Abdullaeva Nigora Sanjarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda avtomobil` sanoati tarixi (1992-2020 yy.), 07.00.01. – O‘zbekiston tarixi, 07.00.02 – Fan va texnologiyalar tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Tar230.
Ilmiy rahbar: Ismoilova Jannat Xamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Samatov G‘affor Allakulovich, iqtisod fanlari doktori, professor; Xasanov Jasurbek Mamatqodirovichlar, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX-XXI asrlarda O‘zbekistonda avtomobil` sanoatining shakllanishi va rivojlanishini tizimli ravishda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
sobiq sovet davrida Farg‘ona vodiysida mashinasozlik sohasini rivojlantirishga e’tibor berilishi tufayli qulay transport, yuk tashish va xom ashyo logistikasining shakllanishi, aholining zichligi va ularni ish bilan ta’minlash zarurati mustaqillik yillarida ushbu hududda avtomobilsozlik sanoatining yo‘lga qo‘yilishiga asos bo‘lganligi dalillangan;
mustaqillikning dastlabki yillaridan avtomobil` sanoatini mahalliylashtirish doirasida kichik hajmdagi butlovchi qismlarni ishlab chiqarish jarayoniga mahalliy tadbirkorlarning jalb qilinishi hududdagi yoshlar va o‘rta yoshlilar o‘rtasida ishsizlikni kamaytirishga hamda aholi daromadlarining oshishiga xizmat qilganligi asoslangan;
2015 yilgacha avtomobil` sanoatida ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash, korxonalarni modernizatsiya qilish va eskirgan texnologik asbob-uskunalar hamda qoliplarni yangilash amalga oshirilmaganligi, mahalliy avtomobilsozlik sanoatining jahon avtomobil` sanoatiga integratsiyalashmaganligi tashqi iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha strategik rejalarning bajarilmay qolishiga olib kelganligi dalillangan;
avtomobilsozlik sohasida yangi avtotransport vositalari va avtomobil butlovchi qismlarini yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish uchun zarur infratuzilmaning shakllantirilmaganligi tufayli mahalliy avtomobilsozlik sanoati zamonaviy jahon andozalaridan chetda qolayotganligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda avtomobil` sanoatining shakllanishi, rivojlanishi va istiqboli muammosining tahlili asosida olingan ilmiy natijalar asosida:
sovet davrida Farg‘ona vodiysi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashganligi sababli hududda mashinasozlik sohasini rivojlantirishga e’tibor berilishi tufayli qulay transport, yuk tashish va xom ashyo logistikasining shakllanishi avtomobilsozlik sanoatining yo‘lga qo‘yilishiga asos bo‘lganligiga oid natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, O‘zbekiston davlat tarixi muzeyining “O‘zbekistonda avtomobilsozlikni shakllanishi va rivoji” deb nomlangan mahsus yo‘nalishini tashkil etishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2021 yil 16 martdagi 3/1255-789-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi muzeyga tashrif buyuruvchilarda O‘zbekistonda avtomobilsozlik sanoati rivojlanishi, bu borada malakali mutaxassislar tayyorlanishi va ularning respublika ijtimoiy hayotidagi o‘rni haqidagi tasavvurlarini kengaytirishga imkon bergan;
mustaqillikning dastlabki yillaridan avtomobil` sanoatini mahalliylashtirish doirasida kichik hajmdagi butlovchi qismlarni ishlab chiqarish jarayoniga xususiy tadbirkorlarni sherikchilik asosida jalb qilinishi respublikada kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga xizmat qilganligiga oid natijalardan “O‘zavtosanoat” aksionerlik jamiyati qoshida tashkil etilgan Toshkent politexnika muzeyining konsepsiyasini yaratishda, shuningdek, “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi” hamda “O‘zbekiston avtomobilsozlik tarixi” bo‘limlari ekspozisiyalarini boyitishda foydalanilgan (“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatining 2020 yil 17 martdagi 07/03-25-0550-son dalolatnomasi). Natijalarning joriy etilishi muzey ekspozisiyalarini mazmunan boyitilishi hamda jahon avtomobilsozlik tarixi bilan bog‘liq masalalarni yangicha yondashuvlar asosida yoritib berishga imkon yaratgan.