Xidirov Otabek Jo‘raboevichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Milliy korpus uchun parsing dasturi yaratishning lingvistik asoslari”. 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil24.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti. 
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Jizzax davlat pedagogika instituti, PhD.03/04.06.2020.Fil.113.02.
Rasmiy opponentlar: O‘rinboeva Dilbar Bozorovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Abjalova Manzura Abdurashetovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (RhD), dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilida sintaktik birliklarni teglash dasturini yaratishning lingvistik asoslari bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish hamda o‘zbek tilida so‘z birikmasi va gaplarni avtomatik annotatsiyalashning lingvistik ta’minotini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
jahon korpus lingvistikasidagi Penn Treebank, SynTagger, Link Grammar Parser, XANKO kabi sintaktik tahlil dasturlarining tobe-hokimlik munosabati, tizimli sxema grammatikasi, an’anaviy sintaktik ta’limotlardan foydalanishdagi o‘xshash, shuningdek, lingvistik jihatdan izohlash yoki izohlay olmasligi kabi farqli jihatlari aniqlangan;  
tilshunoslar A.G‘ulomov, M.Asqarova, G‘.Abduraxmonovlarning so‘z birikmasi bo‘yicha, N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Berdialievlarning semantik sintaksis va valentlik haqidagi, H.Ne’matov, M.Qodirovlarning yig‘iq gap va ixcham gap to‘g‘risidagi qarashlari o‘zbek tili korpuslari uchun parser dasturlari ishlab chiqishda nazariy asos vazifasini o‘taganligi dalillangan;  
o‘zbek tilida so‘zning moslashuv, bitishuv, boshqaruv kabi birikish usullari, gapning mazmuniga, tuzilishiga ko‘ra turlari bo‘yicha sintaktik teg kategoriyalari, so‘z birikmasi, sodda va qo‘shma gaplarning yakka va juft teglari, o‘zbek tili sintaktik birliklarini analiz va sintez qiluvchi lingvistik modellar ishlab chiqilgan;  
o‘zbek tilida bog‘langan, bog‘lovchisiz, ergashgan, murakkab qo‘shma gaplar hamda ko‘chirma gapli qo‘shma gap konstruksiyasining lingvistik sintaktik teglar tizimi va so‘zning birikish usuli, sodda, qo‘shma, murakkab gap turlarining daraja-uyadoshlik va tur-jins asosidagi qidiruv parametrlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Milliy korpus uchun parsing dasturi yaratishning lingvistik asoslari tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jahon kompyuter lingvistikasida mavjud parsing dasturlarining dasturiy va lingvistik ta’minotidagi tabiiy tilga ishlov berish, parser va Treebank (sintaktik tahlil dasturlari)ning til birliklarini sintaktik tahlil qilishdagi analiz va sintez, o‘zbek tili sintaktik birliklariga avtomatik ishlov berish imkoniyatlarida aniqlangan, shuningdek, til birliklarini sintaktik razmetkalash, uning turli korpuslardagi shakllari, usuli, darajalari bo‘yicha so‘z birikmasi, sodda va qo‘shma gaplarni aniqlash, sintaktik razmetkalangan korpuslarning dasturiy ta’minoti uchun lingvistik modellar ishlab chiqilgan xulosalaridan PZ-20170927147 raqamli “Qadimiy turkiy yozuvlar va XIII asrgacha bo‘lgan folklor tadqiqi” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2021 yil 08 apreldagi 04/1-1238-son ma’lumotnomasi). Natijada fundamental tadqiqot loyihasining qadimiy turkiy yozuvlarni avtomatik qayta ishlash usullariga bag‘ishlangan bobining boyitilishiga xizmat qilgan;
o‘zbek tilida so‘zning moslashuv, bitishuv, boshqaruv kabi birikish usullari, gapning mazmuniga, tuzilishiga ko‘ra turlari bo‘yicha sintaktik teg kategoriyalari, so‘z birikmasi, sodda va qo‘shma gaplarning yakka va juft teglari, o‘zbek tili sintaktik birliklarini analiz va sintez qiluvchi lingvistik modellar haqidagi nazariy fikrlardan 63-11/41 raqamli “Forish qadriyatlari, an’analari, urf-odatlari, udumlarini saqlash va ular bilan keng jamoatchilikni tanishtirish” mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Tojik milliy-madaniy markazi Jizzax viloyati bo‘limining 2021 yil 05 maydagi 39-son ma’lumotnomasi). Natijada amaliy tadqiqot loyihasining Forish qadriyatlari, an’analari, urf-odatlari, udumlarini avtomatik qayta ishlash va teglash usullariga bag‘ishlangan bobining boytilishiga xizmat qilgan;
o‘zbek tilida bog‘langan, bog‘lovchisiz, ergashgan, murakkab qo‘shma gaplar hamda ko‘chirma gapli qo‘shma gap konstruksiyasining lingvistik sintaktik teglar tizimi va so‘zning birikish usuli, sodda, qo‘shma, murakkab gap turlarining daraja-uyadoshlik va tur-jins asosidagi qidiruv parametrlariga doir xulosalaridan FA-A1-G007 “Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot ob’ekti sifatida” mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2021 yil 17 yanvardagi 17.01/112-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotning sodda va qo‘shma gaplarda so‘z yasalish tipi bo‘yicha farqlanuvchi birliklarning qo‘llanilishi tadqiqi bo‘limining boyitilishiga imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish