Xaydarov Asliddin Nizamitdinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda aholi iste’mol madaniyatini takomillashtirishning ijtimoiy-falsafiy masalalari”, 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Fal254.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02.
Ilmiy rahbar: Yaxshilikov Jo‘raboy Yaxshilikovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Saitkasimov Akbar Isaxanovich, falsafa fanlari doktori, dotsent; Pardaev Mamayunus Qarshibaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi aholi iste’mol madaniyatini shakllantirishning ijtimoiy-falsafiy muammolarini ochib berish va muammo echimi yuzasidan taklif-tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
shaxs iste’mol madaniyatini shakllantirishda ta’lim-tarbiya institutlarining uzluksizlik, nazorat qiluvchi va muvofiqlashtiruvchi ustuvor tamoyillarini davr xarakteriga mos ravishda rivojlantirish birlamchi omil ekanligi falsafiy jihatdan asoslangan;
aholi iste’mol madaniyatini yuksaltirishda tarixiy madaniy tajriba va ilg‘or davlatlar muvaffaqiyatlaridan samarali foydalanishning moslashuvchi, o‘zlashtiruvchi, muvofiqlashtiruvchi singari potensial imkoniyatlari aniqlangan;
shaxs iste’mol madaniyatini shakllantirishda uning e’tiqodi, ideallari, turmush-tarzi, urf-odatlari, dunyoqarashi kabi milliy immanent xususiyatlarini hisobga olish zarurligi real voqelikni vizual kuzatish orqali mantiqiy dalillangan;
shaxsning iste’molchilikdagi faolligi, mas’uliyati, burchi, iste’mol madaniyati singari sifatlarini shakllantirishda differensial yondashuv orqali milliy an’ana, ma’naviy meros, diniy qadriyatlar kabi mental xususiyatlarining dialektik aloqadorligi falsafiy jihatdan isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda aholi iste’mol madaniyatini takomillashtirishning ijtimoiy-falsafiy masalalari bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
iste’mol madaniyatini shakllantirishda ta’lim-tarbiya institutlari faoliyatining ustuvor tamoyillarini (uzluksizlik, dinamiklik, yosh bo‘yicha xoslikni hisobga olish) rivojlantirish zarurligiga oid ilmiy taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “Iste’mol madaniyati nimadan boshlanadi?” mavzusidagi targ‘ibot loyihasini ishlab chiqishda hamda Federatsiya tomonidan 2019 yil 1-15 dekabr` kunlari “Iste’molchilar qaysi sohalardan norozi?” mavzusi bo‘yicha aholi o‘rtasida sotsiologik tadqiqot (so‘rov) o‘tkazishda va tahliliy ma’lumotlar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2020 yil 20 avgustdagi 01-307-son ma’lumotnomasi). Natijada Respublikamiz aholisining iste’molchilik savodxonligini oshirish va monitoring qilish, ularda iste’mol madaniyatini yuksaltirish hamda ta’sirchan mexanizmlarini yaratishda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilgan;
aholi iste’mol madaniyati yuksalishida milliy mentalitet, tarixiy madaniy tajriba va ilg‘or davlatlar muvaffaqiyatlarini hisobga olishning birlashtiruvchi, yo‘naltiruvchi, qiyoslash singari potensial imkoniyatlariga doir taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2020 yil fevral` oyida “Iste’molchi qonun himoyasida” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 2020 yil 20 avgustdagi 01-307-son ma’lumotnomasi). Natijada, iste’molchilarning jamiyat ijtimoiy hayotiga ta’sir darajasini yanada oshirishga, aholi iste’mol madaniyati va huquqiy ongi oshishiga hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi hududiy bo‘limlari faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirishga xizmat qilgan;
iste’mol madaniyatini shakllantirishda millatning immanent xususiyatlari (e’tiqodi, urf-odati, dunyoqarashi)ni hisobga olish zarurligiga doir taklif va tavsiyalaridan “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risida”gi Nizomini va “Ma’naviyat oiladan boshlanadi” mavzusidagi tashkiliy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining 2020 yil 15 sentyabrdagi 02-02/1157-son ma’lumotnomasi). Natijada, oila va mahallaning iste’mol madaniyatini shakllantirish borasidagi tashabbuskorligini oshirishda va an’anaviy urf-odatlar, milliy qadriyatlarning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha madaniyatli iste’molchi qilib tarbiyalashda hamda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘limlari faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga xizmat qilgan;
aholi iste’mol madaniyatini shakllantirishda differensial yondashuv orqali iste’molchilikdagi faollik, mas’uliyat, burch singari sifatlari bilan birga milliy an’ana, ma’naviy meros, diniy qadriyatlar kabi ijtimoiy mental xususiyatlarining dialektik aloqadorligiga oid taklif va tavsiyalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanali DUK orqali 2019-2020 (I-chorak) yillar davomida efirga uzatilgan “Iste’molchi” tahliliy ko‘rsatuvining qator sonlarining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanalining 2020 yil 21 avgustdagi 01-16-330-son ma’lumotnomasi). Natijada, efirda keng ommaga uzatilishi mamlakatimiz aholisining, ayniqsa yoshlarning iste’mol madaniyatiga oid bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga sezilarli darajada ijobiy ahamiyat kasb etishiga xizmat qilgan.