Abduxakimova Xusnidaxon Abdullaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shohimardonsoy konus yoyilmasi sug‘oriladigan tuproqlarining geokimyosi», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/B349.
Ilmiy rahbar: Isag‘aliev Murodjon To‘ychiboevich, biologiya fanlari doktori, dotsent. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, RhD.03/30.12.2019.V.05.03.
Rasmiy opponentlar: Abduraxmonov Nodirjon Yulchievich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Parpiev G‘ofurjon Toxirovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Shohimardonsoy konus yoyilmasi tuproqlarining geokimyoviy xossa-xususiyatlari, ekologik-genetik holatiga kimyoviy elementlar migratsiyasi, akkumulyasiyasi va differensiatsiyasining ta’sirini «ona jins – tuproq genetik qatlam – o‘simlik» tizimida aniqlash hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishga qaratilgan ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Shohimardonsoy konus yoyilmasi tuproq hosil bo‘lishi jarayonlari tabiiy va antropogen omillar ta’sirida hozirgi tuproq-geokimyoviy xususiyatlarini shakllanishi mexanizmi asoslangan;
konus yoyilmaning turlicha madaniylashgan sug‘oriladigan tipik bo‘z, och tusli bo‘z, bo‘z-o‘tloqi hamda bo‘z erlari tuproqlarining morfogenetik belgilari, mexanik, fizik-kimyoviy, biogeokimyoviy va kimyoviy xossalari hamda geokimyoviy bar`erlar, provinsiyalari aniqlangan;
Shohimardonsoy konus yoyilmasi tuproqlari, ona jinsi va o‘simliklarida Rb, Cs, Cr, U, Sc, La, Hf, Sb, Ce, Sm, Tb, Yb, Lu, Th larning geokimyoviy xususiyatlari va fon miqdorlari aniqlangan;
kartografik olingan ma’lumotlar bilan hudud tuproqlari qiyosiy-geografik taqqoslangan va tuproqlarda sodir bo‘layotgan regressiv evolyusion jarayon isbotlangan;
hudud tuproqlarini og‘ir metallar bilan sezilarli darajada ifloslanishi kuzatilganligi, bu esa Shohimardonsoy konus yoyilmasi sug‘orish suvlarining suv-migratsion-akkumulyativ hamda qishloq xo‘jaligi yuritishda antropogen omil ta’siridagi texnogen-translokatsion migratsiya va akkumulyasiyasi bilan bog‘liqligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shohimardonsoy konus yoyilmasi sug‘oriladigan tuproqlarining geokimyosi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
sug‘oriladigan erlarining 1:5000 miqyosli raqamli agroximkartogrammalari Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani «Raxmonali Kenjaev» va «Inoyatxon Shahnoza» fermer xo‘jaliklaridagi jami 135 gektar maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 31 avgustdagi 02/022-3609-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu fermer xo‘jaliklari erlarining meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirishda, organik hamda fosfor va kaliyli mineral o‘g‘itlardan differensiallashgan holda foydalanish bo‘yicha tadbirlarni begilash imkonini bergan;
sug‘oriladigan erlarning 1:5000 miqyosli harakatchan mikroelementlar miqdori kartogrammasi «Vodil Qizilqo‘rg‘on» massivi «Inoyatxon Shahnoza» fermer xo‘jaligidagi 62 ga hamda «Damko‘l Oqtom Guliston» massivi «Raxmonali Kenjaev» fermer xo‘jaligidagi 73 ga maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 31 avgustdagi 02/022-3609-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, fermer xo‘jaliklari sug‘oriladigan tuproqlarida mikroo‘g‘itlardan (Mn, Mo, Zn) foydalanish, unumdorligi past bo‘lgan erlarga, davlat ehtiyojlari uchun paxta va don xom-ashyosi etishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga o‘g‘itlarni taqsimlash va ulardan tabaqalashgan holda qo‘llashda asos bo‘lib xizmat qilgan;
Shohimardonsoy konus yoyilmasi sug‘oriladigan tipik bo‘z, och tusli bo‘z, bo‘z-o‘tloqi tuproqlari, bo‘z erlari va ularni hosil qiluvchi onalik jinslarida, o‘simliklarida Fe, Ca, K, Na, B, Mn, Ba, Sr, Cr, Zn, Ni, Co, Hf, As, Mo, Sb, Au, Rb, Sc, Ta, Cs, Br, Ce, La, Nd, Sm, Lu, Eu, Tb, Yb, Th, U elementlarning miqdorlari, migratsiyasi va akkumulyasiyasi hamda ekologik xususiyatlari «Damko‘l Oqtom Guliston» va «Vodil Qizilqo‘rg‘on» massivlarida jami 135 gektar maydonda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 31 avgustdagi 02/022-3609-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, o‘rganilgan tuproqlarni geokimyoviy va biogeokimyoviy tavsiflash, tuproq-geokimyoviy, tuproq-ekologik monitoringi ishlarini olib borish, serdaromad qishloq xo‘jalik ekinlarini to‘g‘ri joylashtirish va ekologik toza mahsulot olish uchun asos sifatida xizmat qilgan. 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish