Astanova Gulnora Aminovnaning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “«Ming bir kecha» va o‘zbek adabiyoti (poetik, qiyosiy-tipologik tahlil)”, 10.00.02-O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.3.DSc/Fil238.
Ilmiy maslahatchi: Muhiddinov Muslihiddin Qutbiddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: To‘raev Damin, filologiya fanlari doktori, professor; Salimaxon Aliybeg qizi Rustamiy, filologiya fanlari doktori; Aynur O‘z O‘zjan, filologiya fanlari doktori, professor;
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “Ming bir kecha” asarining O‘zbekistonda yoyilish tarixi, tarjimonlar mahorati, asarning o‘zbek adabiyoti (xalq og‘zaki ijodi, mumtoz adabiyot hamda XX asr adabiyoti)ga ta’siri, asar spesifikasi, hikoyatlarda qahramonlar obrazi poetikasi, xususan, turli xarakterli ayollar obrazini yaratishdagi poetik mahoratni san’at hodisasi sifatida ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Sharq adabiy an’analari, xususan “Ming bir kecha” asarining g‘oyaviy-badiiy mundarijasi, badiiy-estetik asoslari, tematik rangbarangligi va originalligining milliy adabiyotdagi badiiy sintezi ijtimoiy-tarixiy, ma’naviy-madaniy, individual-ruhiy omillar ta’sirida yuzaga kelganligi davr adabiy mezonlari zamirida asoslangan;
“Ming bir kecha” asarining badiiy strukturasi va qahramonlar obrazi poetik xususiyatlarining o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, mumtoz adabiyot hamda zamonaviy badiiy ijoddagi migratsiyasi milliy adabiyotda tafakkur yangilanishi, ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy-estetik qarashlarning o‘zbek adabiyoti namoyandalari asarlari misolida dalillangan;
hikoyatlardagi ayollar xarakterining cheksiz olami, dunyoqarashi, ruhiyati, ma’naviy-axloqiy muammolar, o‘rta asr Sharqida ayollarning o‘rni, ma’rifiy darajasi, ayolga munosabat hamda obrazlarda tadbirkorlik, vatanparvarlik, qahramonlik xususiyatlarining namoyon bo‘lishi kabi masalalar ma’naviyat va dunyoqarashni kengaytirish, jamiyat ijtimoiy-ma’naviy hayotida insonparvarlik, ayol zotiga hurmat va e’tibor g‘oyalarining kuchayishida muhim ahamiyatga molik badiiy estetik hodisaligi aniqlangan;
asardagi diniy-irfoniy mazmundagi hikoyatlarda komil inson g‘oyasi bilan sug‘orilgan ayrim ayollar obrazining yaratilishi davr tarixiy, islomiy-tasavvufiy mafkuraning kuchayish jarayoniga aloqadorligi hamda bu jarayonda poetik tafakkur yangilanishlari, falsafiy mushohadaning teranlashuvining kuchayganligi g‘oyaviy-badiiy qonuniyatlar bilan uzviy bog‘liqlikda yuzaga kelgan jarayon ekanligi isbotlangan;
“Ming bir kecha” majmuasi tarkibidagi ayrim hikoyatlar syujetining mazmun - mohiyati ijtimoiy - tarixiy haqiqatlarga aloqadorligi va unda tarixiy haqiqat bilan xalqning orzu-istaklari haqqoniy va romantik uslublar uyg‘unligida namoyon bo‘lganligi, tarixiy faktlar asarning o‘ziga xos fabulasi, fantastikasi, uslubi bilan hamohang bo‘lganligi qiyosiy-tarixiy aspektda ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertatsiyada ishlab chiqilgan nazariy va amaliy xulosa, tavsiya va ishlanmalar asosida:
Sharq adabiy an’analari, xususan “Ming bir kecha” asarining milliy adabiyotdagi badiiy sintezining yuzaga kelishida ijtimoiy-tarixiy, ma’naviy-madaniy, individual-ruhiy omillar ta’siriga doir ilmiy-nazariy natijalardan 2007–2011 yillarda bajarilgan OF–F8–027 raqamli “Qo‘lyozma manbalarning milliy, ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 24 dekabrdagi №8903–5490-son ma’lumotnomasi). Natijada, Respublika qo‘lyozma fondlaridagi “Ming bir kecha” asarining arabiy, forsiy, XX asr boshlaridagi turkiy qo‘lyozma va toshbosma manbalari milliy, ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati xususidagi mulohazalarni dalillashga xizmat qilgan;
“Ming bir kecha” asarining arabiy, forsiy, XX asr boshlaridagi turkiy qo‘lyozma va toshbosma manbalari qiyosiy tahlil etilgan hamda o‘zbek fol`klori, mumtoz va zamonaviy adabiyoti, umuman, Sharq va G‘arb adabiyotiga ko‘rsatgan samarali ta’siri dalillangan ushbu dissertatsiya ilmiy xulosalaridan 2012–2016 yillarda bajarilgan F–1–06 “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 24 dekabrdagi 8903–5490-son ma’lumotnomasi). Natijada, dissertatsiyada belgilangan vazifalar asosida Sharq va G‘arb adabiy an’analarining tarixini yoritish va bardavomligini asoslashga xizmat qilgan;
Sharq adabiyotining durdonasi bo‘lmish “Ming bir kecha” asari qahramonlari xulq-atvorining ma’naviy-axloqiy muammolarining poetik tahlili, asardagi ayollar obrazi xarakterida qahramonlik xususiyatlarining badiiy talqini, asardagi diniy-tasavvufiy mazmundagi komil inson g‘oyasi bilan sug‘orilgan hikoyatlari tahlili haqidagi ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalardan 2003–2007 yillarda bajarilgan 5.1.17-raqamli “Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi” mavzusidagi fundamental loyihada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 24 dekabrdagi 8903–5490-son ma’lumotnomasi). Natijada, “Ming bir kecha” asaridagi ayrim hikoyatlari markazida turgan komil inson konsepsiyasi ta’sirining milliy adabiyotimizda davom ettirilganligi va takomillashtirilgani, asardagi adabiy-estetik ideal, komil inson g‘oyalari poetik talqinining ta’lim-tarbiya jarayonidagi ulkan ahamiyatiga doir muayyan xulosalar chiqarishga xizmat qilgan;
“«Ming bir kecha» asarining paydo bo‘lish manbalari: fol`klor va mumtoz adabiyot an’analari sintezi” nomli birinchi bobi yuzasidan chiqarilgan fol`klor va mumtoz adabiyotga xos xususiyatlarning sintezlashish holatlari, adabiy-tarixiy an’analarga izdoshlikning o‘rni
masalasiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan 2012–2016 yillarda bajarilgan F1–FA–0–43429 raqamli “Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyiha ijrosida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 24 dekabrdagi 8903–5490-son ma’lumotnomasi). Natijada, asar hikoyatlarining dastlab fol`klorga, og‘zaki ijod orqali yozma adabiyotga ko‘chishidagi adabiy mushohadani kengaytirishga xizmat qilgan;
Milliy va jahon adabiyotining yosh avlod ma’naviy - axloqiy tarbiyasidagi o‘rni, badiiy - estetik takomilidagi ahamiyatiga doir taklif va tavsiyalardan Buxoro viloyat “ISTIQLOL–TV” ning 2018 yil 27 noyabr` hamda 2020 yil 22 martda efirga uzatilgan “Hayot falsafasi” ko‘rsatuvining dastur ssenariysini ishlab chiqishda foydalanilgan. (Buxoro viloyati “ISTIQLOL–TV” ning 2020 yil 1 dekabrdagi 1909-ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishga xizmat qilgan.