Xomidova Maxfuzaxon Farxodjon qizining falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Badiiy matn persepsiyasida intertekstuallik”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil506.
Ilmiy rahbar: Qurbonova Muhabbat Matyaqubovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01. 
Rasmiy opponentlar: Sobirov Abdulhay Shukurovich, filologiya fanlari doktori, professor; Yusubova Rano Norbaevna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi intertekstuallik hodisasining badiiy matndagi rolini belgilash, badiiy matnning mazmuniy idrokida intertekstual matnlarning o‘rnini ochib berishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek badiiy matnlarida uchraydigan intertekstual birliklarning manbalari aniqlangan va ular asosida intertekstuallikning shakliy jihatdan  turlarga ajratilgan va badiiy matn persepsiyasida epigraf, sarlavha, allyuziya, iqtibos kabi intertekst turlarining roli va ahamiyati tajriba natijalariga ko‘ra isbotlangan; 
intertekstuallik haqida dunyo va o‘zbek tilshunosligidagi mavjud nazariy qarashlar natijasidan olingan xulosalar asosida intertekst va intertekstuallikning alohida termin ekanligi, intertekst badiiy matnning  intertekstualligini hosil qiluvchi vosita vazifasini bajarishi va uning o‘ziga xos jihatlari misollar yordamida ochib berilgan;
zamonaviy tilshunoslikdagi matn mazmuniy idroki xususidagi qarashlar asosida badiiy matn persepsiyasiga intertekstuallik, shuningdek, fon bilimlarining ta’sir qiluvchi, yo‘naltiruvchi, ma’lumot beruvchi kabi jihatlarining ta’siri badiiy matnlardan olingan misollar asosida aniqlangan;
intertekstual matnlarning axborot beruvchi, yo‘naltiruvchi, estetik ta’sir qilish, milliy-madaniy semalarni tashish, konstruktivlik kabi vazifalari badiiy matnlardan olingan misollar yordamida asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Badiiy matn persepsiyasiga intertekstual matnlarning tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
intertekstual matnlarning turlari hamda ularning tajribaviy tahlili natijalari hamda matnlarni o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilishda, magistratura talabalari uchun tashkil etilgan onlayn kurslarda foydalanishga doir ilmiy xulosalardan “Project №598340-EPP-1-2018-1-ES-EPPKA2-CBHE-JP University Cooperation Framework for Knowledge Transfer in Central Asia and China (UNICAC)” mavzusidagi xorijiy  loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 29 dekabrdagi 89-03-5598-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz tilidagi yo‘riqnoma, qo‘llanma va tarqatma materiallarni o‘zbek tiliga o‘girishda hamda onlayn kurslarni tashkil etishda badiiy matndagi intertekstual birliklardan keng foydalanish imkoniyati yaratilgan;
o‘zbek badiiy matnlaridagi intertekstuallikning badiiy tarjima jarayonidagi o‘rnini izohlashda, iqtibos, allyuziya, presedent birliklarning inson tashqi qiyofasini tasvirlashdagi ahamiyatini yoritishda, badiiy matn mazmuniy idroki va tarjimasida intertekstual birliklarning xususiyatlarini izohlashga oid ilmiy xulosalardan I-OT-2019-42 raqamli «O‘zbek va ingliz tillarining elektron (inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish» (2020-2021) mavzusidagi amaliy loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 12 apreldagi 04/1-632-son ma’lumotnomasi). Natijada elektron lug‘at materiallarida intertekstual birliklarning nisbati belgilangan, loyiha materiallari yangi ilmiy manba va qarashlar bilan boyigan;
badiiy matndagi intertekstuallik turlari, xususan, folk`lor namunalari bo‘lgan xalq qo‘shiqlari, maqol va matallarning intertekst sifatida qo‘llanilishi haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan FA-F1-GOO6 raqamli «Qoraqolpoq xalq qo‘shiqlari qo‘lyozma nusxalarini tekstologik tahlil qilish va nashrga tayyorlash (3-jild)» mavzusidagi (2015-2017)  amaliy loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 20 avgustdagi 17.01/196-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq qo‘shiqlari, maqol va matallarning badiiy matnni shakllantiruvchi  asosiy vositalaridan biri ekanligini ilmiy asoslash va tasdiqlash, ularning qismlari intertekst sifatida badiiy matnlarda keng uchrashi, bu orqali ularni tekstologik tahlil qilishning qiymati oshishi haqidagi doir ilmiy xulosalar bilan boyishiga asos bo‘lgan; 
Alisher Navoiyning g‘azal va ruboiylaridagi intertekstual birliklar tahlili bo‘yicha olingan natijalarga oid ilmiy ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining «Millat va ma’naviyat» radioeshittirishida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston» teleradiokanalining 2021 yil 13-apreldagi 04-25-557-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu eshittirish uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ma’naviy-ma’rifiy qiymati takomillashgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish