Anorqulov Sanjar Iskandarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Nemis va o‘zbek tillarida toponimlarning lingvokognitiv aspekti”, 10.00.06 – “Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik” (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Fil1362.
Ilmiy rahbar: Galieva Margarita Rafaelovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat chet tillar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/30.12. 2019.Fil/Ped.83.01.
Rasmiy opponentlar: Nasrullaeva Nafisa Zafarovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Xolliyorov Lutfillo Tashquvatovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi nemis va o‘zbek tillaridagi toponimlarning lingvokognitiv o‘ziga xosliklarini hamda struktur, semantik va etimologik xususiyatlarining bilim tuzilmalari turli tiplarini voqelantirishdagi konseptual ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
toponimlarning nominativ jarayonda rol o‘ynaydigan diniy-mifologik, ijtimoiy-madaniy, tarixiy va geografik ma’lumotlari har ikki til misolida qiyoslanib, nemis tilida diniy-mifologik, o‘zbek tilida tarixiy va ijtimoiy madaniy unsurlar asosiy o‘rin tutishi dalillangan;
qiyoslanayotgan tillardagi toponimlarni konseptuallashtirish va kategoriyalash metodlari asosida ularning lisoniy tuzilishi, etimologiyasi, differensial belgilari aniqlangan va ikki tilga mansub toponimlarning affiksatsiya, kompozisiya va semantik yasalish usullari yordamida shakllanishi ochib berilgan;
nemis va o‘zbek tillari etimologik qatlamlari qiyosida toponimlarning o‘zaro ko‘chish jarayoni rus tili vositachi til bo‘lishi hisobiga amalga oshishi asoslab berilgan;
nemis va o‘zbek tillari toponimlarining kognitiv va kul`turologik ma’lumotni saqlovchi, tashuvchi va uzatuvchi kabi semantik tashkil etuvchilarining matnda faollashuvi lingvokognitiv aspektda aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Nemis va o‘zbek tillari toponimlarining lingvokognitiv, leksik-semantik va lingvomadaniy o‘ziga xosligini tadqiq qilish jarayonida qo‘lga kiritilgan nazariy xulosalar va ilmiy natijalar asosida:
toponimlarning kognitiv mohiyati, nemis va o‘zbek toponimlarining bilim tuzilmalari va kognitiv jarayonlarining aks etishiga doir xulosalaridan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bajarilgan ITD-1, A-1-209 “Madaniyatlararo va kommunikativ yondashuv nigohida magistratura mutaxassisligi bo‘yicha nazariy fanlardan ingliz tilida darslik va o‘quv qo‘llanmalar yaratish va o‘zbekcha-inglizcha-ruscha lingvistik terminlar lug‘atini tuzish” nomli amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 7 dekabrdagi 89-03/5120-son ma’lumotnomasi). Natijada kognitiv tilshunoslik hamda lingvomadaniyatshunoslik bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar mazmuni boyitilishiga erishilgan;
nemis va o‘zbek tillaridagi toponimlarning leksik-semantik tahlili va ushbu guruhlar tarkibidagi nemis va o‘zbek toponimlarida aniqlangan o‘xshashliklar va farqlar haqidagi xulosalardan Samarqand davlat chet tillar institutida amalga oshirilgan Evropa Ittifoqining Erazmus+ dasturining 561624-ERR-1-2015-UK-EPPKA2-CBHE-SP-ERASMUS + CBHE IMEP: “O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimi jarayonlarini modernizatsiyalash va halqarolashtirish” nomli innovatsion tadqiqotlar loyihasida qo‘llanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 7 dekabrdagi 89-03/5120-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyihaniig mahalliy oliy ta’lim tizimiga tatbiq qilinishi va mahalliy toponimik birliklarga oid toponim guruhlari tasniflanishi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilgan;
toponimlar tadqiqiga kognitiv yondashuv ularning diniy-mifologik, madaniy, ijtimoiy-madaniy, geografik-tabiiy, tarixiy bilim tuzilmalarini aks etish mexanizmiga doir xulosalardan Samarqand davlat chet tillar institutida bajarilgan I-204-4-5 "Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish" nomli innovatsion tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 7 dekabrdagi 89-03/5120-son ma’lumotnomasi). Natijada, chet tilini o‘rgatishda yozma matnni muvofiqlashtirish va idrok qilish algoritmini yaratish imkoniyati hosil qilingan;
nemis va o‘zbek tilidagi toponimlarning etimologik tahlilini o‘tkazish davomida turli toponimik qatlamlari va geografik nomlarning turlaridagi tafovut va o‘xshashliklar haqidagi xulosalardan Samarqand davlat chet tillar institutida Evropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi 585845-EPP-1-2017-1-ES-EPPKA2-CBHE-JP CLASS: “Computational Linguistics at Central Asian universities” grant loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 7 dekabrdagi 89-03/5120-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida milliy korpusni yaratish va tabiiy tilga ishlov beruvchi dastur (NLP tool)ni ishlab chiqishda atoqli otlar va toponimlarni ma’lumotlar bazasiga kiritish unumdorligiga erishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish