Qosimov Abdulaziz G‘aybullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbek adabiyotshunosligida resepsiya muammosi (nemis adabiyotidan tarjimalar misolida)”, 10.00.07 – Adabiyot nazariyasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil1313.
Ilmiy rahbar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: Quronov Dilmurod Haydaralievich, filologiya fanlari doktori, professor; Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek adabiyotshunosligida resepsiyaning ilmiy-nazariy usullari, metodologik prinsiplari va yo‘nalishlarini nemis adabiyotidan qilingan tarjimalar misolida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
resepsiya hodisasi hamda unga tegishli unsurlarning badiiy psixologizmni yuzaga chiqaruvchi ta’sir vositalari, poetik usullar, ijodiy individuallik, badiiy shakl hamda uslubning o‘ziga xosligi kabi masalalarda o‘zbek hamda jahon adabiyotshunosligidagi ijodkor-badiiy matn-o‘quvchi tizimiga doir nazariy tushuncha va reseptiv estetika tamoyillariga tayanish zarurati isbotlangan;
obraz, xarakter, portretlar tasvirida adabiy resepsiya talqini, badiiy obraz yaratish va portretlarga xos xarakteristikalarda xatti-harakat, syujet dinamikasi va badiiy matnlar nemis tilidan o‘zbek tiliga hamda o‘zbek tilidan nemis tiliga tarjima qilingan ayrim asarlar misolida ochib berilgan;
adabiy-nazariy hodisa tasnifiga ko‘ra tarixiy va empirik resepsiya, kutilgan gorizont, estetik masofa, hermenevtik yondashuv, badiiy kommunikatsiya, eksplisit-xos va implisit-yashirin o‘quvchi kabi ilmiy-nazariy tushunchalarning o‘zbek adabiy jarayonini baholashga tatbiq qilish zarurati aniqlangan;
jahon adabiyotshunosligidagi keng qo‘llanilayotgan reseptiv estetika tushunchasi vositasida amalga oshirilgan tahlillarda badiiy asarni o‘zlashtirish hodisasining xalqchil til, poetik tamoyillar, inson ma’naviy-psixologik hayoti va uning badiiy talqini bilan o‘zaro uyg‘unlashib ketgani dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “O‘zbek adabiyotshunosligida resepsiya muammosi (nemis adabiyotidan tarjimalar misolida)” mavzusi bo‘yicha erishilgan ilmiy natijalari asosida:
matnlarga yondashuv va tahlil usullari, tahlil vositalarini qo‘llash (ayniqsa, chet tilidagi matnlar bilan ishlashda), ilmiy adabiyotlar mutolaasida madaniyatlararo farq nuqtai nazaridan munosabat bildirish mezonlari Toshkent davlat agrar universitetida bajarilgan “Markaziy Osiyoda kasbiy ta’limni rivojlantirish” (2018-2019) granti doirasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 10 fevraldagi 89-03-820-son ma’lumotnomasi). Natijada, tarjima jarayonida ishtirok etgan har bir insonning o‘rni va roli borasida bir qator kuzatuv mexanizmlari ishlab chiqilgan hamda matnlarni tushunishda qachon va kimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish kerakligi jihatlari umumlashtirilgan holda tizim shakllantirilgan, qolaversa, ta’lim dasturlarida nazarda tutilgan matnga yondashuv usullari, tahlil vositalarining berilishi (ayniqsa, chet tilini o‘rganayotganlar uchun); sohaga oid matnlarni tuzishda e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan o‘ziga xos jihatlarning tahlil qilinishi, ilmiy adabiyotlar mutolaasida madaniyatlararo farq nuqtai nazaridan munosabat bildirilishi; ong shakllanishida reseptor tolalarning mutolaa jarayonidagi o‘rniga alohida yondashilgan;
resepsiya hodisasi hamda unga tegishli unsurlarning badiiy psixologizmni yuzaga chiqaruvchi ta’sir vositalari, poetik usullar, ijodiy individuallik, badiiy shakl hamda uslubning o‘ziga xosligi kabi masalalarda o‘zbek hamda jahon adabiyotshunosligidagi ijodkor-badiiy matn-o‘quvchi tizimiga doir nazariy tushuncha va reseptiv estetika tamoyillariga tayanish zarurati yuzasidan ishlab chiqilgan xulosalardan 5120100 – Filologiya va tillarni o‘qitish (nemis tili), 5120200 – Tarjima nazariyasi va amaliyoti (nemis tili) bakalavriat hamda 5A120102 – Lingvistika (ingliz va nemis tili) magistratura ta’lim yo‘nalishlari mutaxassislarining malaka talablariga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 10 fevraldagi 89-03-820-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Tili o‘rganilayotgan mamlakatlar adabiyoti tarixi”, “Badiiy adabiyotlar tarjimasi nazariyasi va amaliyoti” kabi nazariy, “O‘qish va yozish amaliyoti”, “Til aspektlari amaliyoti”, “Til ko‘nikmalari integratsiyasi” kabi amaliy, shuningdek, “Tarjima nazariyasi va amaliyoti”, “Madaniyatlararo muloqot va tarjimashunoslik” kabi fanlar tarkibiy qismiga kiritilgan va talabalarning “Tili o‘rganilayotgan mamlakatlar adabiyoti tarixi”, “Badiiy adabiyotlar tarjimasi nazariyasi va amaliyoti” kabi fanlarni o‘zlashtirishlarida o‘z aksini topgan. Singdirish, tarkibiy qism sifatida kiritish jarayonida bevosita adabiyot nazariyasi, hozirgi adabiy jarayon, zamonaviy o‘zbek adabiyoti tarixi yo‘nalishlarining tajribalaridan foydalanilgan;
resepsiya va reseptiv estetika tushunchalarining ijtimoiy sohalardagi qo‘llanilishi, ahamiyati hamda vazifalariga tegishli tadqiqot ishining natijalari va tavsiyalari Germaniya Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Jamg‘arma kassalari fondining 2012-2018 yillarda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi xalqaro loyihalarida foydalanilgan (Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Jamg‘arma kassalari fondining O‘zbekistondagi uzoq muddatli eksperti va vakili, Germaniyadagi Baden-Vyurttemberg federal eri Jamg‘arma kassalari akademiyasi dotsenti Matias Vanglerning 2020 yil 24 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot ishidagi to‘rt qismli zanjir loyihalar faoliyati uchun qimmatli bo‘lib, ta’lim tadbirlari va seminarlarida barcha ishtirokchilar uchun vazifalar taqsimotida asos sifatida xizmat qilgan hamda loyihalarning o‘quv qo‘llanmalarida ham o‘z aksini topgan;
adabiyotda resepsiya, uning muammolari va o‘zbek adabiyotshunosligida amaliy ahamiyati bilan bog‘liq tadqiqot natijalaridan adabiy didaktika va adabiyotshunoslikda amaliy jihatdan Shtayn shahri (Germaniya)dagi Adabiyot va oliy ta’lim dasturlarini ishlab chiqadigan Faber Kastell Akademiyasida foydalanilgan (Rektor der Akademie Prof. Dr. Uli Rothfuss Stein/Germany 2021 yil 18 yanvardagi ma’lumotnomasi). Natijada, turli xil til sohalaridagi adabiyotlar o‘rtasidagi munosabatlarni hamda resepsiyaning madaniy almashinuvga qanday ta’sir qilishini, masalan, tarjimada, ayniqsa to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjimada, boshqa tilning yordamisiz qanday ta’sir ko‘rsatishini qiziqarli tarzda o‘rganishga asos bo‘lib xizmat qilgan;
resepsiya jarayoniga psixologiya nuqtai nazardan ham yondashib olib borilgan tadqiqot ishining tavsiyalaridan Drezden shahri (Germaniya)da faoliyat yuritayotgan psixolog va psixoterapevt faoliyatida ham foydalanilgan (Dr. Erik Hausstädtler Dresden/ Germany 2021 yil 12 yanvardagi ma’lumotnomasi). Natijada, yuqoridagi tadqiqot usullari va muvaffaqiyatli resepsiya ushbu yo‘nalish orqali dolzarb muammolarni chuqur anglash hamda mijozlar va bemorlar uchun echimlarni ko‘rsatish uchun mashq sifatida juda mos kelgan hamda nemis adabiyotiga qiziquvchilar uchun nemis adabiyoti to‘g‘risida etarli tushunchalarni anglab etishda ajoyib va nihoyatda muhim yordam bergan;
adabiyotshunoslikda resepsiya muammosi bilan bog‘liq tamoyillar va yo‘nalishlar, yondashuv masalalari bo‘yicha tayyorlangan dissertatsiya ilmiy natijalari, ilmiy yutuklari, dalillangan yakuniy xulosa materiallari va ilmiy yangiligidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma'rifat“ telekanalining “Adabiy jarayon” ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma'rifat“ telekanalining 2021 yil 27 yanvardagi 01-16/21-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘rsatuv keng ommaga namoyish etilgan va dissertatsiya mazmuni keng miqyosda joriylangan.