Maxmudov Rofiqjon Yusupovichning
falsafa doktori (RhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Modulli plug uchun korpus turi va parametrlarini asoslash”, 05.07.01 – “Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/T1467.
Ilmiy rahbar: Boymetov Rustam Isaevich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: Imomqulov Kutbiddin Boqijonovich texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Abduvaxobov Dilshod Abduvaxidovich texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnika va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yuqori quvvatli haydov traktorlari bilan agregatlanadigan modulli plugning agrotexnika talablari darajasidagi ish sifatini kam energiya sarflagan holda ta’minlaydigan parametrlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yuqori quvvatli g‘ildirakli haydov traktorlari bilan agregatlanadigan modulli plugning konstruktiv sxemasi unga o‘rnatiladigan korpuslar soni traktorning tortish kuchi va tuproqning xossalariga bog‘liq ravishda o‘zgartirilishini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan;
modulli plugning parametrlari tuproq xossalari, uning uvalanish darajasi belgilangan me’yordan kam bo‘lmasligi, o‘simlik qoldiqlari chuqur va to‘liq ko‘milishi hamda plugning tortishga qarshiligi minimal bo‘lishini hisobga olgan holda aniqlangan;
modulli plug tayanch g‘ildiragining diametri va to‘g‘inining kengligi uning shudgorlash chuqurligining notekisligi belgilangan me’yordan katta bo‘lmasligini hisobga olgan holda asoslangan;
modulli plugning korpuslari orasidagi bo‘ylama masofa, korpusning qamrash kengligi va agregat harakat tezligi ularning agrotexnik va energetik ish ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholovchi regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
yuqori quvvatli g‘ildirakli haydov traktori bilan agregatlanadigan modulli plug Andijon viloyati Paxtaobod tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 23 dekabrdagi 02/023-4558-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘simlik qoldiqlarining ko‘milish to‘liqligini 3,9 foizga va ish unumini 1,1-1,2 martaga oshirishga erishilingan;
modulli plug Andijon viloyati Izboskan tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 23 dekabrdagi 02/023-4558-son ma’lumotnomasi). Natijada erlarni shudgorlashda har bir gektar erga sarflanadigan mehnat va ekspluatatsion xarajatlarni mos ravishda 6,3 va 15,5 foizgacha kamaytirish imkoni yaratilgan;
yuqori quvvatli g‘ildirakli haydov traktorlari uchun modulli plugni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 23 dekabrdagi 02/023-4558-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori quvvatli g‘ildirakli haydov traktorlari uchun modulli plugni ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.