Bekova Nazora Jo‘raevnaning 
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Alisher Navoiy forsiy merosining janriy xususiyatlari va badiiyati”, 10.00.02-O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.DSc/Fil58. 
Ilmiy rahbar: Eshonqulov Husniddin Primovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Vosieva Ruxshona Qurbonovna, filologiya fanlari doktori; To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor;  Yusupova Dilnavoz, filologiya fanlari doktori, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Navoiy forsiy merosining Sharq adabiyotida tutgan o‘rnini va «Devoni Foniy»ning o‘ziga xos badiiy qurilishi, janrlar tarkibi va badiiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
“Devoni Foniy”ning mundarijasi, badiiy qurilishi (kompozisiyasi), janriy tarkibi, she’rlar xronologiyasi asosida devonda debochaning mavjud emasligi, an’anadagi arabcha 28 harfga qo‘shimcha ravishda fors va o‘zbek tillariga xos bo‘lgan “chim”, “je”, “gof” va “lom-alif” harflari bilan tugaydigan g‘azallar ko‘zga tashlanmasligi, devondagi g‘azallar “Na’t”, “Tatabbu’”, “Tavr”, “Javobiya”, “Muxtara’” kabi turlarga ajratilganligi hamda har bir g‘azalga alohida sarlavha qo‘yilganligi, “Xazoyin ul-maoniy” tarkibidagi devonlardan o‘nga yaqin xususiyatlari bilan farq qilishi faktik ma’lumotlar asosida isbotlangan;
Foniy qasida, g‘azal (tatabbu’ qasida, tatabbu’ g‘azallar yozish orqali), ruboiy (forsiy tilda birinchi bo‘lib tarseli ruboiylar ijod qilish orqali), qit’a (tamsil usulida qit’a yozish orqali) kabi lirik janrlar imkoniyatlarini benihoya boyitganligi, tatabbunavislik jarayonida muxtara’ va ixtiro yaratish ana’anasini boshlab berganligi, boshqalarning g‘azallariga tatabbu’ yozish bilan birga, o‘z g‘azallariga ham tatabbu’ bitish an’analarini yuzaga keltirganligi dalillangan;
shoir g‘azallarining g‘oyasi, mavzusi, obrazlari, shakliy belgilari (vazn, qofiya radif) jihatidan o‘xshatma tarzida Hofiz Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy kabi salaflarning g‘azallariga tatabbu’ qilinganligi, ular orasida she’riy san’atlar asosiga tuzilgan masnu’ tatabbular, vazni va radifi yangilangan, shakli o‘zgacha matbu’ tatabbular mavjudligi aniqlangan;
Foniyning muxtara’ g‘azallarida o‘sha davr fors-tojik yozma adabiyotida qo‘llanilmaydigan «baloxo‘ron», «kafandoz» singari so‘zlar qo‘llanilganligi va ular orqali she’riyatning mazmuni, leksikasini boyitganligi, shoir turkiy asarlarida qo‘llagan muvaffaqiyatli tajribalarini forsiy g‘azallarida ham tatbiq etib, bunda ham yuksak natijalarga erishganligi asoslangan;
Navoiy salaflari qo‘llagan timsollar, adabiy an’analardan ustalik bilan foydalangani, goho tatabbu qilinayotgan asar so‘zlari chegarasidan chiqmay yangi mazmun ifoda etgani, goho yangi qofiya, yangi so‘zlarni ishga solgani, shoir yaratgan tatabbular taqlid va takrordan holi, yangi fikr, tasvirlarga boyligi dalillangan;
Navoiyning hayrat, hissiy tasavvur va ruh kuchi bilan yaratilgan  forsiy qasidalar turkumida Inson va Koinot, Inson va mavjudot, Inson va Ilohning o‘zaro bog‘liqligi va aloqadorligi, mavjudotning xulosasi va qaymog‘i Komil Inson bashariyatni boshqaradigan buyuk ruh ekanligi kabi islomiy-irfoniy, falsafiy g‘oyalardan yuksak san’atkorlik bilan foydalanganligi  qiyosiy-tipologik aspektda aniqlangan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.  Alisher Navoiy forsiy merosining janriy xususiyatlari va badiiyati masalasini tadqiq etish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
«Xazoyin ul-maoniy» va «Devoni Foniy» asarlarining mundarijasini,  badiiy qurilishini qiyosiy tahlil qilishga doir xulosalardan F1-FA-0-43429, FA-F1, GOO2 “Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihada (2012-2016) foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining  2021 yil 7 sentyabrdagi 17.01/208-son dalolatnomasi). Natijada Foniy devonidagi lirik asarlarning janr xususiyatlari, mazmuni, mohiyati, ularda tilga olingan axloqiy, ijtimoiy, falsafiy, tasavvufiy muammolarni yoritib berishga erishilgan;
Foniy devonidagi g‘azal, qit’a, ruboiy, masnaviy, tarix, lug‘z, qasida, musaddas singari janrlarning tabiati, uni namoyon etuvchi kompozisiya va turli tahlillardan foydalanishga doir xulosalardan FA-F1-OO5 “Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligi tarixini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihada (2017-2020) foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining  2021 yil 7 sentyabrdagi 17.01/208-son dalolatnomasi). Natijada Navoiy forsiy she’riyatining badiiy xususiyatlari, g‘oyaviy timsollari, tasavvufiy obrazlar silsilasini yoritish berishga xizmat qilgan;
Foniyning muxtara’ g‘azallarida fors-tojik yozma adabiyotida qo‘llanilmaydigan «baloxo‘ron», «kafandoz» singari so‘zlar qo‘llanilishi orqali forsiy me’rosning badiyati, mazmuni yoritishga FA-F1-G003 «Hozirgi koraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi» mavzusidagi fundamental loyihada (2012-2016) foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining  2021 yil 7 sentyabrdagi 17.01/209-son dalolatnomasi). Natijada shoirning yozma adabiyotida qo‘llanilmaydigan so‘zlarni  qo‘llaganligi va ular orqali she’riyatning mazmuni, leksikasini boyitganligini  asoslashga erishilgan; 
Navoiy qo‘llagan timsollar, adabiy an’analar, tatabbular taqlidu takrordan xoli ekanligi yangi qofiya, yangi so‘zlarni ishga solish, yangi fikr va tasvirlarga boyligi hamda tadrij san’atidan foydalanish mahoratiga oid ilmiy qarashlardan  FA-A1-G007 «Qoraqalpoq naql-maqollari lingvistik tadqiqot ob’ekti sifatida» mavzularidagi   amaliy loyihada  (2012-2016)  foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining  2021 yil 7 sentyabrdagi 17.01/209-son dalolatnomasi). Natijada Navoiy ikki tildagi devonlarining  mundarijasi,  badiiy qurilishi hamda  shoirning xalq og‘zaki ijodi va xalq jonli tilidan foydalanish mahoratini qiyosiy aniqlashga imkon bergan;
Navoiyning  forsiy g‘azallarida vasf etilgan dolzarb ijtimoiy, ma’naviy g‘oyalar yoritilgan ilmiy xulosalardan «Buxoro» telekanalining «Dolzarb mavzu», «Interv`yu plyus», «Assalom, Buxoro», «Sakkizinchi mo‘’jiza» ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (Buxoro viloyati teleradiokompaniyasining 2021 yil 5 yanvardagi 1/1-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshobinlarning Alisher Navoiyning forsiy merosi, unda ilgari surilgan umuminsoniy qarashlar bo‘yicha xulosalarini boyitishda muhim ahamiyat kasb etgan;
Mir Arab oliy madrasasida «Tasavvuf», «Tasavvuf atamalari» singari darslarni o‘tishda,  Navoiy tavalludining 578, 579 va Bobur tavalludining 536, 537 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda dissertatsiyaning natijalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Mir Arab oliy madrasasining 2021 yil  13 yanvardagi 2-son ma’lumotnomasi). Natijada Navoiyning hayrat, hissiy tasavvur va ruh kuchi bilan yaratilgan  forsiy qasidalar turkumida Inson va Koinot, Inson va mavjudot, Inson va Ilohning o‘zaro bog‘liqligi va aloqadorligi, Inson ruhining ulug‘ olamlar bo‘ylab sayr etib, Iloh tomon ko‘tarilishi (uruj), insoniylik darajalari, ruh taraqqiyoti darajalari - pok ruh (ruh ul-quds) bilan belgilanishi, mavjudotning xulosasi va qaymog‘i Komil Inson insoniyatni boshqaradigan Buyuk ruh ekanligi kabi islomiy-irfoniy, falsafiy g‘oyalardan yuksak san’atkorlik bilan foydalanganligini yangicha tahlillar asosida ochib berilgani talabalarning tasavvuf adabiyoti bilan bog‘liq bilimlarini rivojlantirishga ko‘mak bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish