Sattarov Mas’udjon Axtamovichning  
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonning sug‘oriladigan sharoitida soya uchun boshlang‘ich manba va yangi navlar yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/Qx19.
Ilmiy maslahatchi: Atabaeva Xalima Nazarovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02 (bir martalik ilmiy kengash).
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: soyaning «Nafis» navi (NAR 00169), «Madad» navi (NAR 00264), «Sevinch» navi (NAR 00263).
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2020 yil 3 fevraldagi 01-11/270, 01-11/272, 01-11/273-son xulosalari.
II. Tadqiqotning maqsadi: respublikamizning sug‘oriladigan mintaqalar sharoitlariga mos, don tarkibida oqsil va moy miqdori yuqori bo‘lgan, kasallik va zararkunandalarga bardoshli soyaning serhosil yangi navlarini yaratish hamda respublika qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga joriy etishdan iboratdir.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk bor soyaning jahon genofondidan olingan va introduksiya qilingan nav va namunalarining har xil ekologik-geografik guruhlari asosiy belgi va xususiyatlari bo‘yicha baholangan;
soyaning nav va namunalari ishtirokida yaratilgan duragaylarda qimmatli xo‘jalik belgi va hususiyatlarning irsiylanish qonuniyatlari aniqlangan;
issiqlikka va kasalliklarga chidamli, mexanizmlar bilan o‘rishga moslashgan hamda yuqori hosilli seleksion ashyolar yaratilgan;
soyaning jahon genofondi asosida o‘rtapishar, serhosil, donining tarkibida oqsil va moy miqdori yuqori bo‘lgan, kasallik va zararkunandalarga chidamli “Nafis”, “Sevinch” va “Madad” navlari yaratilgan;
yaratilgan “Nafis”, “Sevinch” va “Madad” soya navlarining birlamchi urug‘chiligi tashkil etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonning sug‘oriladigan sharoitida soya uchun boshlang‘ich manba va yangi navlar yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan soyaning qimmatli xo‘jalik belgilarga ega “Nafis” naviga NAP 00169 (03.11.2017 y.), “Sevinch” naviga NAP 00263 (03.02.2020 y.) va “Madad” naviga NAP 00264 (03.02.2020 y.) raqamli patenti olingan hamda “Nafis” navi 2012 yildan, “Sevinch” va “Madad” navlari 2019 yildan konkurs sinov natijalari va Ekspert komissiyasi xulosasiga asosan, Respublika bo‘yicha ekish uchun qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 19 maydagi 02/021-1434-son ma’lumotnomasi). Natijada soyaning chet eldan keltiriladigan urug‘lari o‘rniga mahalliy navlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan;
Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida yaratilgan soyaning “Nafis”, “Sevinch” va “Madad” navlari 2015-2019 yillarda Toshkent viloyatida 246 gektar, Samarqand viloyatida 350 gektar, Surxondaryo viloyatida 350 gektar jami 946 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 19 maydagi 02/021-1434-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi yaratilgan “Nafis”, “Sevinch” va “Madad” navlari ekib kelinayotgan navlarga nisbatan asosiy xo‘jalik-qimmatli belgilari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlari bilan ustunligi qayd etilgan. Ushbu navlarni ishlab chiqarishga joriy qilinishi natijasida sug‘oriladigan erlarda andoza navlarga nisbatan 6,2-6,7 s/ga qo‘shimcha hosil olinib, rentabellik darajasi 29,3-38,2 foizni tashkil etgan va sarf xarajatlar sezilarli miqdorda kamayib pirovard natijada iqtisodiy samaradorlikka erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish