Xoliqova Shaxnoza Abdugafarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Davlat hokimiyati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini takomillashtirish masalalari», 12.00.02 – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Yu108.
Ilmiy rahbar: Malikova Gul`chexra Rixsixodjaevna, yuridik fanlar doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, DSc.32/30.12.2019.Yu.74.01.
Rasmiy opponentlar: Jalilov Shuxrat Ilxamovich, yuridik fanlar doktori, professor; Turgunov Oybek Karimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi davlat hokimiyati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining samaradorligini oshirish va qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jamoatchilik nazoratining ob’ektlariga davlat organlari mansabdor shaxslarining ijtimoiy manfaatlarga daxldor vazifalari va funksiyalarni bajarishga doir faoliyatini kiritish zarurligi asoslangan;
jamoatchilik nazorati sub’ektlari tomonidan yuborilgan takliflar va tavsiyalarni, shuningdek yakuniy hujjatlar va materiallarni davlat organlari ko‘rib chiqishi shartligi asoslantirilgan;
jamoatchilik nazoratini amalga oshirayotgan jamoat kengashlarining fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining millatlararo totuvlik hamda bag‘rikenglikni ta’minlashga oid murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etishi va ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar tayyorlash funksiyasini belgilash zarurati asoslab berilgan;
jamoatchilik kengashining xotin-qizlar ayniqsa yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan ayollar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar haqidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vakolatini belgilash asoslantirilgan;
davlat boshqaruvi organlari, ularning hududiy bo‘linmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘z faoliyatining yarim yillik va yil yakunlari bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berish tartibini joriy etish zarurati asoslangan;
jamoatchilik nazorati maskani faoliyatini tashkil etish, maskanda faoliyat olib borish muddatini aniq belgilash, ularning vazifa va vakolatlarini tartibga solish zaruriyati asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Davlat hokimiyati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini takomillashtirish masalalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jamoatchilik nazoratining ob’ektiga davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining o‘z zimmasiga yuklatilgan, ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxldor bo‘lgan vazifalar va funksiyalarni bajarishga doir faoliyatini ham kiritish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 12 apreldagi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasini shakllantirishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 18 fevraldagi 2-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi jamoatchilik nazoratining ob’ektlari doirasini yanada kengaytirishga va uning samaradorligini oshirilishiga xizmat qilgan;
davlat organlarining jamoatchilik nazorati sub’ektlari tomonidan yuborilgan takliflar va tavsiyalarni, shuningdek yakuniy hujjatlar va materiallarni ko‘rib chiqishi shartligi to‘g‘risidagi taklifdan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 18 fevraldagi 2-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi jamoatchilik nazorati ta’sirchanligini oshirishga xizmat qilgan; 
millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikni ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik kengashlarining fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining millatlararo totuvlik hamda bag‘rikenglikni ta’minlashga oid murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etishi va ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Vazirlar Maxkamasiga takliflar tayyorlash funksiyasi belgilash to‘g‘risidagi taklifdan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 noyabardagi 723-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan namunaviy nizomning 4-bandi ikkinchi xatboshisini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2020 yil 1 dekabrdagi 12/20-26-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur sohadagi murojaatlarni ko‘rib chiqishda ochiqlik va demokratizm ta’minlanishiga xizmat qilgan;
xotin-qizlar jamoatchilik kengashining xotin-qizlarga, ayniqsa yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan ayollar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar haqidagi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vakolati belgilash to‘g‘risidagi taklifidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi 486-son qarori bilan tasdiqlangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hamda tuman(shahar)lardagi xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari to‘g‘risida namunaviy nizomning  7-bandi ettinchi xatboshisini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2020 yil 1 dekabrdagi 12/20-26-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi xotin-qizlar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan ayollar uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmining samarali faoliyat yuritishiga xizmat qilgan;
davlat boshqaruvi organlari, ularning hududiy bo‘linmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berish tartibini joriy etish hamda shu maqsadda yarim yillik va yil yakuni bo‘yicha o‘z faoliyati yuzasidan jamoatchilik oldida elektron hisobot taqdim etishini belgilash to‘g‘risidagi taklifidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 iyuldagi 444-son qarorining 4-bandi hamda ushbu qaroriga 3-ilova bilan tasdiqlangan nizomning 1-bandini tayyorlashda e’tiborga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2020 yil 1 dekabrdagi 12/20-26-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi davlat boshqaruvi organlari va jamoatchilik o‘rtasidagi munosabatlarning ochiq-oydinligini ta’minlash va ular faoliyatidan xabardor bo‘lish tartibini takomillashtirishga xizmat qilgan;
jamoatchilik nazorati maskani faoliyatini tashkil etish, maskanda faoliyat olib borish muddatini aniq belgilash, ularning vazifa va vakolatlarini tartibga solish to‘g‘risidagi taklifidan  Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 iyuldagi 497-son qarori bilan tasdiqlangan “Jamoatchilik nazorati maskani faoliyatini tashkil etish tartibi” to‘g‘risdagi nizomning 11-bandini tayyorlashda e’tiborga olingan (Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2019 yil 22 iyuldagi 02-05/467-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning joriy qilinishi jamoatchilik nazorati maskani faoliyatini tashkil etilishini huquqiy tartibga solinishiga va uning samaradorligini oshirilishiga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish