Axmedov Alibek Bahodirovichning 
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bolalarda tish qattiq to‘qimasi nokaries kasalliklarini kompleks davolash samaradorligini klinik-biokimyoviy baholash», 14.00.21 – Stomatologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Tib764.
Ilmiy rahbar: Gafforov Sunnatullo Amrulloevich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat stomatologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti DSc04/30.12.2019.Tib.59.01.
Rasmiy opponentlar: Kovach Ilona Vasil`evna tibbiyot fanlari doktori, professor (Ukraina); Kamilov Xaydar Pazilovich tibbiyot fanlari doktori, professor. 
Yetakchi tashkilot: D.S.Asfandiyarov nomidagi Qozoq milliy tibbiyot universiteti (Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Bolalarda tish qattiq to‘qimalari eroziyasini davolash usullarini klinik-biokimyoviy asoslash va patogenetik davolashni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bolalarda tish qattiq to‘qimalari eroziyasi asosan yuqori jag‘ oldingi tishlarida ko‘proq uchrashi, zararlanishning emal yuzasi bo‘ylab keng tarqalishi va jarohat tubining silliqligi bilan ajralib turishi isbotlangan; 
bolalar organizmida paratireoid gormoni miqdorining oshishi, og‘iz suyuqligi tarkibida osteokal`sin va ishqoriy fosfataza miqdorining pasayishi negizida mineral almashinuvining buzilishi va tish qattiq to‘qimasi eroziyasi kelib chiqishi asoslangan;
tish qattiq to‘qimasi eroziyasi aniqlangan bolalar organizmida paratireoid gormoni va erkin aminokislotalar almashinuvidagi nomutanosiblik negizida yagona biologik tizimning bir qismini tashkil etuvchi og‘iz suyuqligidagi salbiy o‘zgarishlar isbotlangan;
bolalarda tish qattiq to‘qimasi eroziyasini etiopatogenetik davo maqsadida aminokislotalarni qo‘llashning samarali natijasi klinik-biokimyoviy tekshirishlar orqali asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bolalarda tish qattiq to‘qimasi nokaries kasalliklarini kompleks davolash samaradorligini klinik-biokimyoviy baholash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
bolalarda tish qattiq to‘qimasi nokaries kasalliklarini kompleks davolashda klinik va biokimyoviy ko‘rsatkichlarning materiallaridan olingan ilmiy natijalar asosida «Bolalarda tish qattiq to‘qimasi eroziyasini kompleks davolash usuli» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 12 martdagi 8n-d/103-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma bolalarda tish qattiq to‘qimasi eroziyasini umumiy davolash kursini qisqartirish, kasallik og‘irlashishini oldini olish va tish rezistentligini oshirish imkonini bergan;
bolalarda tish qattiq to‘qimasining eroziv zararlanishini tashxislashda suyuqlik xromatografiyasidan olingan ilmiy natijalar asosida «Bolalarda tish qattiq to‘qimasi eroziyasini tashxislashda suyuqlik xromatografiyasi usuli (qon zardobi va og‘iz suyuqligi aminokislota misolida)» nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 12 martdagi 8n-d/103-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma tish qattiq to‘qimasi eroziyasi kelib chiqishida og‘iz suyuqligi va qon zardobidagi erkin aminokislotalarning patogenetik ahamiyatini ochib berish imkonini bergan;
Bolalarda tish qattiq to‘qimasi nokaries kasalliklarini kompleks davolash samaradorligini klinik-biokimyoviy baholashda zamonaviy kompleks yondashuvlari asosida olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan Buxoro, Xorazm va Jizzax viloyat bolalar stomatologiyasi hamda Buxoro viloyat Vobkent tuman stomatologiya poliklinikalari klinik amaliyotiga tadbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 12 martdagi 8n-d/103-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi natijasida bolalarda tish qattiq to‘qimasi eroziyasini kompleks davolash usullarini takomillashtirish,  tish qattiq to‘qimalari eroziyasi mavjud bolalarda erta tashxislash va davolash muddatlarini qisqartirish, profilaktik yordam sifatining oshirish, klinik va biokimyoviy ko‘rsatkichlarning me’yor darajasida yaxshilash hamda davolanish muddatlarining qisqartirish va kasallik asoratlarining oldi olish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish