Islomova Soxibaxon Ismoiljonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Cho‘lpon she’rlarining matniy tadqiqi va ilmiy tanqidiy matnini yaratish», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti, 10.00.10 – Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (Filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.RhD/Fil467.      
Ilmiy rahbar: Quronov Dilmurod Haydaralievich, filologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.60.02.
Rasmiy opponentlar: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor (DSc);  Yo‘ldoshev Normat, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi Cho‘lpon she’rlarining qayta nashr qilinishidagi matniy tafovutlarni aniqlash va ularni asos manba bilan qiyoslab, ilmiy-ommabop hamda ilmiy-tanqidiy matnni yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Cho‘lpon she’rlarining hayotlik davrida nashr qilingan birlamchi manbalari va keyinchalik qayta chop etilgan nashrlarining fanga ma’lum bo‘lgan barcha nusxalari hamda keyingi yillarda aniqlangan, hozirgacha adabiyotshunoslikka ma’lum bo‘lmagan nusxalarini o‘zaro qiyoslash asosida ilmiy-tanqidiy matn yaratilgan; 
asos manbalardagi she’rlarning grafik shakllantirilishiga, yozuvda bandning alohida ajratilishi, ba’zan qoidadan chekinib, kichik harf bilan boshlanishi yoki to‘laligicha bosh harflar bilan yozilishi, kursiv bilan yozish kabi holatlarga muallif ijodiy irodasining zuhuroti deb qarash, matn daxlsizligi qoidasiga amal qilgan holda qayta nashrlarda ayni shaklni o‘zgarishsiz saqlab qolishni qat’iy qoidaga aylantirish zarurati isbotlab berilgan; 
Cho‘lpon she’rlarida foydalanilgan barcha tinish belgilar muayyan bir poetik vazifani bajarishi, ohang-intonatsiya talabi bilan qo‘llangan tinish belgilaridan tashqari ko‘p o‘rinlarda muayyan badiiy maqsadni ko‘zlab, o‘ziga xos tarzda qo‘llanilgan belgilarning ishlatilishi, ularning “muallif tinish” belgisi maqomida ekanligi va qayta nashrlarda uni hisobga olish shart ekanligi dalillangan; 
Cho‘lpon she’rlarining hayotlik davrida yaratilgan asos manbalar bilan shoir vafotidan so‘ng chop etilgan qayta nashrlarini o‘zaro qiyoslab, ular o‘rtasidagi punktuatsion, grafik shakllantirilishdagi tafovutlar belgilangan, 200 dan ortiq so‘z hamda 100 dan ortiq so‘zshakllar (asosi bir xil, ammo qo‘shimchalari o‘zgargan)dagi matniy xatolar aniqlangan, mavjud tafovutlarning yuzaga kelish omillari dalillangan. 
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Cho‘lpon she’rlarining matniy tadqiqi va ilmiy-tanqidiy matnini yaratish mavzusi bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida olingan natijalar quyidagi ishlarda joriylangan:
Cho‘lpon she’rlarining matniy tadqiqi, so‘z, so‘zshakllarning qo‘llanilishiga oid farqlar va muammoli holatlarni bartaraf etishga doir xulosalardan Andijon davlat universitetidagi OT-F1-18-raqamli “Ommaviy lisoniy madaniyatni shakllantirish metodlari va metodologiyasini ishlab chiqish” davlat ilmiy-texnika dasturi doirasidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 noyabrdagi 89-03-4547-son ma’lumotnomasi). Natijada matnlarning o‘ziga xos jihatlarini aniqlash, milliy va mentalital tomonlarini ko‘rsatish, turli tillarning konseptiologik tizimidagi o‘ziga xoslik hamda farqlarni aniqlash, muloqot madaniyatining turli milliy tillar tarixi va taraqqiyotiga doir qarashlarni mukammallashtirishga imkon bergan; 
Cho‘lpon she’rlarining manbalari tavsifi hamda asliyat va joriy nashrlarning qiyosiy-matniy tadqiqi hamda matn transliteratsiyasidagi xatoliklar,  ularni bartaraf etish tamoyillariga doir ilmiy xulosalardan Andijon viloyati tarixi va madaniyati Davlat muzeyining Cho‘lpon yodgorligi bo‘limidagi ekspozisiyalarda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 20 noyabrdagi 01-12-10-5204-son ma’lumotnomasi). Natijada ekspozisiyalarning shoir ijodiga oid yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirilishiga imkon bergan;
Cho‘lpon she’riyati manbalari va ularni qayta nashr qilish muammolari borasidagi xulosalardan Andijon teleradiokompaniyasi “Andijon” radiosining “Shukrona” nomli adabiy, ilmiy-ma’rifiy eshittirishida foydalanilgan (Andijon teleradiokompaniyasining 2020 yil 16 noyabrdagi 20-14/55-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanishi mazkur radioeshittirishning ilmiy va ma’rifiy jihatdan yuqori darajada tayyorlanishini ta’minlagan hamda tinglovchilarda madaniy merosimizga nisbatan hurmat va muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashga yordam bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish