Maxmudova Lola Izzatilloevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turli tipdagi ichak ta’sirlanish sindromining mikroelementlar nomutanosibligi bo‘lgan bemorlar hayot sifatiga ta’sirini baholash» 14.00.05 - Ichki kasalliklar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.PhD/Tib1405.
Ilmiy rahbar: Abdullaev Ravshanbek Babajonovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali, PhD 04/30.09.2020.Tib.123.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Mirvasit Mirvasikovich - tibbiyot fanlari doktori, professor; Nurbaev Farmon Ergashovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot inistituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mikroelementlar nomutanosibligi mavjud bo‘lgan ichak ta’sirlanish sindromida kasallikning klinik kechishi, bemorlar ruhiy-hissiy holati va hayot sifatini baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ichak ta’sirlanish sindromida moyillik qiluvchi omillardan ijtimoy omillarning ustunligi bilan ajralib turuvchi hududiy farqlar asoslangan;
ilk marotaba ichak ta’sirlanish sindromi kechish og‘irligini belgilovchi klinik-anamnestik mezonlar va baholash tizimi ishlab chiqilgan;
ichak ta’sirlanish sindromi bo‘lgan bemorlar organizmida hayotiy zarur elementlardan Ca, Mg, Fe, Zn, Cu, I, Mn, Co tanqisligi va P, Se miqdori oshishi bilan tavsiflanadigan nomutanosiblik rivojlanishi isbotlangan;
ichak ta’sirlanish sindromining kechish og‘irligi, bemor hayot sifati ruhiy va jismoniy ko‘rsatkichlarining namoyon bo‘lishi organizmdagi hayotiy zarur hamda toksik mikroelementlar nomutanosiblik darajasiga mos ravishda o‘zgarishi asoslangan;
mikroelementlar nomutanosibligi bilan kechuvchi ichak ta’sirlanish sindromi bo‘lgan bemorlarda korreksiyalovchi terapiyani qo‘llaganda davo samardorligi oshishi va hayot sifati yaxshilanishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ichak ta’sirlanish sindromida organizmdagi kimyoviy elementlarning tizimli diagnostikasini o‘tkazish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ichak ta’sirlanish sindromida mintaqaviy xususiyatlarni hisobga olgan holda hayot sifati o‘zgarishlarini erta tashxislash bo‘yicha ilmiy tadqiqotning natijalari asosida ishlab chiqilgan «Ichak ta’sirlanish sindromi turli shakllarida bemorlarning klinik-psixologik holati va hayot sifatini tashxislashning yangi usuli» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 18 maydagi 8n-d/161-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma ichak ta’sirlanish sindromida bemorlarning ruhiy-hissiy holati va hayot sifati buzilishlarini erta tashxislash hamda ularni oldini olish imkonini bergan;
ichak ta’sirlanish sindromida organizmdagi kimyoviy elementlar muvozanati buzilishlarini erta tashxislash bo‘yicha ilmiy tadqiqotning natijalari asosida ishlab chiqilgan «Ichak ta’sirlanish sindromi turli shakllarida kimyoviy elementlar muvozanati buzilishini tashxislashning yangi usuli» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 18 maydagi 8n-d/161-son ma’lumotnomasi). Ushbu uslubiy tavsiyanoma ichak ta’sirlanish sindromida bemorlardagi mikroelementlar nomutanosibligini erta bosqichlarida aniqlash imkonini bergan;
Ichak ta’sirlanish sindromida bemorlarning ruhiy-hissiy holati va hayot sifati hamda mikroelementlar muvozanati bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filiali, Jondor tuman tibbiyot birlashmasi, Buxoro tuman tibbiyot birlashmasi, Shofirkon tuman tibbiyot birlashmasi, Buxoro shahar 9- va 3- son oilaviy poliklinikalar amaliyotiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 6 avgustdagi 08-09/9726-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarni amaliyotga tadbiq etish diagnostika sifatini oshirishga, kasallikning rivojlanish xavfini va og‘irligini bashorat qilishga, kasalxonada bo‘lish muddatini qisqartirishga va shu bilan bemorlarning hayot sifatini yaxshilash imkon yaratgan.