Jamilov Yusuf Yunus o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Talabalarning muqobil energiyaga oid kompetensiyalarini rivojlantirishda dasturiy ta’lim vositalaridan foydalanish metodikasini takomillashtirish”, 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (fizika) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.2.PhD/Ped2538.
Ilmiy rahbar: Qahhorov Siddiq Qahhorovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Ped.72.04.
Rasmiy opponentlar: Shodiev Rizomat Davronovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Nurullaev Bobomurot Najmiddinovich, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent. 
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi dasturiy ta’lim vositalaridan foydalanish asosida talabalarining muqobil energiyaga oid kompetensiyalarini rivojlantirish metodikasini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ta’lim jarayonining elektron-metodik ta’minoti Articulate Studio, Exe Learning, Lestora va iSpring Suite dasturiy paketlari asosida muqobil energiyaga oid 3D animatsiyalar, virtual laboratoriya stendlari va multimedia materiallarini qamrab olgan dasturiy ta’lim vositalarini ishlab chiqish orqali takomillashtirilgan;  
talabalarning muqobil energiya manbalariga oid bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Alternative choice”, “Targeting method” va “Soncept analysis” kabi interfaol o‘qitish metodlarini tizimlilik, elektivlik, ob’ektivlik hamda kompetensiyaviy yondashuvlar asosida “Elektrotexnika, radiotexnika va elektronika” va “Ta’lim tizimida muqobil energiya manbalari” fanlarini o‘qitish metodikasi takomillashtirilgan; 
talabalarning muqobil energiyaga oid kompetensiyalarini rivojlantirish jarayonida dasturiy ta’lim vositalaridan o‘rgatuvchi, mashq qildiruvchi, rivojlantiruvchi, nazorat qiluvchi va baholovchi vosita sifatida foydalanish bo‘yicha ko‘rgazmalilik, kvantlash, tarmoqlanish, boshqarish, moslashuvchanlik tamoyillariga asoslangan ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqilgan;
talabalarning ijtimoiylik, kommunikativlik, intellektuallik, axborotlilik kabi muqobil energiyaga oid kompetensiyalarini reproduktiv, produktiv, qisman izlanishli, kreativ tayyorgarlik darajalari asosida baholash mezonlari ishlab chiqilgan va axborot bilan ishlash, muloqotga kirishish, muammoli vaziyatlarni hal qila olish, novatorlik qobiliyatlarini rivojlantirish samaradorligi asoslangan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Talabalarning muqobil energiyaga oid kompetensiyalarini rivojlantirishda dasturiy ta’lim vositalarilaridan foydalanish bo‘yicha tadqiqot natijalari asosida: 
talabalarning muqobil energiyaga oid (ijtimoiylik, kommunikativlik, intellektuallik, axborotlilik) kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan “Alternative choice”, “Targeting method” va “Concept analysis” kabi interfaol o‘qitish metodlari va fanning ilmiy-nazariy asoslari “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” nomli  o‘quv qo‘llanma mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 31 maydagi 237-son buyrug‘i, 237-598 raqamli guvohnoma). Natijada talabalarning interfaol o‘qitish metodlardan foydalanish ko‘nikmalari shakllantirilib, muqobil energiyaga oid kompetensiyasiyalarini rivojlantirishga erishilgan;
texnologik ta’lim yo‘nalishi talabalarini innovatsion yondashuvlar asosida muqobil energiyaga oid kompetensiyalarini rivojlantirish jarayonida dasturiy ta’lim vositalaridan foydalanish, umumtexnik ko‘nikmalarni shakllantirish, ishlab chiqilgan dasturiy ta’lim vositalaridan o‘quv jarayonida foydalanishga doir takliflardan AIF-2/20 raqamli “Texnika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida shaxsga yo‘naltirilgan innovatsion texnologiyalar asosida malakali injener kadrlar tayyorlash va professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish sifatini yaxshilash” (2019-2021 yy.) mavzusidagi grant loyihasini bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisining 2021 yil 17 avgustdagi 01-01/76-son ma’lumotnomasi). Natijada, dasturiy ta’lim vositalari asosida talabalarining muqobil energiyaga oid umumtexnik ko‘nikmalari rivojlantirilgan;
mul`timediali o‘qitish platformasi imkoniyatlaridan foydalanib Articulate Studio, Exe Learning, Lestora va iSpring Suite dasturiy paketlari asosida (Elektrotexnika, radiotexnika va elektronika dasturi) ishlab chiqilgan elektron dastur orqali talabalarni muqobil energiyaga oid kompetensiyalarini rivojlantirishga doir takliflar “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari” nomli o‘quv qo‘llanma  mazmuniga singdirilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 31 maydagi 237-son buyrug‘i, 237-598 raqamli guvohnoma). Natijada, “Ta’lim tizimida muqobil energiya manbalari” nomli elektiv fanning mazmuni takomillashtirilgan. Mazkur metodik ta’minot oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilgan.  

Yangiliklarga obuna bo‘lish