Rasulov Jurabek Abdusamievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Majburiy mehnatni tugatish bo‘yicha xalqaro standartlarni O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga implementatsiya qilish masalalari”, 12.00.10 – Xalqaro huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Yu124.
Ilmiy rahbar: Tillabaev Mirzatillo Alisherovich, yuridik fanlar doktori (DSc), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, DSs.07/27.02.2020.Yu/108.01.
Rasmiy opponentlar: Adilkariev Hojimurod To‘xtamurodovich, yuridik fanlar doktori, professor; Eshmatova Feruza Farxodovna, yuridik fanlar doktori (DSc).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi majburiy mehnatni tugatishga oid xalqaro standartlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilishning nazariy-metodologik asoslarini, majburiy mehnatga qarshi kurashishning xalqaro va milliy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xalqaro standartlarga muvofiq “majburiy mehnat” va “zo‘raki mehnat” atamalarining turli xususiyatlarga ega mehnatga majburlash holatlarida qo‘llanilishi lozimligi asoslantirilgan;
majburiy mehnat va u bilan bog‘liq amaliyotlarni tugatish yuzasidan xalqaro-huquqiy hujjatlarning yaxlit tizimi shakllanganligi ilmiy asoslantirilgan;
majburiy mehnatni tugatishga oid xalqaro standartlarning shakllanishini har bir davrning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, besh bosqichga bo‘lingan holda davrlashtirilishi asoslantirilgan;
majburiy mehnat bilan bog‘liq amaliyotlar uchun jazo choralari har qanday shakldagi majburiy mehnat holatlari uchun qo‘llanilishi lozimligi, ularning sodir etilgan jinoyatning og‘irligiga mutanosib bo‘lishi, javobgarlik belgilovchi qonun hujjatlarining samarali ijrosini ta’minlash zarurligi asoslantirilgan;
majburiy mehnatga qarshi kurashda mehnat inspeksiyalari rolini kuchaytirish maqsadida XMT doirasida majburiy mehnatni tugatishda mehnat inspeksiyalari faoliyatini tartibga soluvchi xalqaro shartnomani qabul qilish zarurati asoslantirilgan;
O‘zbekistonda majburiy mehnatni tugatish bo‘yicha institusional mexanizmlarning shakllanishi va rivojlanishi har bir davrning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib ikki davrga bo‘linishi, majburiy mehnatni tugatish bo‘yicha milliy monitoring tizimi shakllanganligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Majburiy mehnatni tugatish bo‘yicha xalqaro standartlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilish masalalari bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari quyidagilarda foydalanilgan:
majburiy mehnatni taqiqlash prinsipini qonunchilikda mustahkamlash to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 20 oktyabrdagi “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-642-sonli Qonuniga “5-modda. Aholi bandligi sohasidagi asosiy prinsiplar” moddasining to‘qqizinchi xatboshisiga “majburiy mehnatni taqiqlash, ya’ni biror-bir jazo qo‘llash tahdidi bilan ish bajarishga majburlashni taqiqlash” tahririda kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021 yil 6 apreldagi 02/5-391-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif majburiy mehnatni taqiqlashni nafaqat mehnat huquqi bilan tartibga solinadigan munosabatlar doirasida, balki ijtimoiy munosabatlarning barcha sohalarida bunday amaliyotning taqiqlanishini mustahkamlashga xizmat qilgan;
voyaga etmagan shaxsni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash to‘g‘risidagi taklif “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 12 fevraldagi O‘RQ-673-sonli Qonuniga “1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2012-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilsin: 3) 1482-modda ikkinchi qismining dispozisiyasidagi “xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;” tahririda kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021 yil 6 apreldagi 02/5-391-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif voyaga etmagan shaxsni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilagan holda bunday toifadagi shaxslar huquqlarining amaliy himoyasini ta’minlash, milliy qonunchilikni O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMTning 29-sonli va 182-sonli konvensiyalari talablari bilan muvofiqlashtirishga xizmat qilgan;
majburiy mehnat o‘z xizmatlarini ixtiyoriy ravishda taklif qilmagan har qanday shaxsdan, har qanday jazo tahdidi ostida talab qilinadigan har qanday ish yoki xizmatni bajarish hisoblanishiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 fevraldagi 60-son qarori bilan tasdiqlangan Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 8-ilovasiga “3.3. Majburiy mehnat. Majburiy mehnat — bu shaxs o‘z xizmatlarini ixtiyoriy ravishda taklif qilmagan, har qanday jazo tahdidi ostida har qanday shaxsdan talab qilinadigan har qanday ish yoki xizmatni bajarishdir” tahririda kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasining 2021 yil 4 maydagi 12-18-7-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif odam savdosidan jabrlangan shaxslarni identifikatsiya qilishda mehnatga majburlanish holatlarini aniq belgilash orqali mehnat va jinoiy qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qilgan;
majburiy mehnatdan foydalanishni taqiqlash sohasida davlatlarning javobgarligini kuchaytirish; yoshlarni mehnatga majburlashning har qanday shakllaridan himoya qilish va ularning mehnat bozoriga chiqishlari uchun mavjud to‘siqlarni bartaraf etish; mehnat sohasidagi zo‘ravonlik holatlari jabrdiydalari uchun huquqiy himoya vositalaridan foydalanish hamda ularga etkazilgan zararni qoplash imkoniyatini taqdim etishga oid takliflari BMT Inson huquqlari kengashining rezolyusiyalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi Doimiy vakolatxonasining 2021 yil 4 fevraldagi UZ/UN/21-35-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif zo‘raki yoki majburiy mehnat jabrdiydalari uchun ularga etkazilgan zararni qoplash orqali huquqiy himoyani taqdim etishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qilgan.