Raxmonova Xurshida Xalilovnaning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xurshid Do‘stmuhammad hikoya va qissalari badiiyati (obraz va tasvir)”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Fil1276.
Ilmiy rahbar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Quvvatova Dilrabo Xabibovna, filologiya fanlari doktori, professor; Eshniyazova Ayimxon Sheripbaevna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Xurshid Do‘stmuhammad ijodining betakror badiiy xususiyatlarini aniqlash, xususan, adibning hikoya va qissalaridagi tarixiy shaxs obrazi hamda zamondosh inson qiyofasining ifodasi, ramzlar zamiriga singdirilgan ma’no qatlamlari, psixologik tasvir vositalarining badiiy matnda aks etishi hamda yozuvchi uslubining o‘zbek adabiyoti rivojidagi munosib o‘rni va ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
adabiyotshunoslikda nasriy asarlar poetikasiga doir nazariy xususiyatlarga aniqlik kiritilib, Xurshid Do‘stmuhammad hikoya va qissalari asosida tarixiy va badiiy obrazlar tabiati, badiiy matndagi tasvir usullarining o‘ziga xosligi ochib berilgan;
adibning asarlarida yangi tipdagi qahramonning individualligi va badiiy umumlashmalar, hozirgi davr globallashuvining inson axloqi, ruhiyati, dunyoqarashi, umuman, ma’naviyatiga ta’siri badiiy obrazlar mohiyati asosida dalillangan;
hikoya va qissalardagi ramzlar, metaforik obrazlar, adabiy-falsafiy talqinlar, ijodkor uslubida yangilanayotgan realizm, modernizm yo‘nalishining xususiyatlari namoyon bo‘lganligi hamda badiiy asarda psixologik tasvirning yetakchi unsurlari aniqlangan;
Xurshid Do‘stmuhammad ijodi va o‘zbek adabiyotining taniqli adiblari asarlari qiyosi natijasida psixologik tasvirdagi farqli va o‘xshash jihatlar, uslubiy yangilanishlar aniqlandi va xalq og‘zaki ijodidagi mifologik obrazlar va fol`klor motivlaridan, jahon adabiyoti adiblari asarlaridan nosirning ijodiy ta’sirlangani misollar asosida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xurshid Do‘stmuhammad hikoya va qissalari badiiyati tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
adib hikoyalarida qadimgi turkiy xalqlar adabiyoti, xususan, “Avesto” tarixiy manbasida ifodalangan Zardusht bobo obrazi, xalq og‘zaki ijodidagi mifologik tasavvurlar va qoraqalpoq fol`klori motivlaridan ijodiy ta’sirlangani haqidagi ilmiy xulosalardan FA-F-1-005 raqamli “Qoraqalpoq fol`klorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq qilish” (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2021 yil 11 maydagi 135/1-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va qoraqalpoq adabiyoti nasrida fol`klorizm unsurlari, mifologik obrazlar, milliy urf-odatlar, qadriyatlar, muqaddas qushlar haqidagi mifologik va diniy qarashlarning o‘zaro qiyosiy-tipologik tarzda talqin etilganligi haqidagi ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyishiga asos bo‘lgan;
turkiy xalqlar adabiyotining bir bo‘lagi bo‘lgan o‘zbek adabiyoti, xususan, istiqlol davri o‘zbek adabiyotini o‘rganishda iste’dodli adib Xurshid Do‘stmuhammadning o‘ziga xos badiiy-ijodiy uslubi, mavzu, g‘oya, qahramon muammosini o‘rganish masalalari, ramziylik, teran ruhiy tasvir, nazariy xulosalaridan Turkiya davlati Artvin universitetida bajarilgan 2013.S.23.02.15 raqamli “Pirimkul Kadirov'un Romanları Üzerine Bir İnceleme” mavzusidagi fundamental loyihaning nazariy qismida foydalanilgan (Turkiya davlati Artvin Choruh universitetining 2021 yil 18 iyundagi E3545-son ma’lumotnomasi) Natijada loyiha nasriy asarlardagi obrazlar badiiyati, ramzlar, metaforik tasvirlarga doir ilmiy-tahlillar bilan boyish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
nasriy asarlar badiiyatini o‘rganish masalasi va tamoyillari, xususan Xurshid Do‘stmuhammad hikoyalarining badiiy xususiyatlari, yozuvchining o‘ziga xos uslubi, hikoya va qissalaridagi psixologik tasvir yetakchiligi haqidagi tahliliy, ilmiy xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Nasr kengashi hisobot yig‘ilishlarida, ijodiy tadbirlar dasturlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2021 yil 10 iyundagi 09-32/17- son ma’lumotnomasi). Natijada ijodiy tadbirlar va Nasr kegashi hisoboti uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni nazariy va amaliy ma’lumotlar bilan boyitilgan.