Axmedov To‘lqin Olimjonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Zarafshon muzofoti boshlig‘i mahkamasi ish yuritish hujjatlari tarixiy manba sifatida”, 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2019.2. PhD/Tar516.
Ilmiy rahbar: Ergashev Baxtiyar Ergashevich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, DSc.02/30.12.2019.Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Axmedov Ashraf, tarix fanlari doktori, professor; Jamolova Dilnoza Muyidinovna, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Milliy arxivning “Zarafshon muzofoti boshlig‘i mahkamasi” atalmish 5-jamg‘armasi yig‘ma jildlarida saqlanayotgan rasmiy hujjatlarning Rossiya imperiyasi tomonidan o‘lkada o‘rnatilgan mustamlakachilik tizimining mohiyatini o‘rganishdagi ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Zarafshon muzofoti tashkil etilishining asosiy omillari Rossiya imperiyasining “maydalab yut” siyosatining amalda qo‘llanishi, Turkiston, umuman Sharqning qadimdan siyosiy, iqtisodiy, madaniy, diniy markazlaridan sanalmish Samarqand bosib olingach, ushbu har jihatdan muhim shahar va uning atrofida shakllangan tegrani qo‘ldan bermaslik, Buxoro amirligi tomonidan Rossiya imperiyasiga qarshi tug‘ilishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlarga qarshi qalqon yaratish va xalqaro savdo yo‘llari ustidan nazorat o‘rnatish bo‘lgani dalillangan;
Zarafshon muzofoti o‘zining geostrategik joylashuvi bois, Rossiya imperiyasining boshqa ma’muriy birliklariga nisbatan harbiy va fuqarolik boshqaruvi ishlarida mustaqil qaror qabul qilish vakolatiga, muzofot boshlig‘i mahkamasi shtatlari va harajatlarini o‘zi belgilash, soliq va sud ishlarini mustaqil yuritish hamda Buxoro mulklari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabatlar o‘rnatish kabi huquqlarga ega bo‘lganligi aniqlangan;
Zarafshon muzofotida ijtimoiy-madaniy sohalarda amalga oshirilgan va Rossiya imperiyasining “sivilizatorlik” missiyasi sifatida baholangan ishlar asosan vaqf mulklari hisobidan bajarilganligi, ularga nisbatan yuritilgan siyosat Samarqand shahridagi diniy va ma’rifiy muassasalar moddiy ahvolining o‘ta og‘irlashuviga, ularning zamon ruhiga mos o‘zgarishlarga yuz tuta olmasligiga olib kelganligi ochib berilgan;
Zarafshon muzofoti boshlig‘i mahkamasi ish yuritish hujjatlari nafaqat muzofot hududida, balki qo‘shni Buxoro va Afg‘oniston erlarida sodir bo‘lgan joriy voqea-hodisalar to‘g‘risida, nisbatan avvalgi davrlar bo‘yicha xronologik, metrologik, shajaraviy, numizmatik va toponimik ma’lumotlarni olish mumkin bo‘lgan birlamchi manbalar ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Zarafshon muzofoti boshlig‘i mahkamasi ish yuritish hujjatlarining manbashunoslik tahlili natijasida olingan ilmiy yangiliklar va amaliy takliflar asosida:
Zarafshon muzofoti boshlig‘i mahkamasi ish yuritish hujjatlari nafaqat muzofot hududida, balki qo‘shni Buxoro va Afg‘oniston erlarida sodir bo‘lgan joriy voqea-hodisalar to‘g‘risida, nisbatan avvalgi davrlar bo‘yicha xronologik, metrologik, shajaraviy, numizmatik va toponimik ma’lumotlarni olish mumkin bo‘lgan birlamchi manbalar ekanligini asoslovchi ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy arxivining “Zarafshon muzofoti boshlig‘i mahkamasi” nomli 5-jamg‘armasining davlat tilidagi tarixiy ma’lumotnomasini yaratish, undagi hujjatlarning mazmuni asosidagi tasnifi, jamg‘arma bo‘yicha ismli va geografik ko‘rsatkichlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy arxivining 2021 yil 13 avgustdagi 01-26/309-son ma’lumotnomasi). Natijada, 5-jamg‘armada saqlanayotgan hujjatli manbalarning joriy holatini aniqlash, ularning tarixiy manba sifatidagi ahamiyatini ochib berish va mustamlaka davr hujjatlarini o‘rganishda yangi yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi;
milliy arxiv 5-jamg‘armasi hujjatlarining tahlili asosida Zarafshon muzofotida ijtimoiy-madaniy sohalarda amalga oshirilgan va Rossiya imperiyasining “sivilizatorlik” missiyasi sifatida baholangan ishlar asosan vaqf mulklari hisobidan bajarilganligi, ularga nisbatan yuritilgan siyosat Samarqand shahridagi diniy va ma’rifiy muassasalar moddiy ahvolining o‘ta og‘irlashuviga, ularning zamon ruhiga mos o‘zgarishlarga yuz tuta olmasligiga olib kelganligi ochib beruvchi ma’lumotlardan Samarqand davlat universitetida bajarilgan F3-202001047-raqamli “O‘zbekistonda madrasa ta’lim tizimi” elektron portalini yaratish mavzusidagi grant loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 dekabrdagi 89-03-5164-son ma’lumotnomasi). Natijada, mustamlaka davrida Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatgan madrasalar soni va ularni ta’minot manbalari bo‘lgan vaqf mulklarning holati bo‘yicha ilmiy xulosalarni asoslashga xizmat qilgan;
Zarafshon muzofoti o‘zining geostrategik joylashuvi bois, Rossiya imperiyasining boshqa ma’muriy birliklariga nisbatan harbiy va fuqarolik boshqaruvi ishlarida mustaqil qaror qabul qilish vakolatiga, muzofot boshlig‘i mahkamasi shtatlari va xarajatlarini o‘zi belgilash, soliq va sud ishlarini mustaqil yuritish hamda Buxoro mulklari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri munosabatlar o‘rnatish kabi huquqlarga ega bo‘lganligini asoslovchi ma’lumotlardan O‘zMTRK “O`zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” ko‘rsatuvining ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRK “O`zbekiston” teleradiokanali DUKning 2019 yil 6 dekabrdagi 02-40/2577-son ma’lumotnomasi). Natijada, Zarafshon muzofotining o‘ziga xos bo‘lgan jihatlarini, uning geostrategik ahamiyatini ochib berishga va mustamlaka davr tarixini yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirishga xizmat qilgan.