Xurvalieva Tarmiza Latipovnaning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Maktabgacha yoshdagi bolalarni atrof olam bilan tanishtirish metodikasini takomillashtirish”, 13.00.08-Maktabgacha ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSs/Ped151.
Ish bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Ibragimov Xolboy Ibragimovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti, PhD.12/30.12.2019.Ped.80.01.
Rasmiy opponentlar: Qodirova Fotima Rashidovna, pedagogika fanlari doktori, professor; Taylanova Shoxida Zaynievna, pedagogika fanlari doktori, dotsent; Abdurahimova Dilfuzaxon Alievna, pedagogika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi maktabgacha yoshdagi bolalarni atrof olam bilan tanishtirishning metodik tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
maktabgacha ta’lim tashkilotlarida atrof olam bilan tanishtirish jarayonining metodik tizimi maktabgacha yoshdagi bolalarning (qiziqishi, qobiliyati, iqtidori) individual xususiyatlariga hamda aqliy va nutqiy darajalariga moslashuvchan Science-taym ta’lim shakllari va xalq og‘zaki ijodi, urf-odatlar, milliy qadriyatlar kabi tarbiya vositalariga ustuvorlik berish asosida takomillashtirilgan;
maktabgacha yoshdagi bolalarni atrof olam bilan tanishtirishning pedagogik shart-sharoitlari kollaborativ hamkorlik, korporativlik, kommunikativlik, o‘zaro bog‘liqlik tamoyillarini moderator, fasilitator, kouch kabi pedagoglarning innovatsion faoliyat mazmuniga optimallashtirish orqali aniqlashtirilgan;
maktabgacha ta’lim tashkilotlarida atrof olam bilan tanishtirish jarayonini samarali tashkil etish mexanizmlari bolalarda tadqiqotchilik, tolerantlik, kommunikativlik, refleksivlik kompetensiyalarini tizimli shakllantirishga yo‘naltirilgan rivojlantiruvchi ta’lim texnologiyalari (STEAM, NBIC, Sand-Art, Quest-game)ni o‘quv-tarbiyaviy faoliyatga prognostik-diagnostik yondashuvlar orqali moslashtirish asosida takomillashtirilgan;
maktabgacha yoshdagi bolalarni atrof olam bilan tanishtirish modeli interfaol o‘quv muhiti munosabatlari (sub’ekt-sub’ekt, qayta aloqa, o‘z-o‘zini baholash) vositasida bolalarda ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan pedagogik faoliyat strategiyasi asosida takomillashtirilgan;
ta’lim klasteri sharoitida maktabgacha yoshdagi bolalarga atrof olamni samarali o‘rgatishning didaktik ta’minoti shaxsga yo‘naltirilgan-o‘qish motivatsiyasini faollashtirishga imkon beruvchi ta’lim texnologiyalarini tarbiyachilarning improvizatsion harakat traektoriyasiga adaptivlashtirish asosida takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Maktabgacha yoshdagi bolalarni atrof olam bilan tanishtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar quyidagi ishlar orqali amaliyotga tatbiq qilingan:
maktabgacha yoshdagi bolalarni atrof olam bilan tanishtirish jarayonini prognostik, diagnostik metodlarga asoslangan kollaborativ hamkorlik, korporativlik, kommunikativlik, o‘zaro bog‘liqlik tamoyillari asosida tashkil etishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirining 2018 yil 18 iyundagi 1-mh buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari mazmuniga singdirilgan (Maktabgacha ta’lim vazirligining 2021 yil 31 maydagi 02-02/2-1736-son ma’lumotnomasi). Natijada maktabgacha yoshdagi bolalarni atrof olam bilan tanishtirish bo‘yicha o‘quv tarbiyaviy faoliyatni aniq indikatorli mezonlar asosida tashkil va tahlil qilish imkoniyatlari kengaytirilgan;
maktabgacha ta’lim tashkilotlarida atrof olam bilan tanishtirish jarayonini samarali tashkil etish mexanizmlarini hamda bolalarda tadqiqotchilik, tolerantlik, kommunikativlik, refleksivlik kompetensiyalarini tizimli shakllantirishga yo‘naltirilgan rivojlantiruvchi ta’lim texnologiyalarini o‘quv-tarbiyaviy faoliyatga moslashtirishga oid takliflari metodik amaliyotga joriy etilgan. (Maktabgacha ta’lim vazirligining 2021 yil 31 maydagi 02-02/2-1736-son ma’lumotnomasi). Natijada bolalarda soha kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha markazlarda tarbiyachi va bolalar o‘rtasidagi hamkorlikni maqsadli tashkil etish hamda didaktik jihatdan ta’minlashga erishilgan;
atrof olam bilan tanishtirish jarayoni samaradorligini oshirishga oid pedagogik omillarini koorporativ hamkorlik vositasida rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar “SEVIMLI” telekanalining “Sevimli kun” dasturi orqali keng jamoatchilikka metodik, pedagogik-psixologik maslahatlar majmui shaklida etkazilgan (O’zbekiston hususuy telekanali MMP &B Master Media ishlab chiqarish va efirga uzatish markazi ”Sevimli” telekanalining 2020 yil 13 maydagi 04-2710-sonli ma’lumotnomasi). Natijada maktabgacha ta’lim tashkiloti, oila, mahalla va oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro manfaatli hamkorligini klaster sharoitida takomillashuviga erishilgan;
maktabgacha yoshdagi bolalarni atrof olam bilan tanishtirish modeli innovatsion yondashuvlarning didaktik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilgan (Maktabgacha ta’lim vazirligining 2021 yil 31 maydagi 02-02/2-1736-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, interfaol o‘quv muhiti munosabatlari vositasida faol nutqiy aloqani amalga oshirishga yo‘naltirilgan pedagogik faoliyat strategiyasi asosida atrof olam haqida tizimli tasavvurga ega maktab ta’limiga kompleks tayyor bola shaxsi tarbiyalanishiga erishilgan;
maktabgacha yoshdagi bolalarni atrof olam bilan tanishtirish komponentlarini takomillashtirishga yo‘naltirilgan rivojlantiruvchi texnologiyalar, pedagogik improvizatsiya imkoniyatlari, variativ yondashuvlarga oid takliflar A-1-230 raqamli “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida ishlab chiqilgan o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 25 fevraldagi 89-03-820-son ma’lumotnomasi). Natijada maktabgacha yoshdagi bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirishga oid tizimli o‘quv topshiriqlaridan oila, ta’lim muassasalarida foydalanish imkoniyati yaratilgan va metodik jihatdan ta’minlangan.