Dusiyarov Muxammad Mukumbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Torako-abdominal operatsiyalaridan keyingi bitishmalarning oldini olishda yangi texnologiyalar», 14.00.27 – «Xirurgiya» (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: № B2021.1.PhD/Tib1747.
Ilmiy raxbar: Eshonxodjaev Otabek Djuraevich, tibbiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Akademik V.Vaxidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi»
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi DSc.04/30.12.2019.Tib.49.01
Rasmiy opponentlar: Xakimov Murod Shavkatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Kayumxodjaev Abdurashid Abdusalomovich, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat tibbiyot instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: eksperimental va morfologik tadqiqotlar asosida torako-abdominal jarrohlikda bitishmalarni oldini oluvchi mahalliy vositani qo‘llash istiqbollarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qorin bo‘shlig‘ida bitishmalar hosil bo‘lishi jarayoni modellashtirilganda sellyuloza hosilalaridan tayyorlangan antiadgeziv qoplamani mahalliy qo‘llash adgeziogenez jarayonlarini xamda ichak arxitektonikasi, egilishi va bo‘shlig‘ining torayishi kabi o‘zgarishlar rivojlanishini kamaytirishi eksperimental tadqiqotlar asosida isbotlangan;
eksperimental tadqiqotda ko‘krak qafasida bitishmalar hosil bo‘lishi jarayoni modellashtirilganda antiadgeziv implantatni mahalliy qo‘llash, dag‘al yoki yassi bitishmalar shakllanishi ko‘rinishidagi adeziogenez xavfini sezilarli darajada pasaytirishi aniqlangan;
kukunli implantat ustiga qon zardobi surtilganda, adgeziya sifati va uning qorin pardasi yoki o‘pkaning eksperimental nuqsoni yuzasida bir tekis taqsimlanishi o‘zgarmaganligi, ammo qon bilan faollashtirishdan farqli o‘laroq (gemostatik samarani ta’minlash uchun) trombotik massalarning so‘rilishi hisobiga hujayraviy yallig‘lanish rivojlanishi kuzatilmaganligi aniqlangan;
qonning hujayrali elementlari mavjud bo‘lmagan sharoitda jarohat etkazilgan qorin pardasi sohasi ustida gelli plyonkani hosil qilish, yaqqol hujayra-yallig‘lanish reaksiyasiz qoplamaning biodegradatsiyasiga imkon beradi va massiv bitishmalar hosil bo‘lish jarayoni rivojlanish xavfini sezilarli darajada kamaytirishi bilan nuqsonlarning bitib yopilishini ta’minlashi aniqlangan;
antiadgeziv qoplama qo‘llanilganda yallig‘lanishli infil`trat biriktiruvchi to‘qimali xujayralari sonining dinamikada kamayishi hamda atrof to‘qimalar bilan bitishmali konglomeratlar rivojlanmagani holda nuqson sohasining chandiqlanishi bilan tavsiflanuvchi bitishma jarayonlari shakllanishining morfotuzilmaviy xususiyatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Torako-abdominal jarrohlikda bitishmalar paydo bo‘lishini oldini oluvchi mahalliy vositani qo‘llashni qiyosiy tahlil qilish bo‘yicha bajarilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
torako-abdominal jarrohlikda bitishmalar oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotning natijalari asosida ishlab chiqilgan “Torako-abdominal jarrohlikda bitishmalar paydo bo‘lishini oldini olishning yangi texnologiyalari” nomli uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 12 avgustdagi 08-09/10055-son ma’lumotnomasi). Taklif qilingan tavsiyalar qorin bo‘shlig‘i va ko‘krak qafasi a’zolarida jarrohlik aralashuvlarni bajarishda mahalliy engil gemostazni amalga oshirish imkonini beradi, shuningdek qorin bo‘shlig‘ida dag‘al bitishmalar hosil bo‘lish jarayonini oldini oladi;
torako-ablominal jarrohlikda bitishmalar paydo bo‘lishini oldini oluvchi mahalliy vositani qo‘llashni qiyosiy tahlil qilish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash faoliyatiga, jumladan, Akad. V. Voxidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga, Andijon va Samarqand davlat tibbiyot institutlari klinikalarining amaliyotiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2021 yil 12 avgustdagi 08-09/10055-son ma’lumotnomasi). Eksperimental tadqiqot natijalari asosida, taklif qilingan sellyuloza hosilalaridan tayyorlangan antiadgeziv qoplamani qo‘llash bitishmalar paydo bo‘lish xavfini 60% dan 20% gacha, ichak tutilishi alomatlarisiz ichak deformatsiyasini 33,3% dan 13,3% gacha va o‘tkir bitishmali ichak tutilishi rivojlanishi ehtimolini 6,7% dan 0% gacha kamaytirishga imkon bergan.