Majitov Maxmud Abdimo‘min o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Postmodern jamiyatda inson shaxsi transformatsiyasining ijtimoiy-falsafiy muammolari”, 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa (falsafa fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.4.PhD/Fal133.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.F.02.02.
Ilmiy rahbar: Choriev Sanjarbek Anvarovich, falsafa fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Nazarov Qiyomiddin Normirzaevich, falsafa fanlari doktori, professor; Yazdonov Ulug‘bek Toshmurotovich, falsafa fanlari doktori (DSc), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat chet tillar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi postmodern jamiyatda inson shaxsida sodir bo‘lgan transformatsion jarayonlarning salbiy jihatlarini kamaytirish yo‘llarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha konstruktiv taklif-tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
shaxs ijtimoiy mohiyatini belgilovchi tarkibiy komponentlar (hayotiy maqsad, bilim, ijtimoiy rol`, amal qilinadigan prinsiplar) va ularni rivojlantiruvchi determinantlari (ijtimoiy muhit, ta’lim va tarbiya, milliy g‘oya, o‘z-o‘zini tarbiyalash jarayoni)ni barqarorlashtirishda jamiyat imanent belgilari (dunyoqarashi, e’tiqodi, urf odati va h.k.)ni hisobga olish zarurligi ilmiy argumentlar asosida dalillangan;
postiqtisodiyotning karor topishi, ijtimoiy-demografik tarkibning yangilanishi, axloqiy normalar plyuralizmi, ma’naviy madaniyat mahsullarining iste’mol mahsulotlariga aylanishi kabi postmodern jamiyatiga xos tendensiyalarning O‘zbekiston sharoitida shaxs ma’naviy qiyofasiga ta’sirini kamaytirish uchun ijtimoiy fanlarni o‘qitish, uzluksiz ma’naviy tarbiya kabi sub’ektiv determinantlarni optimallashtirish zarurligi mantiqan isbotlangan;
antropogenez va sotsiogenez jarayonining o‘zaro aloqadorligi zamonaviy sotsiumda “postmodern jamiyat-shaxs” dialektikasi shaklida namoyon bo‘layotgani postmodern holatiga doir bilim tabiatining o‘zgarishi, iste’mol jarayoni mantig‘i, oliy zamonaviylik davri, mentallikning muayyan holati kabi konseptual talqinlar negizida falsafiy jihatdan asoslangan;
postmodern jamiyat tendensiyalari ta’sirida shaxs ijtimoiy mohiyatida sodir bo‘lgan hayotiy maqsad transformatsiyasi, tafakkur fragmentarlashuvi, qadriyat va ehtiyojlar deformatsiyasi, ijtimoiy rollar yangilanishi, hayotiy prinsiplar o‘zgarishi bilan bog‘liq transformatsion jarayonlarning oqibatlari falsafaning sabab va oqibat, shakl va mazmun kategoriyalari dialektikasi asosida ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Postmodern jamiyat-shaxs” dialektikasi bilan bog‘liq muammolarni tadqiq qilish borasida olingan ilmiy natijalar asosida:
postmodern jamiyat tendensiyalarining shaxs ijtimoiy mohiyatiga ta’sirini kamaytirish uchun uning sub’ektiv determinantlarini (ijtimoiy fanlarni o‘qitish, uzluksiz ma’naviy tarbiya) optimallashtirishga oid nazariy mulohazalari va amaliy taklif-tavsiyalaridan O‘zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonunining 8-modda (oltinchi xatboshi), 21-modda (ikkinchi, uchinchi xatboshilari)larini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari Qo‘mitasining 2020 yil 13 avgustdagi 04/5-12-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur qonundagi 8-modda (oltinchi xatboshi), 21-modda (ikkinchi, uchinchi xatboshilari)larini yanada mazmunan takomillashtirishga xizmat qilgan;
shaxs ijtimoiy mohiyatini belgilovchi tarkibiy komponentlar (hayotiy maqsad, bilim, ijtimoiy rol`, amal qilinadigan prinsiplar) va ularni rivojlantiruvchi determinantlar (ijtimoiy muhit, ta’lim va tarbiya, milliy g‘oya, o‘z-o‘zini tarbiyalash jarayoni) mohiyatiga real voqelik tahlili va ilmiy argumentlar asosida aniqlik kiritilganiga oid nazariy xulosalardan Surxondaryo viloyatidagi “Barqaror hayot” ijtimoiy-ma’rifat markazining “Ogohlik muvaffaqiyat garovi” mavzusidagi 04/06-19-T raqamli amaliy grant loyihasi ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (Surxondaryo viloyati “Barqaror hayot” ijtimoiy-ma’rifat markazining 2020 yil 29 iyuldagi 62-son ma’lumotnomasi). Natijada, grant loyihasining inson shaxsini kamol toptirishga qaratilgan tadbirlari samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
antropogenez va sotsiogenez jarayonining o‘zaro aloqadorligi zamonaviy sotsiumda “postmodern jamiyat-shaxs” dialektikasi shaklida namoyon bo‘layotganini postmodern holatiga doir yangi konseptual talqinlariga oid taklif va tavsiyalaridan “Ogohlik muvaffaqiyat garovi” mavzusidagi 04/06-19-T raqamli amaliy grant loyiha doirasida nashr etilgan “Ogohlik va sog‘lom talqin – farovonlik garovi” nomli o‘quv qo‘llanmani tayyorlashda foydalanilgan (Surxondaryo viloyati “Barqaror hayot” ijtimoiy-ma’rifat markazining 2020 yil 29 iyuldagi 62-son ma’lumotnomasi). Natijada, nashr etilgan qo‘llanmaning “Ekstremizm, terrorizm va fundamentalizm”, “Virtual olam va diniy ekstremizm tahdidi”, “Yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasini shakllantirishda oila, milliy an’analar va qadriyatlarning o‘rni” mavzularini mazmunan boyishiga xizmat qilgan;
postmodern jamiyat tendensiyalari ta’sirida shaxs ijtimoiy mohiyatida sodir bo‘lgan transformatsion jarayonlarning oqibatlari (hayotiy maqsad transformatsiyasi, tafakkur fragmentarlashuvi, qadriyat va ehtiyojlar deformatsiyasi, ijtimoiy rollar yangilanishi, hayotiy prinsiplar o‘zgarishi)ga oid taklif-tavsiyalaridan Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasi tomonidan efirga uzatilgan 2014 yil 14 fevraldagi “Ogohlik davr talabi” va 2019 yil 8 avgustdagi “Munosabat” teleko‘rsatuvlarining dastur ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2020 yil 4 avgustdagi 01-01/155-son ma’lumotnomasi). Natijada, tomoshabinlarning postmodern jamiyat tendensiyalarining shaxsga salbiy ta’sirlariga doir yangi ilmiy ma’lumotlar bilan tanishishi, bilimlarining oshishi va ularda mafkuraviy immunitet shakllanishiga xizmat qilgan.