Dauletmuratov Muxamedali Mirzamuratovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “GAT texnologiyalarini qo‘llagan holda tuproqlarni agrokimyoviy tekshirish va axborot – tahliliy tizimini ishlab chiqish (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani sug‘oriladigan tuproqlari misolida)”, 06.01.04-«Agrokimyo» (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Qx405.
Ilmiy rahbar: Gafurova Laziza Akramovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat agrar universtiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.25/30.12.2019.Qx/B.43.01.
Rasmiy opponentlar: Sanakulov Akmal Lapasovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent, Baxodirov Zafar Abduvalievich , biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi zamonaviy GAT texnologiyalarini qo‘llagan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani sug‘oriladigan o‘tloqi-alyuvial tuproqlarining raqamli agrokimyoviy xaritagrammalarini yaratish va shu asosda qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun maqbul o‘g‘it me’yori va muddatlarini belgilash hamda tuproq agrokimyoviy tekshiruv axborot-tahliliy tizimini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Taxtako‘pir tumani «Maqpalko‘l» massivi uchun tuproqlarning agrokimyoviy xossalari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar bazasini o‘zida jamlagan «Tuproq agrokimyoviy tekshiruv axborot-tahliliy tizimi» dasturiy ta’minoti yaratilgan;
yaratilgan «Tuproq agrokimyoviy tekshiruv axborot-taxliliy tizimi» dasturiy ta’minoti orqali ma’lumotlarni saqlash, tezkor yangilash, qidirish va taqdim etish jarayonlarini amalga oshirish imkoniyatlari yuqori ekanligi asoslangan; 
mineral o‘g‘it me’yori va muddatlarining ilmiy asoslarini ishlab chiqishda raqamli agrokimyoviy xaritagrammalar ma’lumotlaridan foydalanib, harakatchan fosfor R1,1088, almashinuvchan kaliy uchun K1,0383 tuzatish koefisientlari ishlab chiqilgan;
«Tuproq agrokimyoviy tekshiruv axborot-taxliliy tizimi» dasturiy ta’minoti orqali tuproqlarning agrokimyoviy holati bo‘yicha monitoring yuritish va uni bashorat qilish imkoniyati mavjudligi asoslangan;
ArcGIS dasturiy ta’minotining Geostatistical Analyst ning Empirical Bayesian kriging usulidan foydalanib tuproq agrokimyoviy xususiyatlarining taqsimoti variogramma qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanida GAT texnologiyalarini qo‘llagan holda tuproqlarni agrokimyoviy tekshirish va axborot-tahliliy tizimini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalari asosida:
sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlarning agrokimyoviy xossalarini tavsiflovchi Taxtako‘pir tumani «Maqpalko‘l» massivi 6261,5 gektar tuproqlari uchun GAT texnologiyalari asosida 1:25000 miqyosda tuzilgan agrokimyoviy xaritagrammalar Taxtako‘pir tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limida amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 15 iyundagi №01/026-1367-son ma’lumotnomasi). Natijada, massiv maydonlarida dalaning agrokimyoviy pasportlari va qaydnomalarini tuzish, shuningdek, tuproqlarning gumus va oziqa elementlari uchun balans hisob-kitoblaridan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligi erlarini agrokimyoviy holatini baholash va bashorat qilish imkonini bergan;
GAT texnologiyalari asosida Taxtako‘pir tumani «Anvar-Taxta» (91 ga) va «Sabir-Taxta» (73,3 ga) fermer xo‘jaliklari sug‘oriladigan tuproqlarining gumus va oziqa elementlari bilan ta’minlanganlik darajalarini aks ettiruvchi 1:5000 miqyosda tuzilgan raqamli agrokimyoviy xaritagrammalari Taxtako‘pir tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limida amaliyotga joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 15 iyundagi №01/026-1367-son ma’lumotnomasi). Natijada, fermer xo‘jaliklari maydonlarining tuproq-iqlim sharoiti, ekin turi, tuproqlarning oziqa elementlari bilan ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha mineral va mahalliy o‘g‘itlarni tabaqalab qo‘llashga erishilgan;
raqamli agrokimyoviy xaritagrammalar asosida rejalashtirilgan hosil miqdoriga bog‘liq holda, oziqa elementlar uchun koeffisientlar ishlab chiqilgan va «Maqpalko‘l» massivida tarqalgan sug‘oriladigan o‘tloqi-allyuvial tuproqlar sharoitida qishloq xo‘jaligi asosiy ekin turlarini oziqlantirishning maqbul me’yor va muddatlari Taxtako‘pir tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limida amaliyotga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 15 iyundagi №01/026-1367-son ma’lumotnomasi). Natijada, massivda 761 gektar g‘o‘za parvarishlanadigan maydoni uchun azotli mineral o‘g‘itlar 133,6 tonna, fosforli mineral o‘g‘itlar 66,1 tonna va kaliyli mineral o‘g‘itlar 43,9 tonna kerakligi aniqlangan. Shuningdek, 1055,2 gektar g‘alla ekiladigan maydonga azotli mineral o‘g‘itlar 148,4 tonna, fosforli mineral o‘g‘itlar 73,0 tonna va kaliyli mineral o‘g‘itlar 29,2 tonna kerakligi aniqlangan va bu esa massiv maydonlarida foydalaniladigan o‘g‘itlardan ilmiy asoslangan holda samarali foydalanish imkonini bergan; 
raqamli agrokimyoviy xaritagrammalardagi ko‘rsatkichlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish orqali «Anvar - Taxta» fermer xo‘jaligi sharoitida etishtiriladigan asosiy qishloq xo‘jalik ekinlari uchun o‘g‘it me’yori va muddatlari hisoblab chiqilib Taxtako‘pir tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limida amaliyotga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 15 iyundagi №01/026-1367-son ma’lumotnomasi). Natijada, fermer xo‘jalik maydonlari sug‘oriladigan tuproqlarning barqaror unumdorligini ta’minlashga, qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosil va sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan agrokimyoviy tadbirlarni belgilash imkonini bergan; 
tadqiqot hududi uchun «Tuproq agrokimyoviy tekshiruv axborot-tahliliy tizimi» yaratilgan va Taxtako‘pir tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limida amaliyotga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 15 iyundagi №01/026-1367-son ma’lumotnomasi). Natijada, hudud tuproqlarining agrokimyoviy holati bo‘yicha bir yillik elektron ma’lumotlar bazasi shakllanib, hududda agrokimyoviy monitoring hamda raqamlashgan agrokimyoviy xizmat ko‘rsatishni tashkil etishda ushbu tizim boshlang‘ich qadam bo‘lib xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish