Yakubov Muzaffar Kamildjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Inglizzabon adabiyotda Amir Temur siymosi», 10.00.04 – Evropa, Amerika va Avstraliya xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Fil827.
Ilmiy rahbar: O‘razboev Abdulla Durdiboevich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Murodov G‘ayrat Nekovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Tursunov Akmaljon Hamidjonovich, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Amir Temur obrazining inglizzabon adabiyotga kirib borish tadrijini kuzatib, adabiyotda badiiy shakllantirilgan obrazni ilmiy-adabiy-tanqidiy nuqtai nazardan o‘rganish, bu boradagi yutuq va kamchiliklarni umumlashtirish hamda tarixiy-adabiy, ilmiy-ommabop va badiiy asarlardagi o‘ziga xos jihatlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Uyg‘onish davri Angliya madaniy muhitida ommalasha boshlagan gumanizm g‘oyalari tashviqotini siyosiy arbob, sarkarda va bunyodkor tarixiy shaxs sifatida namuna bo‘la oladigan Amir Temur siymosida amalga oshirish vazifasi antik adabiyotning afsonaviy qahramonlariga an’anaviy shaklda qayta-qayta murojaat etaverishning muvaffaqiyatsizligi, samarasizligi bilan shartlanganligi isbotlangan;
inglizzabon badiiy adabiyotda Amir Temur obrazi (badiiyatda) va Amir Temur siymosi (real tarixda) o‘rtasidagi nomuvofiqliklar badiiy adabiyot qonuniyatlariga ko‘ra muallif dunyoqarashi, qiziqishi, tafakkur tarzi va ijodkorlarning Amir Temur shaxsiyati to‘g‘risida asl va bor haqiqatdan bexabarligi, davr yoki hudud hayoti haqida to‘laqonli tasavvurga ega bo‘lmaganliklari tufayli voqelanishi dalillangan;
G‘arb temurshunosligida inglizzabon badiiy va ilmiy adabiyotga mansub asarlarni tasniflashda badiiy, ilmiy, tarixiy-badiiy xarakteri, yaratilgan hududi, jarayonni to‘la tasavvur qilish qulayligi nuqtai nazaridan xronologik tahlil usullarining ustuvorligi Amir Temur shaxsiga bag‘ishlangan asarlarning yuzaga kelishi va tadriji uzoq, murakkab jarayonni qamrab olganligi bilan belgilanishi aniqlangan;
inglizzabon badiiy adabiyot kichik janrdagi she’riy asarlarda tarixiy haqiqatdan ko‘ra sof badiiy to‘qima uslubining yetakchiligi, inglizzabon she’riyatida Amir Temurning sarhadbilmas imkoniyatlari timsoli xayoliy orzular bilan sug‘orilganligi Amir Temur mavzusi ibtidosining romantizm davriga to‘g‘ri kelganligi bilan belgilanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Inglizzabon adabiyotlarda Amir Temur siymosi bilan bog‘liq izlanishlar jarayonida olingan ilmiy natijalar asosida:
Amir Temur haqida inglizzabon adabiyotlarda yaratilgan asarlar, xususan, Amerika adabiyotining yirik vakili Robert Xovardning «Samarqand xukmdori» asarida Sohibqironning buyuk saltanatni barpo etishdagi sa’y-xarakatlari, yuksak xarbiy zakovati, yaratuvchilik iste’dodiga oid xulosalardan Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining «Munavvar kun» dasturi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining 2020 yil 17 fevraldagi 166-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot ob’ekti qilib olingan manbalar tinglovchilarga Sohibqiron siymosining inglizzabon o‘lkalardagi e’tirofi xususida ma’lumotlar bergan hamda ko‘rsatuvning ilmiy-ma’naviy saviyasi oshishiga xizmat qilgan;
har bir ijodkorning qiziqishi, asarlarida uning shaxsiyati talqini, inglizzabon adabiyotda Amir Temur siymosini gavdalantirgan adiblarning tarjimai hollari bilan bog‘liq xulosalardan Respublikaga tashrif buyurgan inglizzabon sayyohlarga xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalar tarixiy ildizlarini ko‘rsatishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni Rivojlantirish Davlat Qo‘mitasining 2020 yil 2 martdagi 02-16/1531-son ma’lumotnomasi). Natijada nafaqat xorijiy sayyohlar oqimini ko‘payishiga, balki tadqiqot materiallaridan keng foydalanilgan xolda buyuk siymolarimizning inglizzabon adabiyotlardagi talqinlari haqida yangi va qiziqarli ma’lumotlar berishda sayyohlarga va tashrif buyurganlarga asosiy manba vazifasini bajargan;
inglizzabon adabiyotlarda Amir Temur siymosining talqin etilishi va ulardagi o‘ziga xoslik va mushtarakliklar, Sohibqiron obrazini yaratishda Kristofer Marlo va Nikolas Roularning badiiy mahorati, falsafiy-axloqiy, ijtimoiy-siѐsiy qarashlari va ijodiy individualligi xususida olingan xulosalardan muzeylarga tashrif buyurgan yoshlarda nomoddiy merosga vorislik hissini kuchaytirish, milliy qahramonlarimiz siymosi jahon ilg‘or afkor ommasi e’tiborida ekanini yoshlar shuuriga singdirish, daho siymolarning dunyo ijtimoiy-siyosiy fikrlar taraqqiyotiga ko‘shgan hissasini ko‘rsatib berishda foydalanilgan (Xalqaro «Oltin meros» XJFning 01-55-22/10-20-son ma’lumotnomasi). Natijada ingliz tili va adabiyotiga ixlosmand yoshlarning milliy tariximiz, ajdodlar jasorati, sha’n-shavkatiga bo‘lgan qiziqishi va e’tibori kuchayishiga hissa qo‘shgan;
Kristofor Marloning ikki qism o‘n ko‘rinishdan iborat «Tamburlaine the Great» – «Buyuk Temur» tragediyasida Sohibqiron, XVI asr ingliz gumanistik adabiyoti ehtiyojlariga ko‘ra, Renessans – Uyg‘onish davr kishlarning orzu umidlari timsoli sifatidagi tasviriga doir xulosalardan I-204-4-5 «Ingliz tili mutaxassislik predmetlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish» mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 26 yanvardagi 89-03-446-son ma’lumotnomasi). Natijada joriy etilgan materiallar buyuk siymolarning badiiy matnda aks ettirilishi, ularni taxlil etish hamda chuqur o‘rganish imkonini bergan.