Borotov Atxam Nurmuxammadovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Baliqchilikda ko‘k poyali ozuqalarni qirqib maydalash qurilmasi parametrlarini asoslash”, 05.07.01–Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari bo‘yicha).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/T1992
Ilmiy rahbar: Astanaqulov Komil Dullievich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSs.03/30.12.2019.T.10.01
Rasmiy opponentlar: Mamatov Farmon Murtazovich, texnika fanlari doktori, professor; Nuritov Ikrom Rajabovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: “BMKB-Agromash” AJ.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ko‘k poyali ozuqalarni baliqlar uchun belgilangan talablar darajasida kam sarf-harajatlar bilan maydalab beradigan qurilmani ishlab chiqish hamda uning parametrlari va ish rejimlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
baliqchilikda ko‘k poyali o‘tlardan ozuqa tayyorlashda qo‘llaniladigan ishchi sirti gofrlangan uzatkich jo‘valarga va qirqiladigan poyalarga nisbatan qiya holda joylashgan pichoqlarga ega maydalash qurilmasining konstruksiyasi ishlab chiqilgan;
uzatkich jo‘valarning diametri va aylanishlar soni ko‘k poyali ozuqalarni qamrab olish va ularni talab etilgan o‘lchamda maydalashni ta’minlash sharti asosida jo‘valar orasidan o‘tayotgan poyalarni maydalagich barabanga uzatish tezligi va miqdoriga bog‘liq holda aniqlangan;
maydalagich barabanning aylanishlar soni uzatkich jo‘valarning aylanishlar soniga mutanosib holda qiya holatda uzatilayotgan poyalarni kerakli o‘lchamda qirqishni ta’minlash asosida asoslangan;
qurilma jo‘valari tomonidan uzatilayotgan poyalarning pichoq bilan o‘zaro ta’sirlashishi va ularning qirqilgandan so‘ng pichoq bo‘ylab harakati va irg‘itilishining mohiyati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Baliqchilikda ko‘k poyali ozuqalarni qirqib maydalash qurilmasi parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
baliqchilik uchun ko‘k poyali ozuqalarni maydalash qurilmasiga dastlabki talablar tasdiqlangan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 8 sentyabrdagi 02/023-2831-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘k poyali ozuqalarni maydalaydigan ish sifati yuqori, energiya-resurstejamkor qurilmaning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
ko‘k poyali ozuqalarni maydalash qurilmasi Namangan viloyati Uychi tumani, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani va Jizzax viloyati G‘allaorol tumani fermer xo‘jaliklarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 8 sentyabrdagi 02/023-2831-son ma’lumotnomasi). Natijada mavjud qurilmalarga nisbatan foydalanishdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar 1,2 martagacha kamayishiga erishilgan;
baliqlarga ko‘k holdagi ozuqalarni qirqib maydalab beradigan qurilmani o‘zlashtirish uchun loyiha-konstruktorlik xujjatlari (texnikaviy shartlar va chizmalar) «BMKB-Agromash» AJda loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 8 sentyabrdagi 02/023-2831-son ma’lumotnomasi). Natijada, ko‘k holdagi ozuqalarni talab etilgan mayda o‘lchamda maydalab beradigan, kam metall va materialhajmdorlikka ega qurilmani ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan.