Xoshimov Azamatjon Naziralievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «So‘x daryosi konus yoyilmasining sug‘oriladigan tuproqlaridan foydalanishdagi geoekologik muammolar», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/B578.
Ilmiy rahbar: Isaqov Valijon Yunusovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, RhD.03/30.12.2019.V.05.03.
Rasmiy opponentlar: Kurvantaev Raxmontoy, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Shadieva Nilufar Iskandarovna, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jalik va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: So‘x konus yoyilmasi va unga tutashgan Sirdaryo allyuvial terrasalari hududining tuproqlari, er resurslarini o‘zlashtirish va foydalanish davomida yuzaga kelgan ekomeliorativ holatini aniqlash hamda tuproqlar unumdorligini oshirish, texnogen buzilgan tuproqlarni rekul`tivatsiya qilish yo‘llarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tadqiqot hududi tuproqlarining sug‘oriladigan dehqonchilik sharoitidagi tadrijiy rivojlanishi, xossalari va unumdorligi o‘zgarishlarining antropogen omil ta’sirida yuz berishi ilmiy asoslangan;
konus yoyilma tuproqlariga oid ko‘p yillik ma’lumotlarni o‘zaro qiyoslash asosida tuproqlarda yuz bergan evolyusion o‘zgarishlar dinamikasi ochib berilgan;
tuproqlarning unumdorligi o‘tgan asrning 50-70 yillariga nisbatan pasayganligi, xususan to‘q tusli o‘tloqi tuproqlar gumus miqdorining kamayishi sababli o‘tloqi tuproqlar toifasiga o‘tganligi, sho‘rxok va kuchli sho‘rlangan tuproqlar maydoni kamayib, kuchsiz va o‘rtacha sho‘rlangan tuproqlar maydoni ko‘payganligi isbotlangan;
konus yoyilma er resurslaridan foydalanish jarayonida qishloq xo‘jalik erlarining degradatsiyaga uchrayotganligi aniqlangan;
konus yoyilmasi tuproqlari va suvlarining sanoat va qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi ta’sirida ifloslanishi, ekomeliorativ holatning yomonlashuvi aniqlangan hamda ularni rekul`tivatsiya qilish va geoekomeliorativ holatini yaxshilash agrotexnologiyasining ilmiy-amaliy echimlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
So‘x daryosi konus yoyilmasining sug‘oriladigan tuproqlaridan foydalanishdagi geoekologik muammolar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
texnogen buzilgan erlarni rekul`tivatsiya qilish, o‘tloqi-voha tuproqlar unumdorligini tiklash va oshirish bo‘yicha tavsiyalar Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumani Dadamirza Yoqubjonov fermer xo‘jaligi erlarida amaliyotga joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 3 dekabrdagi 02/022-2-4153-son ma’lumotnomasi). Natijada, texnogen buzilgan tuproqlarning fizikaviy va agrokimyoviy xossalarining ijobiy tomonga o‘zgarishlari, meliorativ holatining yaxshilanishi o‘simliklar hosildorligini oshirish imkonini bergan;
chuqurligi 1-1,5 m bo‘lgan, mayda jinsli qatlami saqlanib qolgan kar`erlarni agrotexnika va melioratsiya tadbirlarini qo‘llash orqali rekul`tivatsiya qilish Dadamirza Yoqubjonov fermer xo‘jaligining 20 gektarli texnogen buzilgan maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 3 dekabrdagi 02/022-2-4153-son ma’lumotnomasi). Natijada, rekul`tivatsiya qilingan maydonlarga sholi, mosh, loviya va sabzavot ekinlari ekish, sholi hosildorligi gektariga 40 s, keyingi yili ekilgan g‘o‘zadan 20-25 s/ga hosil olish imkonini bergan;
chuqurligi 2-2,5 m dan ortiq sizot suvlari sathi ko‘tarilib ketgan kar`erlarni baliqchilikka moslashtirish bilan rekul`tivatsiyalash Dadamirza Yoqubjonov fermer xo‘jaligining 5 gektarli texnogen buzilgan maydonida joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 3 dekabrdagi 02/022-2-4153-son ma’lumotnomasi). Natijada, har bir gektaridan 4000 kg dan ortiq baliq etishtirish imkonini bergan.