Ruzikulova Maftunaxon Yuldashevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Markaziy Farg‘ona qo‘riq erlarining o‘zlashtirilishi va sug‘orilishi tarixi (XX asrning 50-70-yillari misolida)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Tar332.
Ilmiy rahbar: Komilov Oybek Kamilovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/31.03.2021.Tar.05.05.
Rasmiy opponentlar: Oblomuradov Naim Halimovich, tarix fanlari doktori, professor; Arslonzoda Rahmatjon Arslonboevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: 1950-1970-yillarda Markaziy Farg‘onadagi qo‘riq va bo‘z erlarning o‘zlashtirilishi tarixi, hududda amalga oshirilgan sug‘orish-o‘zlashtirish tadbirlari natijalarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XX asrning 50-70-yillarida sovet hokimiyatining Markaziy Farg‘onada amalga oshirgan agrar siyosati oqibatida yangi erlarni o‘zlashtirish aynan «paxta yakkahokimligi-o‘zlashtirish-ko‘chirish» tadbirlari orqali olib borilgani, ushbu amaliyot o‘zbek xalqining dehqonchilik madaniyatiga xos bo‘lgan almashlab ekish tizimining buzilishiga olib kelganligi asoslangan;
Farg‘ona vodiysidagi qo‘riq, bo‘z erlarni o‘zlashtirish uchun Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlaridagi dehqonchilik an’analaridan xabardor bo‘lgan aholining paxta yakkahokimligi ta’sirida «ixtiyoriy-majburiy» tamoyiliga monand ravishda ko‘chirilishi hamda sug‘orma maydonlari hajmining ortishi Bo‘z (hozirgi Bo‘ston) va Yozyovon rayonlari tashkil topishiga sabab bo‘lgani aniqlangan;
XX asrning 60-yillardan boshlab paxta xomashyosi sifatiga e’tibor berilmasdan Markaziy Farg‘ona (Ulug‘nor, Mingbuloq, Yozyovon rayonlari)dagi sug‘orma maydonlarning ekstensiv tarzda orttirilishi, melioratsiya tadbirlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi tufayli ekin erlarining sho‘rlanib, yaroqsiz holatga kelganligi hamda qishloq xo‘jaligi iste’molidan chiqib ketganligi dalillangan;
sug‘orish-o‘zlashtirish ishlari bo‘yicha tajribali muhandis-gidrotexniklarning aksariyat qismining vodiylik mutaxassislardan iborat bo‘lgani va ular tajribasidan irrigatsiya tizimi oddiy holatda bo‘lgan Mozambik mamlakatida kichik suv omborlari (barrajlar) qurish, kanallarni qayta ta’mirlash, qo‘riq ochishda foydalanilgani asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 1950-1970-yillar davriy chegarasida Markaziy Farg‘ona qo‘riq va bo‘z erlarining o‘zlashtirilishi hamda sug‘orilishi tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa hamda takliflar asosida:
sovet hokimiyatining paxta yakkahokimligi siyosati negizida O‘zbekiston, qolaversa, Markaziy Farg‘onadagi o‘zlashtirish va sug‘orish ishlarining yanada kuchayib borganligi to‘g‘risidagi tadqiqot nazariy xulosalari hamda birlamchi manbalaridagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining joriy arxiviga tegishli bo‘lgan «Suv xo‘jaligi tizimidagi suv omborlari to‘g‘risidagi ma’lumot»ni Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hududlarida joylashgan yirik suv omborlari bo‘yicha materiallar bilan boyitishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 29 martdagi 03/18-1336-son ma’lumotnomasi). Natijada yirik gidroinshootlarning vodiyda barpo etilishi o‘z navbatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga yo‘naltirilganligi, tindirilgan suv manbalari orqali ekin maydonlarini sug‘orilishi natijasida erlarning sho‘rlanishi jarayonlarining kelib chiqqanligiga oid ilmiy xulosalarni oydinlashtirgan;
sovet agrar amaliyoti ta’sirida Farg‘ona vodiysi qishloq xo‘jaligida suv etishmovchiligining kelib chiqqanligi bilan bog‘liq dissertatsiya ilmiy natijalaridan Qo‘qon tarixi va madaniyati davlat muzeyining «Sovet davrida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi» bo‘limini qayta shakllantirishda hamda uni birlamchi manbalardagi hujjatlar, materiallar bilan ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 11 dekabrdagi 01-12-04-6193-son ma’lumotnomasi). Natijada 1950-1970-yillarida respublikaning barcha hududlarida, xususan, Farg‘ona vodiysining yuragi bo‘lmish Markaziy Farg‘onada paxta yakkahokimligi siyosatining yanada kuchayib borgani, ushbu amaliyot ta’sirida suv tanqisligi muammosining kelib chiqqanligi, aksar ekin maydonlarining paxta bilan band qilinishi aholini boshqa qishloq xo‘jaligi va don mahsulotlari borasida qator qiyinchiliklarga duchor bo‘lganligi bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy bilimlarni kuchaytirishga xizmat qilgan.