Boytemirov Muhammadbobir Boyjo‘ra o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: «Temir yo‘l transporti harakatidan hosil bo‘lgan tebranishlardan bino va inshootlarni vibroseysmik himoya qilish», 05.09.02 – Asoslar, poydevorlar va er osti inshootlari. Ko‘priklar va transport tonnellari. Yo‘llar, metropolitenlar (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/T841
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan muhandislik-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi DSc.18/30.12.2019.T.09.01 raqamli Ilmiy kengash.
Ilmiy rahbar: Yuldashev Sharafitdin Sayfitdinovich, texnika fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor  Xasanov Askar Zabievich (Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti); texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Nishonov Ne’matilla Asatillaevich (O‘zR FA M.T.O‘rozboev nomidagi  Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti). 
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:
bino va inshootlarni temir yo‘l poezdlari harakatidan hosil bo‘lgan zararli tebranishlardan himoyalash usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
temir yo‘l poezdlari harakatlaridan zaminda hosil bo‘ladigan tebranishlar amplitudasi muhitning mexanik xususiyatlariga, gruntning  qatlamlariga, temir yo‘l polotnosining joylashishiga bog‘liqligi aniqlangan;
temir yo‘l polotnosi er sirtiga nisbatan baland joylashganda, poezd harakati natijasida vujudga keladigan elastik to‘lqinlarning yo‘l yaqinida joylashgan  gruntlarda tarqalish jarayonlarini tahlil qilishning sonli hisoblash usuli ishlab chiqilgan;
temir yo‘l chizig‘i yaqinida joylashgan bino va inshootlarning har bir nuqtasida poezdlar harakati natijasida hosil bo‘ladigan tebranishlarning tarqalishini tahlil qilish masalasi elastiklik nazariyasi masalasiga keltirilib, sonli hisoblash usuli ishlab chiqilgan;
poezdlar harakati natijasida zaminda hosil bo‘ladigan elastik to‘lqinlarni binoga o‘tkazmaslik uchun temir yo‘l bilan bino oralig‘idagi gruntga joylashtirilgan to‘siqlarning materiali va geometrik o‘lchamlari o‘zgartirilib, ularning maqbul ko‘ndalang kesimlari va joylashtirish masofalari aniqlangan;
tabiiy dala sharoitida, temir yo‘l chizig‘i yaqinidagi gruntlarda hosil bo‘ladigan tebranishlarning temir yo‘ldan uzoqlashgan sari so‘nishi, hamda, temir yo‘lga parallel qazilgan transheyadan keyin joylashgan er sathi tebranish amplitudalariga transheyaning ta’siri vibrometr UNI-T UT315A o‘lchov asbobi yordamida tajriba o‘tkazish usuli orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Temir yo‘l transporti harakatidan hosil bo‘lgan tebranishlardan bino va inshootlarni vibroseysmik himoya qilish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
gruntda transheya hosil qilib binolarni tebranishlardan himoyalash usuli Qurilish vazirligiga qarashli «GAMMA PROEKT» MChJ va «Arxitektura rejalashtirish byurosi» DUK korxonalarida loyihalash va qurilish ishlari uchun joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligining 2021 yil 7 iyundagi 09-06/6841 sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qurilish ob’ektiga qo‘llanilishi orqali transheyaning temir yo‘l polotnosiga nisbatan joylashish masofasiga bog‘liq ravishda vibratsiya darajasini 70 % gacha kamaytirish imkonini bergan;
tebranishlarning kamaytirishning kombinatsiyalashgan usuli Qurilish vazirligiga qarashli «Proekt-Servis MChJ hamda «KELAJAK-S» korxonalarida loyihalash ishlari uchun joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirligining 2021 yil 7 iyundagi 09-06/6841 sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qurilish ob’ektiga qo‘llanilishi orqali temir yo‘l polotnosining joylashishi hamda vibro to‘siqlarning o‘rnatilishi tebranish to‘lqinlarini 5-10 barobar kamaytirish imkonini bergan;
temir yo‘l poezdlari harakatidan hosil bo‘lgan to‘lqinlarni gruntda va bino konstruksiyalarida tarqalishini aniqlash uslubi O‘z FAning Mexanika va inshootlarning seysmik mustaxkamligi institutida MRU-FA-58-2017 –«Seysmik ta’sirlardan himoyalash uchun akustik bar`erlarning konsepsiyalarini, matematik modellarini va sonli algoritmlarini ishlab chiqish» mavzusidagi halqaro grant loyihasini bajarishda foydalanilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish