Muratova Shohista Nimatullaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sanoat tarmoqlari mahsulotlarining iqtisodiy-ekologik xavfsizligini ta’minlash uslubiyatini takomillashtirish («O‘zbekko‘mir» AJ misolida)», 08.00.03 – Sanoat iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.DSc/Iqt249.
Ilmiy rahbar: Maxmudov Nosir Maxmudovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/30.12.2019.I.03.05.
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Saidasror Saidaxmedovich, akademik, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Camatov G‘affor Allokulovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Tillyaxodjaev Muzaffarxodja Abdupataxovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sanoatning yetakchi tarmog‘i bo‘lgan ko‘mir sanoat tarmog‘i mahsulotlarining iqtisodiy-ekologik xavfsizligini ta’minlash uslubiyatini takomillashtirish bo‘yicha nazariy-uslubiy hamda amaliy yo‘nalishdagi taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
«yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish platformasida ko‘mir sanoatining kuli yuqori bo‘lgan puch jinslarini ajratishda iqtisodiy-ekologik xavfsizlikka ta’sir etuvchi iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik omillarni baholash qiymatining qo‘yi va yuqori chegaralari «inqirozli» (0 - 0,34), «ruxsat etilgan» (0,35 - 0,80) va «yuqori»             (0,81 - 1) darajalarda asoslangan;
yo‘ldosh qazilmalarga bo‘lgan ehtiyoj va shu mahsulotlarni ko‘mir qazib olish oborotiga kiritishni e’tiborga olgan holda, iqtisodiy-ekologik xavfsizlikni ta’minlashning bosqichli mexanizmi asosida tashlamalardan sul`fat kislotali meliorantni ishlab chiqarishning 2030 yilgacha prognoz parametrlari ishlab chiqilgan; 
ko‘mir qazib olishdagi yo‘ldosh qazilmalarning iste’mol qiymatini «potensial»  (0 - 0,33),  «rentabelli» (0,34 - 0,50), «raqobatbardosh» (0,51 - 0,85) va «investision» (0,86 – 1) shkalalar bo‘yicha baholash asoslanib, uning investision jozibadorligini aniqlashga xizmat qilishi asoslangan;
mineral o‘g‘itlar, gipoxlorit natriy, temir qotishmalarini polimahsulot darajasida qayta ishlashda iqtisodiy-ekologik xavfsiz ishlab chiqarishning yaxlit va uzviy jarayonini «markaziy bo‘g‘in»ni tashkil etuvchi tabiiy atrof muhit hamda «oraliq bo‘g‘inlar» sifatida sub’ektlar faoliyati uyg‘unligini ta’minlash orqali shakllantirish asoslangan;
ko‘mir qazib olishdagi yo‘ldosh qazilmalardan glinozemli sement, sul`fat kislotali alyuminiy, alyuminiy gidroksidi, yuqori markali sement ishlab chiqarishning iqtisodiy-ekologik samaradorligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Sanoat tarmoqlari mahsulotlarining iqtisodiy-ekologik xavfsizligini ta’minlash uslubiyatini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
«yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish platformasida ko‘mir sanoatining kuli yuqori bo‘lgan puch jinslarini ajratishda iqtisodiy-ekologik xavfsizlikka ta’sir etuvchi iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik omillarni aniqlash bo‘yicha yondashuv O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 oktyabrdagi «2019–2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PQ-4477-son qaroriga muvofiq «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish uchun sanoatda innovatsion echimlarni joriy etish, sof va ekologik xavfsiz texnologiyalar va sanoat jarayonlarini qo‘llagan holda sanoat korxonalari infratuzilmasini modernizatsiyalash dasturida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2021 yil 31 maydagi 04/16-0110/10-1726-son ma’lumotnomasi). Natijada sanoatning yetakchi tarmoqlari bo‘yicha mahsulotlar iqtisodiy-ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha dasturlarni shakllantirishning uslubiy asoslari takomillashgan;
yo‘ldosh qazilmalarga bo‘lgan ehtiyoj va shu mahsulotlarni ko‘mir qazib olish oborotiga kiritishni e’tiborga olgan holda, iqtisodiy-ekologik xavfsizlikni ta’minlashning bosqichli mexanizmi bo‘yicha berilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan sanoat tarmoqlari korxonalari faoliyatida mahsulotlarning iqtisodiy-ekologik xavfsizligini ta’minlash strategiyalarini ishlab chiqish, shu yo‘nalishda tarmoq korxonalari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish uchun tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2021 yil 31 maydagi 04/16-0110/10-1726-son ma’lumotnomasi); ushbu taklif «O‘zbekko‘mir» AJ faoliyatiga joriy qilingan («O‘zbekko‘mir» AJning 2021 yil 29 apreldagi 01-13/1192-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga joriy etilishi prognozlash davri 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining istiqbolda yoqilg‘i-energetika balansida ko‘mir ulushini oshirish zaruratini, shuningdek iste’mol bozorida ko‘mir qazib chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan ikkilamchi mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olib, iqtisodiy samaradorligi 2 barobarga oshishiga olib kelgan mahsulotning sifat va miqdorining o‘sishiga erishilishi aniqlangan;
ko‘mir qazib olishdagi yo‘ldosh qazilmalarning iste’mol qiymatini shkalalar bo‘yicha baholash taklifi «O‘zbekko‘mir» AJ faoliyatiga joriy qilingan («O‘zbekko‘mir» AJning 2021 yil 29 apreldagi 01-13/1192-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbiq etilishi mahsulotlarning iqtisodiy-ekologik xavfsizligini resurslar bilan bog‘lash natijasida tarmoqning barqaror rivojlanishiga erishish samaradorligini baholash imkonini bergan;
mineral o‘g‘itlar, gipoxlorit natriy, temir qotishmalarini polimahsulot darajasida qayta ishlashda iqtisodiy-ekologik xavfsiz ishlab chiqarishning yaxlit va uzviy jarayonini «markaziy bo‘g‘in»ni tashkil etuvchi tabiiy atrof muhit hamda «oraliq bo‘g‘inlar» sifatida sub’ektlar faoliyati uyg‘unligini ta’minlash orqali shakllantirish taklifi «O‘zbekko‘mir» AJ faoliyatiga joriy qilingan («O‘zbekko‘mir» AJning 2021 yil 29 apreldagi 01-13/1192-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbiq etilishi iqtisodiy-ekologik dasturlashtirish doirasida maqsad, vazifa hamda tamoyillarni aniq belgilash orqali mahsulotlarning iqtisodiy-ekologik xavfsizligini ta’minlashga erishilgan va tayyor qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar yo‘qotilishi 10%ga kamaygan;
ko‘mir qazib olishdagi yo‘ldosh qazilmalardan glinozemli sement, sul`fat kislotali alyuminiy, alyuminiy gidroksidi, yuqori markali sement ishlab chiqarishning iqtisodiy-ekologik samaradorligi bo‘yicha asoslangan taklif «O‘zbekko‘mir» AJ faoliyatiga joriy qilingan («O‘zbekko‘mir» AJning 2021 yil 29 apreldagi 01-13/1192-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘mir qazib chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan ikkilamchi mahsulotlardan foydalanishning iqtisodiy-ekologik samaradorligini maksimallashtirish modeli asosida qabul qilingan loyihaning 1 tonna glinozemli sement, sul`fat kislotali alyuminiy, alyuminiy gidroksidi, yuqori markali sement ishlab chiqarish bo‘yicha iqtisodiy samaradorligi 940 ming so‘mni tashkil etgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish