Sharipova Nigora Nuriddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostoni poetikasi”, 10.00.02-O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Fil508.
Ilmiy rahbar: Boltaboev Hamidulla Ubaydullaevich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Navoiy davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Yusupova Dilnavoz, filologiya fanlari doktori; Eshonqulov Husniddin, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostoni poetikasini, shoirning o‘z salaflari ilk dostoniga munosabatini aniqlash, doston strukturasi, syujeti, kompozisiyasi, obrazlar va hikoyatlar genezisi, vazn hamda qofiya masalalari, g‘oyaviy-semantik, leksik-stilistik xususiyatlarini ilmiy-nazariy jihatdan ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
«Hayrat ul-abror»ning muqaddimaviy doston sifatida «Xamsa»ning keyingi dostonlariga ochqich vazifasini bajargani doston tarkibidagi ko‘ngil ta’rifidagi bob, hayratlar, maqolat, hikoyatlarda aks etgan muqaddimaviy ishoralar va poetik xususiyatlarning keyingi dostonlarda badiiy obrazlar mohiyatiga singdirilib, mukammal rivojlantirilishi hamda keng ko‘lamli syujet hosil qilishi dalillangan;
hamd, munojot, na’t va hayratlarning ma’rifiy-irfoniy mohiyati, asar strukturasidagi pozisiyasi, shoir estetik idealini ifoda etish, doston semantik qurilishini shakllantirish singari muhim funksiyalari aniqlanib, ularning «kirish boblar», «muqaddimaviy boblar», «ilova xarakteridagi boblar» emasligi, xususan, hayratlar dostonda asosiy semantik qatlamni, g‘oyaviy-badiiy markazni tashkil etishi isbotlangan;
dostondagi barcha obrazlar asar syujeti va kompozisiyasiga bog‘liq holda tarkib topgani, asar syujeti tarkibida ishtirok etuvchi qahramonlar ekani asoslanib, muallif obrazining doston umumiy syujetini shakllantirish, asar tarkibiy qismlarini birlashtirish va boshqarishda muhim komponent ekanligi aniqlangan;
Alisher Navoiyning doston badiiyati borasidagi mahorati va novatorligi asarning qofiya tizimi, vazn xususiyatlari, asar tilining o‘ziga xosligi va uslub poetikasi tahlili orqali asoslab ko‘rsatilgan hamda dostondagi ma’rifiy-irfoniy g‘oyalar va badiiy-estetik jihatlar Uchinchi Renessans davri yoshlari ma’naviy tarbiyasida birlamchi asosga ega ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Alisher Navoiy «Hayrat ul-abror» dostoni poetikasini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
dostonning janriy xususiyatlari, doston tarkibidagi hamd, munojot, na’t va hayratlarning janr poetikasini maxsus o‘rganish, syujet va kompozision xususiyatlarini obrazlar tizimi bilan bog‘liq holda tadqiq etishga oid nazariy xulosalaridan FA-F1-G002 raqamli «Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental loyihada belgilangan vazifalar ijrosida foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2021 yil 23 iyuldagi 168/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha ishining mumtoz adabiy janrlar poetikasi, syujet va kompozisiyasi tahliliga doir yangi ilmiy dalillar bilan boyishiga xizmat qilgan;
doston hikoyatlarida aks etgan g‘oyaviy-badiiy, ma’rifiy-irfoniy g‘oyalar hamda shoir poetik mahorati va uslubining qoraqalpoq mumtoz adabiyoti vakillari ijodiga ta’siriga doir nazariy xulosalaridan FA-F-1-005 raqamli «Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq qilish» mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihada foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy tadqiqot institutining 2021 yil 24 iyundagi 142/1-son ma’lumotnomasi). Natijada, Sharq mumtoz adabiyotidagi hikoyatlarning ma’naviy ildizlari ma’rifiy-irfoniy qarashlar bilan bog‘liqligi hamda Alisher Navoiy uslubining qardosh xalqlar adabiyotiga ta’sirini yanada oydinlashtirishga xizmat qilgan;
doston badiiyati, obrazlar tizimi, til va uslub masalalariga doir nazariy tahlillaridan Navoiy viloyati teleradiokompaniyasining «Assalom, yangi kun», «Qadriyat», «Adabiy muhit», «Nazm va navo», «Tarixdan saboqlar» singari teleko‘rsatuv va radioeshittirishlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Navoiy viloyat teleradiokompaniyasining 2021 yil 18 maydagi 01-02/44-son ma’lumotnomasi). Natijada, tomoshabinlarning doston badiiy qimmati va ma’rifiy ahamiyati borasidagi bilimlari takomillashuviga, ko‘rsatuvlarning ilmiy dallillarga boy bo‘lishiga xizmat qilgan;
dostondagi ilmiy-nazariy, ma’rifiy-irfoniy, badiiy-estetik g‘oyalar talqiniga oid fikr-mulohazalaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan «Navoiylik yosh navoiyxonlar», «Navoiy dostonlari bilimdoni», «Yosh kitobxon» kabi turli tanlovlarning ssenariysini shakllantirishda hamda bo‘lim tadbirlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limining 2021 yil 23 iyundagi 23-son ma’lumotnomasi). Natijada, dostonda ifoda topgan umumbashariy g‘oyalardan Uchinchi Renessans davrida ma’nan etuk avlodni tarbiyalashda foydalanishning ilmiy-pedagogik mezonlari ishlab chiqilishiga, yosh ijodkorlar qobiliyatini o‘stirishga, ularni ma’naviy rag‘batlantirishga xizmat qilgan.