Umarova Muqaddas Abbasovnaning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasi mehnat bozorini statistik baholashning uslubiy jihatlari», 08.00.06 – Ekonometrika va statistika (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Iqt113.
Ilmiy rahbar: Shadiev Xamid Azimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti, DSc 29/30.12.2019.I.92.01.
Rasmiy opponentlar: Gaibnazarov Baxodir Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Mirzaev Imomnazar Qalandarovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Muxitdinov Xudayar Suyunovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti.
Dissertatsiyaning yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi innovatsion va raqamli iqtisodiyot sharoitida mehnat bozorini baholashning uslubiy jihatlarini takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aholini ish bilan bandlik holati va unga ta’sir qiluvchi omillarni ilk bor mahalla fuqarolar yig‘ini kesimida mikro darajada ifodalovchi 12 ta ko‘rsatkichdan iborat (jumladan, aholi bandligini ta’minlashga va rasmiylashtirishga ko‘maklashish natijadorligi, ehtiyojmand va kambag‘al oilalarni aniqlash kabi) statistik ko‘rsatkichlar tizimidan foydalanish zaruriyati asoslangan;
2023 yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish varaqasiga migratsiya holatlarini qayd qilish bo‘yicha ijtimoiy jarayonlarni ifodalovchi ma’lumotlarni kiritish orqali mamlakatdagi migratsiya jarayonlarining samaradorligini hisoblash usulining qamrov doirasi va aniqlik darajasi oshirilgan;
ishchi kuchi migratsiyasining mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini baholash metodologiyasi «immigratsiyadan foyda olish» va «emigratsiyadan zarar ko‘rish» ko‘rsatkichlarini kiritish asosida takomillashtirilgan;
mehnat bozorini iqtisodiy-statistik tahlil metodologiyasi taklif etilgan. Ekstensiv, intensiv va moddiy xarajatlar tejami ko‘rsatkichlari asosida mamlakat yalpi ichki mahsulotining qo‘shimcha o‘sishiga ta’sir qiluvchi omillar tahlili uslubiyoti takomillashtirilgan;
mehnat bozoridagi ish bilan bandlikka bevosita ta’sir qiluvchi yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari, milliy iqtisodiyotga kiritilayotgan investisiyalar hajmining o‘sish sur’atlari, mehnatga layoqatli aholi sonining o‘sish sur’atlari hamda 2020 yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi kabi asosiy omillarni hisobga olgan holda regression tenglamalar tuzilib, aholini ish bilan bandligining 2025 yilga qadar statistik prognozlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Mehnat bozorini statistik baholashning uslubiy jihatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
respublikada faoliyat yuritayotgan barcha mahallalar fuqarolar yig‘inlari faoliyatini reyting baholash tizimi va uning doirasida aholini ish bilan bandligini statistik baholash metodologiyasi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika kengashi amaliyotiga joriy qilingan (Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2019 yil 12 martdagi 02-01/124-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi 485-son “Fuqarolar yig‘inlari faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori). Ushbu metodologiyaning amaliyotga joriy qilinishi natijasida respublikada faoliyat yuritayotgan barcha mahallalar fuqarolar yig‘inlari faoliyatini reyting baholash uchun ilmiy asos yaratilgan;
O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olish jarayonida tashqi mehnat migratsiyasi faoliyatini tavsiflashga qaratilgan so‘rov varaqasiga qo‘shimcha savollar kiritilishi to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2019 yil 20 maydagi №63-sonli buyrug‘i bilan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2019 yil 2 avgustdagi 01/1-12-17/1-256-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi 710-son “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etilishi natijasida mehnat migrantlari to‘g‘risida aniq va sifatli ma’lumotlar olish hamda ularni tahlil qilish imkoniyati yaratilgan;
ishchi kuchi migratsiyasining mamlakat iqtisodiyotiga ta’sirini ifodalovchi ishchi kuchining immigratsiyasidan foyda olish va ishchi kuchining eksportidan zarar ko‘rish ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2019 yil 19 iyuldagi №89-sonli buyrug‘i bilan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2019 yil 2 avgustdagi 01/1-12-17/1-256-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar chet el ishchi kuchidan foydalanish hisobiga yaratilgan xorijiy fuqarolarni qabul qiladigan davlatning iqtisodiy jarayonida qatnashish darajasini baholash hamda turli mamlakatlarning migratsiya qiluvchi yuqori malakaga ega bo‘lgan ishchi kuchini taqqoslash va baholash uchun xalqaro jihatdan «aqllarning oqib ketishi» jarayonini tavsiflash imkoniyatini bergan;
yalpi ichki mahsulotning qo‘shimcha o‘sishiga intensiv, ekstensiv va moddiy xarajatlarni tejash kabi omillar ta’sirini statistik baholash usullarining qo‘llanilishi bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2019 yil 19 iyuldagi №89-sonli buyrug‘i bilan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining 2019 yil 2 avgustdagi 01/1-12-17/1-256-son ma’lumotnomasi). Ushbu omillar hisobiga YaIMning qo‘shimcha o‘sishiga ta’sir qiluvchi omillarni hisoblash metodologiyasining amaliyotga joriy qilinishi statistik tahlil imkoniyatlarini yanada kengaytirgan;
ish bilan band aholi sonining o‘sish sur’atlariga ta’sir etuvchi omillarning (yalpi ichki mahsulot, milliy iqtisodiyotga kiritilayotgan investisiyalar hajmi, mehnatga layoqatli aholi sonining o‘sish sur’atlari va 2020 yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi) korrelyasion-regression bog‘liqligi hamda o‘rta muddatga ish bilan bandlar sonining prognoz ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 17 noyabrdagi №13-01/37-sonli buyrug‘i bilan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2019 yil 26 noyabrdagi 6-1/20-67–son ma’lumotnomasi). Ushbu takomillashtirilgan ekonometrik model asosida ishlab chiqilgan prognoz ko‘rsatkichlari aholini ish bilan bandligini ta’minlanishi, daromad manbaiga ega bo‘lishi, turmush farovonligini ortishi kabi bir qator strategik, shu jumladan makroiqtisodiy muammolarni hal qilishga imkon bergan.