Mahmudova Umida Ural qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Reklama matnlari tarjimasining lingvomadaniy va uslubiy jihatlari”, 10.00.06 – “Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik” (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil868.
Ilmiy rahbar: Rahimov G‘anisher Xudoyqulovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat chet tillar instituti, PhD.03/30.12. 2019.Fil/Ped.83.01.
Rasmiy opponentlar: Mirsanov G‘aybulla Qulmuradovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Xoliqov Bahodir Aliqulovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ingliz va o‘zbek tillaridagi reklama matnlari tarjimasida namoyon bo‘ladigan lingvomadaniy va uslubiy jihatlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
reklama tarjimalarida mahalliy o‘lchov va pul birliklari, zidlanuvchi ranglar, geometrik va me’moriy shakllar, ramzlar, din, hayvonot olami, madaniy stereotiplar, diniy e’tiqod, qadriyat va an’nalar singari milliy belgilarning tarjima tiliga xos madaniy fonga minimal yoki maksimal darajada moslashtirish, mahalliylashtirish, ijtimoiy-madaniy muhitni yaratish singari lingvomadaniy xususiyatlari aniqlangan;
ingliz va o‘zbek tillarida reklama tarjimalarida o‘xshatiluvchi ob’ekt bilan o‘xshovchi obrazni yonma-yon qo‘yish, obrazni birlashtirish, obrazga almashtirish singari tasviriy metaforalarning tarjima tilidagi so‘z, frazeologik birlik, gap, matn, tasvir va hissiy ifoda vositalar kabilarning konnotativ ma’no va milliy-madaniy xususiyatlarini hisobga olgan holda tarjima qilish zaruriyati asoslangan;
reklamaning muvaffaqqiyatli tarjimasiga erishishda reklama matni tarjimasida so‘z almashtirish, qo‘shish, tushirib qoldirish kabi leksik, so‘z o‘rni va gap bo‘laklarini almashtirish kabi grammatik transformatsion usullardan foydalanish samarali ekanligi isbotlangan;
reklama tarjimalarida xabar ma’nosini saqlab qolishda tovush tizimiga oid fonetik, so‘z va jumlalarning ichki tuzilishi inversiya, tugallanmagan gaplar va undov gaplarning qo‘llanilishi kabi leksik-grammatik, sintaktik, tinish belgilar, paragraf, intervallar, matn joylashuvi singari grafologik, metafora, metonimiya, alliteratsiya kabi stilistik vositalarning tarjima tillariga mos keluvchi usullarini tanlash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Reklama matnlari tarjimasining lingvomadaniy va uslubiy tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
ingliz va o‘zbek tillaridagi reklama matnlarining diskursiv faoliyatini tashkillashtirishda milliy madaniyatimizga xos me’yoriy qoidalarni tizimlashtirishga qaratilgan lingvomadaniy va uslubiy jihatlaridan olingan natijalardan IOT-2012-1-32 «Tarjima nazariyasi va amaliyoti fanidan darslik yaratish» tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 3 noyabrdagi 89-03-4366-son ma’lumotnomasi). Natijada, loyiha doirasida tadqiqotchi va talabalarning tarjimashunoslik, tarjima usullari, tarjimaning uslubiy jihatlariga oid bilim va malakalari yanada takomillashtirilgan;
ingliz va o‘zbek tillaridagi reklama matni tarjimasida milliy madaniyatimizga xos me’yoriy qoidalarni tizimlashtirishga qaratilgan lingvomadaniy, mul’timodal va semiotik xususiyatlar tavsiflangan natijalardan 38-06-15 «Tarixiy-me’moriy obidalar xorijiy tillarda so‘zlaydi» mavzusidagi loyiha grantida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 3 noyabrdagi 89-03-4366-son ma’lumotnomasi). Natijada Qashqadaryo viloyatining turistik ob’ektlari haqida tayyorlangan 6 ta xorijiy tildagi «Qashqadaryo» nomli broshyura, shu bilan birga, viloyatning diqqatga sazovor joylari haqidagi reklama roliklarini tayyorlashda foydalanilgan;
reklama tili, reklama matni, reklamaning tuzilishi va umumiy funksiyalari diskursiv va kommunikativ jihatdan ingliz va o‘zbek tillaridagi reklama farqlari hamda tadqiqotda keltirib o‘tilgan reklama matnini tuzishda amaliy ahamiyatga ega fikr-mulohazalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Qashqadaryo viloyat televideniyasining «Reklama va madaniyat» va «Ommaviy axborot vositalarida reklamaning o‘rni» nomli turkum ko‘rsatuvlarda muntazam berib borilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi Qashqadaryo telekanalining 2020 yil 16 sentyabrdagi 12-15/151-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘rsatuvlardagi ilmiy materiallar reklamaning madaniyatlararo ta’siri to‘g‘risidagi tasavvurlarni kengaytirishga va uning madaniy ahamiyati xususida muhim manba bo‘lib xizmat qilgan.