Jaynarov Obidjon Hamid o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turkiston ASSRda adliya organlari faoliyati tarixi (1918–1924 yy.)”, 07.00.01– O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Tar305.
Ilmiy rahbar: Saidboboev Zokirjon Abdukarimovich, tarix fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Mahkamova Nadira Raxmanovna, tarix fanlari doktori, professor; Malikova Gulchexra Rixsixo‘jaevna, yuridik fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1918–1924 yillarda Turkistonda sovet hokimiyatining qaror topishi va mustahkamlanishi sharoitida adliya organlari faoliyati tarixini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Turkiston Adliya xalq komissarligi o‘lkada sovet hukumatining huquq ijodkorligi, “proletar qonunchilik”ni sistematlashtirish va kodifikatlash, huquqiy tartibga solish ishlarini amalga oshirishda Ichki ishlar xalq komissarligi, favqulodda komissiyalar va favqulodda tergov komissiyalari ma’lum darajada to‘sqinlik qilganligi, davlat boshqaruv organlari, tashkilot va muassasalar hamda aholiga zarur dekret va farmoyishlarni o‘z vaqtida etkazib bera olmaganligi oqibatida jamiyat hayotida huquqiy chalkashliklar, nigilizm ro‘y berganligi isbotlangan;
proletar qonunchiligi asoslari ishlab chiqilgandan so‘ng, uni muhofaza qiluvchi alohida organ sifatida Turkiston ASSRda sovet prokuraturasi tashkil qilinganligi, davlat prokuraturasi bir qator boshqaruv organlari, jumladan, Turkistondagi bol`sheviklar partiyasi, ijroiya qo‘mitalarning bevosita ta’siri va ko‘rsatmalari ostida faoliyat olib borganligi dalillangan;
Turkiston ASSR Adliya xalq komissarligi tarkibidagi sudlov organlari turli (ayniqsa siyosiy) masalalarga oid sud ishlarini korxona, zavod, qishloq hamda ovullarning o‘zlarida ochiq ravishda ko‘rib chiqish amaliyotini qo‘llagani holda sovet davlati “afzalliklari”ni targ‘ib qilish orqali proletariat diktaturasining qaror topishida alohida o‘ringa ega bo‘lganligi asoslangan;
aholiga yuridik yordam ko‘rsatish sohasida tushunarli, sodda tartib va qonun-qoidalarning ishlab chiqilmaganligi oqibatida mahalliy aholi notarial ishlarni amalga oshirish, belgilangan tartibda oqlovchilar xizmatidan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelganligi, adliya tizimida kadrlarni lavozimga tanlash jarayonida ularning bilimi, tajribasiga emas, ko‘proq ijtimoiy kelib chiqishi, siyosiy qarashlariga e’tibor berilganligi natijasida ko‘plab sobiq imperiya adliya xodimlarining xizmat vazifalaridan assosiz chetlashtirilganligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda totalitar tuzum hukmronligining dastlabki yillarida adliya organlarining shakllanishi va faoliyatining mazmun-mohiyati, uning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishga qaratilgan tadqiqot bo‘yicha ishlab chiqilgan xulosa va taklif-tavsiyalardan:
Turkiston Respublikasi Adliya xalq komissarligining tashkil qilinishi, faoliyati, komissarlik tarkibiy tuzilishi, uning vakolat va vazifalari, TASSR ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o‘rni hamda undagi kadrlar masalasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Adliya tarixi muzeyining “Turkistonda Adliya xalq komissarligining tashkil qilinishi va faoliyati” bo‘limini qayta shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2020 yil 23 noyabrdagi 17/6-5/13623-son dalolatnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi muzeyni sohaga tegishli faktik materiallar, manbalar va tarixiy fotosuratlar bilan to‘ldirishga xizmat qilib, adliya xodimlarining bu davrdagi faoliyatiga xolisona baho berish imkoniyatini bergan;
Turkiston ASSR huquqni muhofaza qiluvchi organlar jumladan, Adliya xalq komissarligi, sudlov muassasalari va davlat prokuraturasi organlarining tuzilishi, ularning vazifalari hamda faoliyati haqidagi natijalardan “O‘zbekistonning davlat muasassalari tarixi” darsligida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 28 iyundagi 434-148 raqamli guvohnomasi). Natijalar respublika oliy o‘quv yurtlarining 5220300–Arxivshunoslik bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalarining TASSR adliya muassasalari faoliyati to‘g‘risida bilim va ko‘nikmalarini boyitishga xizmat qilgan;
Turkistonda sovet hokimiyati o‘rnatilgandan so‘ng adliya organlari faoliyatida ro‘y bergan o‘zgarishlar, aholiga yuridik yordam ko‘rsatish borasida Adliya xalq komissarligi tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda ularning oqibatlari to‘g‘risidagi ilmiy natijalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Taqdimot” dasturining “Turkistonda sovet hukumatining aholiga yuridik yordam ko‘rsatish sohasidagi davlat siyosati (1917–1924 yillar)” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2020 yil 24 sentyabrdagi 02-40-886-son ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlar o‘lkada sovet hukumatining aholiga yuridik yordam ko‘rsatish sohasida olib borgan davlat siyosati haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish