Sultanov Pulat Karimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tirik donordan olingan buyrak transplantatsiyasi natijalarni bashorat qilish va takomillashtirish yo‘llari», 14.00.40 – Shoshilinch tibbiyot va 14.00.32- Transplantatsiya va sun’iy a’zolar (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Tib384.
Ilmiy rahbar: Xadjibaev Abduxakim Muminovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, DSc.04/30.12.2019.Tib.63.01.
Rasmiy opponentlar: Moysyuk Yan Gennadievich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Akalaev Rustam Nurmuxamedovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Baxritdinov Fazlitdin Shamsiddinovich tibbiyot fanlari doktori, professor
Yetakchi tashkilot: «N.V.Sklifosovskiy nomli tez yordam ilmiy-tekshirish instituti» davlat byudjet muassasasi (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tirik donordan olingan buyrak transplantatsiyasida tashxislash, jarrohlik amaliyoti proteksiyasi va transplantat patologiyasini bashoratlashni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tirik donorni oddiy usuldan murakkab usulga qarab bosqichli tekshirish algoritmi ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu yondashuv tekshirish vaqtini qisqartirishga, moliyaviy harajatlarni kamaytirishga, eng muqobil immunosupressiya bayonnomasini tanlashga va oxir oqibat transplantatsiya natijalarini yaxshilashga imkon yaratadi;
donor nefrektomiyasini bajarishda pararektal yarimoysimon kesimning yuqori samaradorligi isbotlangan bo‘lib, ushbu kesimni qo‘llash amaliyotning davomiyligini, birlamchi issiqlik ishemiyasini, trasplantant faoliyatining kechikishi holatlari miqdorini qisqartirishga, bir yillik yashovchanlik ko‘rsatkichini 93,3% gacha oshirishga, donor va resipientning hayot sifatini yaxshilashga imkon beradi, xirurg va anesteziolog taktikasiga ijobiy ta’sir qiladi;
tajribada issiqlik ishemiyasi davomiyligining donor buyragi faoliyatiga ta’sirini baholash natijasida a’zo arteriyasini 12 va 24 daqiqa davomida bog‘lash orqali qonsizlangan buyrakda funksional o‘zgarishlar deyarli kuzatilmasligi, 36 daqiqa qonsizlanganda esa vaqtinchalik kuzatilinadigan o‘tib ketuvchi o‘zgarishlar yuzaga kelishi, 48 daqiqalik ishemiyadan so‘ng esa toboro kuchayib boruvchi va oxir-oqibatda jonivorlarning o‘limiga olib keluvchi egri bugri kanalchalarning epitelial to‘qimasida ortga qaytmas destruktiv-nekrobiotik o‘zgarishlarning rivojlanishi ko‘rsatilgan;
transplantatsiya amaliyoti davomida transplantatni issiqlik ishemiyasidan himoya qiluvchi, quvvati boshqarilinadigan, xirurg faoliyatiga xalaqit bermaydigan, asoratlar rivojlanish xavfini kamaytiradigan, transplantratsiya qilingan a’zoning resipientda qoniqarli faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirishga xizmat qiluvchi maxsus moslama yaratilgan va samaradorligi isbotlangan;
buyrak transplantatsiyasidan keyingi davrda rivojlanadigan asoratlarni qadamma-qadam differensial diagnostika qilish algoritmi ishlab chiqilgan bo‘lib, u davolashning maqsadli taktikasini belgilashga, transplantat faoliyatining kechikishi miqdorini 22,5%dan 11%gacha, o‘tkir hujayrali rad qilish asoratini 11,6%dan 2,4%gacha, surunkali rad qilishni esa 6,4%dan 1,8%gacha va o‘lim ko‘rsatkichini 29,5%dan 6,1%gacha qisqartirishga hamda 5 yillik yashovchanlikni 88,6%dan 93,9%gacha oshirishga imkon beradi;
resipientda yurak qon-tomir kasalliklari mavjud bo‘lganda yiringli-septik asoratlar xavfi yuqori bo‘lishi, HLA-nomutanosiblik miqdori va donor buyrak arteriyalarining soni ortgani sayin transplantat faoliyatining kechikishi, gematomalar yuzaga kelishi va siydik nayi-siydik pufagi anastomozining etishmovchiligi rivojlanishi xavfi ham ortib borishi aniqlangan;
resipient qonidagi mochevina, kreatinin va S-reaktiv oqsil miqdorining keskin ortishi, gematoma rivojlanishi, buyrak koptochalaridagi fil`tratsiyasi tezligining susayishi o‘tkir gumoral hamda surunkali rad qilish kabi asoratlar rivojlanishining erta belgilari ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tirik donordan olingan buyrak transplantatsiyasi natijalarini bashorat qilish va takomillashtirish yo‘llarida baholash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
surunkali buyrak kasalligi bilan xastalangan resipientga tirik donordan olingan buyrak transplantini yashovchanlik darajasini baholash ketma-ketligini olib borish taktikasini amalga oshirish maqsadida «Buyrakni transplantatsiya qilish uchun tirik donorni olib borish algoritmi» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 22 noyabrdagi 8n-r/509-son ma’lumotnomasi). Natijada buyrakni transplantatsiya qilish uchun tavsiya qilingan tirik donorni olib borish taktikasini ketma-ket amalga oshirish va jarroxlik amaliyotidan keyin resipientning salomatlik holatini yaxshilash va hayot sifatini oshirish imkonini bergan;
tirik donordan olingan buyrak transplantini asoratlarni oldini olish va bemorlarni olib borish taktikasini tanlashda «Buyrakni transplantatsiya qilgandan keyingi jarroxlik amaliyotlari asoratlarini tashxislash va davolash algoritmi» nomli uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 22 noyabrdagi 8n-r/510-son ma’lumotnomasi). Natijada buyrakni transplantatsiya qilgandan keyin resipientlarda yuzaga keladigan asoratlarni tashxislash va uni bartaraf qilish bilan birgalikda hayot sifatini oshirish imkonini bergan;
tirik donordan olingan buyrak transplantatsiyasini yashovchanlik darajasini takomillashtirishga qaratilgan tadqiqot natijalari sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialining anesteziologiya va jonlantirish bo‘limlari, Qoraqolpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining nefrologiya bo‘limlarining amaliy faoliyatiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 4 avgustdagi 08-09/9545-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi, potensial donorlar logistikasi va foydasiz tekshiruvlarga bo‘ladigan sarf-xarajatlarni kamaytirish orqali tirik donorni tanlab olishni iqtisodiy samaradorligini oshirish, transplantat faoliyatini kechiktirish sonini 11,5%, o‘tkir hujayra ajralib chiqishini 9,2%, o‘tkir gumoral ajralib chiqishini 0,4% va surunkali ajralib chiqishni 4,6%ga hamda jarrohlik amaliyotidan keyingi asoratlarni va o‘rin-kun sonini 0,9ga qisqartirish imkon bergan.