Karimova Dilafro‘z Obidjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Shimoliy Baqtriya aholisining dafn marosimlari va diniy e’tiqodlari (bronza davri moddiy madaniyat yodgorliklari misolida)», 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tar17.
Ilmiy rahbar: Asqarov Ahmadali, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz, Tarix instituti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSs.27.06.2017.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Mavlanov O‘ktam Maxmasabirovich, tarix fanlari doktori; Pidaev Shokir Rasulovich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Shimoliy Baqtriya bronza davri aholisining dafn marosimlari va diniy e’tiqodi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarni tizimli ravishda ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Shimoliy Baqtriya bronza davri aholisining barcha madaniyatlariga (Sopolli, Bishkent, Vaxsh, Andronovo) tegishli diniy e’tiqod ob’ektlari va dafn marosimlari bilan bog‘liq urf-odatlari ochib berilgan;
Shimoliy Baqtriya bronza davri dehqon jamoalari dafn marosimlaridagi an’anaviy udumlar va ularning zaminida ro‘y bergan o‘zgarishlar o‘zbek xalqiga xosligi aniqlangan;
o‘zbek xalqining dafn etish bilan bog‘liq urf-odatlarining tarixiy ildizlari (qabr qurilmasi) bronza davriga borib taqalishi aniqlangan;
ilk zardushtiylik dinining shakllana borish jarayoni va unga xos tabiatning to‘rt unsurini ilohiylashtirish so‘nggi bronza davrida o‘troq dehqonchilik madaniyati jamoalarida yuz berganligi isbotlangan;
Jarqo‘ton ibodatxonasi misolida ilk zardushtiylik dini va o‘zbek davlatchiligining tarixiy ildizlari bronza davriga borib taqalishi ochib berilgan;
Shimoliy Baqtriya bronza davri o‘troq va chorvador jamoalarining dafn marosimlari va diniy e’tiqodi bilan bog‘liq materiallar yaxlit bir ilmiy tizimga solinib umumlashtirilgan.
IV.Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi:
Sopolli madaniyatining har bir bosqichiga oid sopol buyumlar va ularning vazifalari, dafn marosimlari, diniy e’tiqodlari bilan bog‘liq ashyoviy dalillar haqidagi xulosalar O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining «O‘zbekiston bronza davrida» nomli ekspozisiyalar bo‘limini qayta shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 2016 yil 25 oktyabrdagi 311255-1302-son ma’lumotnomasi). Bunda bronza davri aholisining urf-odatlari, dafn marosimlari va diniy e’tiqodlari qay darajada va qanday udumlar asosida bo‘lganligini hamda o‘sha davr xo‘jaligining rivojlanish bosqichlari yoritilgan;
bronza davri aholisining dafn marosimlari hamda ilk zardushtiylik diniy e’tiqodi haqida guvohlik beruvchi noyob topilmalarning tahliliy ilmiy xulosalari Termiz davlat arxeologiya muzeyining «Tosh va bronza davri» nomli ekspozisiyalar bo‘limini boyitishda foydalanilgan (Madaniyat va sport ishlari vazirligining 2017 yil 26 yanvardagi 01-1108-631-son ma’lumotnomasi). Bunda bronza davri aholisining dafn etish usullari, diniy marosimlari, ularning yashash sharoitlari qanday bo‘lganligi hamda ushbu jarayonlarning rivojlanish bosqichlari asosli ma’lumotlar bilan yoritilgan.