexanikaning klassik qoidalari asosida saralash tepaligining barcha tezlanish uchastkalarida g‘ildirak juftlarining rel`s kallagi usti bo‘ylab sirpanishi kuzatilmasligini tasdiqlovchi mukammallashtirligan analitik ifodalar olingan;
qayta ishlanadigan vagonlar oqimini oqilona boshqarish uchun aylanuvchi massalar inersiyasini hisobga olgan holda saralash tepaligining tezlanish va tormozlovchi uchastkalarida vagon tezligini aniqlashning maqbul usuli ishlab chiqilgan;
tarqatilayotgan poezd tarkibidagi vagonlarning saralash tepaligi qiyaligi bo‘ylab tezlanishini aniqlash uchun harakatlantiruvchi kuchlarni hisobga olgan holda dumalash va sirpanuvchi g‘ildiraklar o‘zaro munosabati va ta’sirining matematik modeli ishlab chiqilgan;
saralash tepaligining tezlanish va tormozlanish uchastkalari nishabligini avtomatlashtirilgan tarzda hisoblash uchun ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot asosida tushish qismining har bir elementida vagonning kinematik parametrlarini aniqlash usuli takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Saralash tepaliklarining transport jarayonlari texnologiyasini rivojlantirish uchun vagon g‘ildiraklarini dumalanishi va sirpanishini nazariy asoslash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
saralash tepaligining tezlanish va tormozlovchi uchastkalarida vagon tezligini aniqlashning maqbul usuli, harakatlantiruvchi kuchlarni hisobga olgan holda dumalash va sirpanuvchi g‘ildiraklar o‘zaro munosabati va ta’sirining matematik modeli “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tasarrufiga kiruvchi “Toshtemiryo‘lloyiha” OAJga qayta ishlanadigan vagonlar oqimini oqilona boshqarish va tarqatilayotgan poezd tarkibidagi vagonlarning saralash tepaligi qiyaligi bo‘ylab tezlanishini aniqlash uchun joriy etilgan (“O‘TY” AJning 2020 yil 2 martdagi 01/875-20-sonli ma’lumotnoma). Natijada saralash tepaligini loyihalashda tezlanish va tormozlovchi uchastkalarda vagonga ta’sir etuvchi aylanuvchi massalar inersiyasi va harakatlantiruvchi kuchlarni hisobga olish imkoni yaratilgan;
saralash tepaligi tushish qismining har bir elementida vagonning kinematik parametrlarini aniqlash usuli, algoritmlari va dasturiy majmualar ko‘rinishidagi instrumental vositalari “Boshtransloyiha” AJga tezlanish va tormozlanish uchastkalari nishabligini avtomatlashtirilgan tarzda hisoblash uchun joriy etilgan (“O‘TY” AJning 2020 yil 2 martdagi 01/875-20-sonli ma’lumotnoma). Natijada taklif etilayotgan usul bo‘yicha loyihalanadigan saralash tepaligining balandligi mavjud usullar bo‘yicha olingan natijalarga nisbatan 27% ga pasaytirilishi asoslangan, tezlanish va tormozlanish uchastkalari nishabligini to‘g‘ri tanlash, bajariladigan manyovr ishlariga sarflanadigan vaqt va yoqilg‘ini qisqartirish imkoni yaratilgan.