Xolmurodov Shakarbek Abdug‘anievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Turkiston-Nurota tizmasi tog‘ landshaftlarining rekreatsiya imkoniyatlarini baholash», 11.00.01 – Tabiiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Gr35.
Ilmiy rahbar: Xodjimatov Alisher Nigmatovich, geografiya fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Gr.02.07.
Rasmiy opponentlar: Sabitova Naila Ismailovna, geografiya fanlari doktori, professor; Usmonova Roxatjon, geografiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Turkiston-Nurota tizmasi tog‘ landshaftlarining rekreatsiya imkoniyatlarini aniqlash, ularni ushbu maqsadda baholash hamda hudud tabiatidan oqilona foydalanishning geoekologik jihatlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tog‘ landshaftlarining rekreatsiya imkoniyatlari zamonaviy GAT texnologiyalari asosida tahlil qilinib, 1:200 000 masshtabdagi “Turkiston-Nurota tizmasi tog‘ landshaftlarining kartasi” yaratilgan;
Turkiston-Nurota tizmasi tog‘ landshaftlarini baholash uchun ishlab chiqilgan “qulay emas”, “kamroq qulay”, “qulayroq”, “qulay”, “juda qulay” mezonlari asosida hudud landshaftlari manzilli baholangan va 1:200 000 masshtabdagi kartasi yaratilgan;
Turkiston-Nurota tog‘ geotizimlarida 6 ta rekreatsiya rayoni hamda 15 ta kichik rekreatsiya rayoni mavjudligi asoslangan va ularning rekreatsiya imkoniyatlari ochib berilgan;
o‘rmon xo‘jaliklarida rekreatsiya hududlarini hamda Baxmal, Nurota, Molguzar milliy tabiat bog‘larini tashkil etish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Turkiston-Nurota tizmasi tog‘ landshaftlarining rekreatsiya imkoniyatlarini baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Turkiston-Nurota tizmasining tabiiy geografik sharoiti, landshaftlarini rekreatsiya maqsadida baholash va hudud tabiatidan oqilona foydalanishning geoekologik asoslari, uning mazmun va mohiyatiga oid ma’lumot hamda xulosalar 5A110500–Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (Geografiya) magistratura mutaxassisligi uchun “Geoekologiya asoslari” (guvohnoma, №335-008) o‘quv qo‘llanma va 5110500–Geografiya o‘qitish metodikasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun “Tuproqlar geografiyasi” (guvohnoma, №274-190), “Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish” (guvohnoma, №1186-067) darsliklari hamda “Topografiya va kartografiya asoslari” (guvohnoma, №274-022) o‘quv qo‘llanmasi mazmuniga singdirilgan. Natijada, magistratura hamda bakalavriat talabalarining geografiya o‘qitish metodikasi sohasida bilimlarni boyitish va mustahkamlash imkonini bergan;
Turkiston-Nurota tog‘ geotizimlari, jumladan, tog‘ landshaftlarining rekreatsiya imkoniyatlari zamonaviy GAT texnologiyalari asosida o‘rganish natijasida yaratilgan hududning 1:200 000 masshtabdagi “Turkiston-Nurota tizmasi tog‘ landshaftlarining kartasi” O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021 yil 17 iyundagi 03-17-02/2713-son ma’lumotnomasi). Natijada, reklama manbalarini tayyorlash, Turkiston-Nurota tizmasi tog‘ landshaftlari hududida loyihalanayotgan rekreatsiya infratuzilmalari, landshaftlarning estetik ahamiyati, landshaft-arxitektura tamoyillari va rekreatsiya salohiyati hamda barqarorligini hisobga olib joylashtirishda ularni atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish maqsadida nazoratni amalga oshirishga xizmat qilgan;
“Turkiston-Nurota tizmasi tog‘ landshaftlarini rekreatsiya maqsadida manzilli baholash”ning 1:200 000 masshtabdagi kartasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021 yil 17 iyundagi 03-17-02/2713-son ma’lumotnomasi). Natijada, Jizzax viloyatida yangi rekreatsiya ob’ektlari va yo‘nalishlari, jumladan, Turkiston-Nurota tizmasi tog‘ landshaftlarining rekreatsiya salohiyatidan samarali foydalanish strategiyasini takomillshtirishga xizmat qilgan;
Turkiston-Nurota tog‘ geotizmalarida ajratilgan 6 ta rekreatsiya rayoni hamda 15 ta kichik rekreatsiya maqsadlarida rayonlashtirishga doir ilmiy natijalardan Jizzax viloyatining tog‘ va tog‘oldi hududlarida rekreatsiya ob’ektlarini joylashtirish hamda ularning infratuzilmasini tartibga solishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021 yil 17 iyundagi 03-17-02/2713-son ma’lumotnomasi). Natijada, tog‘ va tog‘oldi mintaqalarida rekreatsiya faoliyatini joylashtirish va istiqbolda rekreatsiyaning barcha turlarini rivojlantirish imkonini bergan;
hudud geotizimlariga antropogen ta’sirni o‘rganishga oid ilmiy natijalar va tog‘ geotizimlarida geoekologik vaziyatni optimallashtirish, muhofaza etiladigan hududlarni yangidan tashkil etish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining 2021 yil 17 iyundagi 03-17-02/2713-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, Turkiston-Nurota tizmalarida Nurota, Baxmal, Molguzar milliy tabiat bog‘larini tashkil etish imkonini bergan.