Muxtarov Baxtiyor Zokirovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahsuldor sigirlarda yiringli pododermatitni etiologiyasi, tarqalishi, tuyoqdagi patomorfologik o‘zgarishlar va davolash usullarini takomillashtirish», 16.00.02-Hayvonlar patologiyasi, onkologiyasi va morfologiyasi. Veterinar akusherligi va hayvonlar reproduksiyasi biotexnikasi; 16.00.01-Hayvonlar kasalliklari diagnostikasi, terapiyasi va xirurgiyasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/V46.
Ilmiy rahbarlar: Dilmurodov Nasriddin Babakulovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Narziev Baxtiyor Dolievich, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand veterinariya medisinasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand veterinariya medisinasi instituti, DSc.06/30.12.2019.V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Eshburiev Sobir Baxtiyorovich, veterinariya fanlari doktori, dotsent; Tursagatov Jaxongir Mamatovich, veterinariya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekiston Respublikasining chorvachilik xo‘jaliklari sharoitidagi mahsuldor sigirlarda yiringli pododermatitning klinik hamda patologoanatomik tashhisini ilmiy asoslash, davolash hamda oldini oldish usullarini takomilashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mahsuldor sigirlarda yiringli pododermatitlarni kelib chiqishiga tuyoqlarga ishlov berish muddatlari va texnikasiga rioya qilinmaganligi va alimentar tabiatli metabolizm buzilishlari sabab bo‘lishi hamda ularning asosan kuz, qish va bahor oylarida ko‘proq uchrashi aniqlangan;
patologik o‘choqda emirilgan to‘qimalar mavjudligi, biriktiruvchi to‘qima tolalari hamda retikulyar hujayralarning tartibsiz joylashganligi va atrofiyaga uchrashi qayd etilgan;
yiringli pododermatit bilan kasallangan mahsuldor sigirlarda tuyoq kapsulasida Ca, P, Na, Mg, S, Fe elementlarining nisbiy miqdorlari kamayishi kuzatilgan;
mahsuldor sigirlarda yiringli pododermatitni davolashda umum qabul qilingan usullarga qo‘shimcha ravishda linkospekt-150 antibiotigi va butazal-100 preparatlarining ma’lum miqdor va tartib asosida qo‘llashga asoslangan takomillashtirilgan etiopatogenetik davolash usuli ishlab chiqilgan;
yiringli pododermatitni oldini olishda umumiy sanitariya-gigiena va jarrohlik majmuasiga qo‘shimcha ravishda maxsus alimentar-profilaktik va vitaminli majmuani qo‘llash chora-tadbirlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mahsuldor sigirlarda yiringli pododermatitni etiologiyasi, tarqalishi, tuyoqdagi patomorfologik o‘zgarishlar va davolash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
«Qoramollarda yiringli pododermatitni etiopatogenezi, patomorfologiyasi va davolash usullari» bo‘yicha tavsiyanoma tasdiqlangan va veterinariya amaliyotiga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2021 yil 22 iyundagi 04/23-199-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyalarning qo‘llanilishi natijasida qoramollarda yiringli pododermatitning oldini olish va unga qarshi kurashish imkoniyati yaratilgan;
Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro viloyatlaridagi qoramolchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida mahsuldor sigirlar yiringli pododermatit kasalligini davolashda umum qabul qilingan davolash usullariga qo‘shimcha linkospekt-150 antibiotigi hamda biostimullovchi vosita sifatida butazal-100 preparatini qo‘llashga asoslangan kompleks davolash usuli ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2021 yil 22 iyundagi 04/23-199-son ma’lumotnomasi). Mazkur kompleks davolash usulining iqtisodiy samaradorligi yuqori ekanligi aniqlanib, xarajatlar qoplami 18,27 so‘mni tashkil qilgan.