Karabaev Mamatxan Sadirovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Auminzatau va Bukantau tog‘lari oltin va oltin-nodirmetalli ma’danlashuvining mineralogik-geokimyoviy xususiyatlari va qidiruv-baholash mezonlari», 04.00.02–Qattiq foydali qazilma konlari geologiyasi, qidirish va razvedka qilish. Metallogeniya va geokimyo (geologiya-mineralogiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/GM1.
Ilmiy maslahatchi: Koneev Rustam Ismailovich,geologiya-mineralogiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Geologiya va geofizika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Mineral resurslar ilmiy-tadqiqot instituti, Geologiya va geofizika instituti, Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi instituti, Seysmologiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.27.06.2017.GM.40.01.
Rasmiy opponentlar: Soy Vladimir Den`evich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Antonov Aleksandr Evgen`evich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori; Umarxodjaev Mavzurbek Umarxodjaevich, geologiya-mineralogiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: «Yalpi geologik-tasvirlash va qidiruv ekspedisiyasi» DK.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ma’danlarning mineral va mikromineral tarkibini hamda oltin, kumush va boshqa elementlarning geokimyoviy tarqalish xususiyatlarini aniqlash, Auminzatov va Bukantov tog‘laridagi oltin, oltin-nodir metalli ma’danlashuvining qidiruv-baholash me’zonlarini ajratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Auminzatov va Bukantovdagi oltin-nodir metalli va oltin konlari o‘zaro metasomatitlar komplekslari va ulardagi ma’danlashuvning yuzaga kelish vaqti bilan farq qilishi isbotlangan;
Auminzatov va Bukantovdagi oltin ma’danlashuvining hosil bo‘lish sharoiti ko‘p bosqichli ekanligi va oltin-nodir metalli, oltinli ma’danlar mineral assotsiatsiyalar majmuasi, makro- va mikromineral tarkibi, minerallarning tipomorf xususiyatlari bilan farqlanishi asoslangan;
oltin-nodir metalli ma’danlashuv uchun platina va vismut qo‘shimcha elementlari bo‘lgan sof oltin xosligi, oltin ma’danlashuvda oltinning asosiy qismi sul`fid minerallaridagi dispers shakli va kamroq qismi past asllikdagi oltindan iborat ekanligi aniqlangan;
ilk bor oltin-nodir metalli ma’danlashuvida oltinning vismut, tellur va vol`fram bilan, oltinli ma’danlashuvda esa margimush, kumush, selen va surma bilan uzviy geokimyoviy bog‘langanligi hamda mineral paragenezislarning ma’dan atrofida ketma-ket joylashuvi, oltin geokimyoviy assotsiatsiyalarining o‘zgarishiga sabab bo‘lishi aniqlangan;
Auminzatov va Bukantovdagi oltin-nodir metalli va oltinli ma’danlashuv uchun turlicha bo‘lgan mineralogik va geokimyoviy qidiruv-baholash me’zonlari majmualari aniqlangan va ular asosida istiqbolli maydonlar ajratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Bukantov va Auminzatovdagi turli xil ma’danlashuvning mineralogik-geokimyoviy xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ma’dan turlarining o‘ziga xos mineralogik belgilari, ya’ni metsomatik hosilalar, mahsuldor mineral assotsiatsiyalar, makro- hamda mikrominerallar va ularning tipomorf xususiyatlari hamda turli xil ma’danlashuvdagi oltinning uchrash shakllarini aniqlash yuzasidan olingan tadqiqot natijalari Navoiy kon-metallurgiya kombinati «Uran va qimmatbaho metallar geologiyasi» IIChM korxonasi tomonidan Qasqirtov va Karabugut maydonlarida qidiruv-baholash ishlarini olib borish jarayonida joriy qilingan (Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2016 yil 6 oktyabrdagi 01-02-08/10661-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni amaliyotga joriy qilish samarasi oltin ma’danlarining moddiy tarkibini va texnologik xususiyatlarini aniqlashda qo‘llanilgan;
asosiy va hamroh elementlarning tarqalish xususiyatlari, ya’ni oltin-nodir metalli ma’danlashuv uchun Bi, Te, W larning oreollari, ularning ma’dan atrofida oltin bilan musbat korrelyasiyasi; oltinli ma’danlashuv uchun oltinning As, Te, Ag va Sb bilan musbat korrelyasiyalari; elementlar nisbat ko‘rsatkichlari – Ag:Au =10:1, Se:Te =45:1 bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari Navoiy kon-metallurgiya kombinati «Uran va qimmatbaho metallar geologiyasi» IIChM korxonasi tomonidan geologik qidiruv ishlari olib borish jarayonida joriy qilingan (Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2016 yil 6 oktyabrdagi 01-02-08/10661-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni amaliyotga joriy qilish natijasida Shoxetov maydonidagi oltin ma’danlashuv jadalligi yuqori bo‘lgan maydonlarini ajratish imkonini bergan;
tavsiya qilingan oltin ma’danlashuvining qidiruv-baholash me’zonlari majmuasi va bashoratlash modeli hamda ular asosida ajratilgan yashirin ma’danlashuvga istiqbolli bo‘lgan maydonlar Navoiy kon-metallurgiya kombinati «Uran va qimmatbaho metallar geologiyasi» IIChM korxonasida joriy qilingan (Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 2016 yil 6 oktyabrdagi 01-02-08/10661-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarni amaliyotga joriy qilish natijasi geologik-qidiruv ishlarini olib borishda oltin ma’danlashuvining qidiruv belgilari sifatida qo‘llanilmoqda. Ular asosida ajratilgan Shimoli-g‘arbiy Saritov, Sharqiy Qasqirtov (Bukantov), Sharqiy Karabugut (Auminzatov) maydonlari oltin ma’danlashuvga barkamol bo‘lgan maydonlarni tanlash va geologik-qidiruv ishlarini tashkil etishda foydalanilgan.