Sayt test rejimida ishlamoqda

Jo‘raboeva Gulrux Solijonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi toponimlarining qiyosiy-tarixiy va antropotsentrik tadqiqi», 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Fil293.
Ilmiy  rahbar: Shukurov Rahmatillo Mirzatillaevich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:  Farg‘ona  davlat universiteti.
IK  faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona  davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Uluqov Nosirjon Muhammadalievich, filologiya fanlari doktori, professor; Enazarov Tolib Djumanazarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Etakchi tashkilot nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi Farg‘ona vodiysi toponimiyasi materiallarini qiyosiy-tarixiy va antropotsentrik paradigmalarda ochib berishdan iborat.  
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tarixiy manba, hujjat hamda statistik ma’lumotnomalar asosida hudud toponimlarining shakllanish va rivojlanish bosqichlari davriy jihatdan asoslanib, eng qadimiy davrda yaratilgan toponimlar lug‘aviy qatlamida, asosan, sug‘d tili, arablar istilosidan keyin arab, fors-tojik, o‘zbek, qisman mo‘g‘ul, sho‘rolar davrida esa rus tilining ta’siri kuchli bo‘lganligi aniqlangan;
tarixiy taraqqiyot natijasida tarkibi fonetik, leksik va grammatik o‘zgarishlarga uchragan hamda turli bosqichlar bo‘yicha birdan ortiq variantdorlik hosil qilgan (Labbaytag‘o // Labbaytog‘a; Isbosgan //  Izbosgan; Bob // Pob // Pop; Chamash // Chamashbiy // Chamoch), turli ijtimoiy-siyosiy sabablarga ko‘ra nomi butunlay o‘zgargan (Miyon Rudon – Rabotak; Qoratepa – Mo‘yi muborak; Obi Xon – O‘xna) yoki ob’ektning vayronaga aylanishi, yo‘qotilishi natijasida hozirda iste’moldan chiqqan noma’lum hudud toponimlari (Voskat, Yasho‘x, O‘rasht, Kasho‘kas) aniqlangan; 
antropotoponim, fitotoponim, ijtimoiy-siyosiy terminlar asosida yuzaga kelgan va kasb-hunar nomlari bilan atalgan toponimlar o‘zgarishi hamda nomlanishining ijtimoiy, siyosiy, lisoniy jihatlari har bir davrning tarixiy, iqtisodiy, madaniy, mafkuraviy sharoitlariga asoslangan holda dalillangan; 
toponimlarning diniy, milliy, etnik xususiyatlari o‘zbek xalqining moddiy va ma’naviy madaniyatini aks ettiruvchi mehnat qurollari, kiyim-kechak, taomlar, milliy hunarmandchilik, ishlab chiqarish, savdo-sotiq faoliyati bilan bog‘liq tarzda yuzaga kelgan lingvokul`turemalar hamda xalqning mifologik va diniy qarashlarini aks ettirgan mifologemalar asosida ochib berilgan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Farg‘ona vodiysi toponimlarini qiyosiy-tarixiy va antropotsentrik tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona vodiysi toponimlarining shakllanish va rivojlanish bosqichlari, toponimlar taraqqiyotida ular tarkibida ro‘y bergan fonetik, leksik hamda grammatik o‘zgarishlarga oid xulosalardan A-1-61 raqamli «Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish» mavzusidagi davlat amaliy granti loyihasi doirasidagi o‘quv qo‘llanma, uslubiy ko‘rsatmalar va ularning audiokitob shaklidagi nusxalarini tayyorlashda foydalanilgan (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining 2021 yil 7 maydagi 02-07-1204/04-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida yaratilgan uslubiy ko‘rsatma va audiokitoblarning ilmiyligi ortgan; 
tarixiy manba, hujjat hamda statistik ma’lumotnomalar asosida hudud toponimlarining shakllanish va rivojlanish bosqichlari davriy jihatdan asoslanib, eng qadimiy davrda yaratilgan toponimlar lug‘aviy qatlamida, asosan, sug‘d tili, arablar istilosidan keyin arab, fors-tojik, o‘zbek, qisman mo‘g‘ul, sho‘rolar davrida esa rus tilining ta’siri kuchli bo‘lganligiga oid xulosalardan I-2013-57-raqamli «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishning muvofiqlashtirish qo‘mitasi Farg‘ona viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi» fundamental ilmiy-tadqiqot loyihasining «Ijtimoiy ekologiya muammolari» yo‘nalishida foydalanilgan (Farg‘ona viloyati hokimligining 2021 yil 20 avgustdagi 06-06/5856-son ma’lumotnomasi). Natijada toponimlarning imlosi va variantdorligiga oid fikr-mulohazalar loyiha doirasidagi muammolarning muayyan darajada hal etilishiga olib kelgan; 
Farg‘ona vodiysi toponimiyasining tarixiy manbalari hamda hudud toponimlarining sotsiolingvistik va lingvokul`turologik xususiyatlariga oid ilmiy qarashlardan Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining «Ochiq muloqot», «Dolzarb mavzu», «Zamondosh», «Ma’naviyat – qalb ko‘zgusi», «Kun mavzusi», «Farg‘ona – 24» ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2021 yil 4 avgustdagi 124-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish