Jololov Akmal Nasriddinovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
 

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘rta tolali g‘o‘za navlari seleksiyasida tola sifatini yaxshilashda oddiy duragaylashning samaradorligi», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Qx561.
Ilmiy rahbar: Namazov Shodmon Ergashovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: g‘o‘zaning “SP-7303” navi (NAP 00286). O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining 2021 yil 26 yanvardagi 01-11/164-son xulosasi.
II. Tadqiqotning maqsadi: tur ichida ekologo-geografik va genetik uzoq juft duragaylash uslubi orqali tezpishar, tola chiqimi  va tola sifati yuqori hamda vertisillyoz viltga tolerant o‘rta tolali g‘o‘za navi yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
ilk bor kelib chiqishi genetik jihatdan turlicha bo‘lgan G.hirsutum L. turiga mansub navlarni duragaylash orqali yaratilgan ekologo-geografik uzoq g‘o‘za duragaylarining yuqori avlodlarida asosiy xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning shakllanish va barqarorlashuv qonuniyatlari aniqlangan; 
ekologo-geografik va genetik uzoq duragaylash uslubi orqali yaratilgan seleksion ashyolarni to‘liq seleksiya jarayoni bosqichlari orqali asosiy qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha baholash ishlari amalga oshirilgan;
o‘rta tolali g‘o‘za turiga mansub bo‘lgan tezpisharlik, yuqori tola hosildorligi va sifati hamda vertisillyoz viltga bardoshlilikni o‘zida mujassamlashtirgan yangi g‘o‘za oilalari va tizmalari seleksiya jarayoni uchun boshlang‘ich manba sifatida ajratib olingan;
tadqiqotlar asosida andoza S-6524 naviga nisbatan paxta hosildorligi 117,7%, tola hosildorligi 122,1%, tola chiqimi 3%, solishtirma  uzilish kuchi 5 g.k/teks., tola uzunligi 0,14 dyum va 1000 dona chigit vazni bo‘yicha 15-20 gr. bo‘lgan SP-7303 navi yaratilib, navning xo‘jalik uchun qimmatli belgilar majmuasi bo‘yicha boshqa navlardan genetik jihatdan farqlanishi va yangiligi tasdiqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
G‘o‘zaning G.hirsutum L. turiga mansub genetik kelib chiqishi turlicha bo‘lgan navlarini ekologo-geografik uzoq duragaylash orqali yaratilgan duragaylarning yuqori avlodlarida asosiy xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning shakllanish va barqarorlashuv qonuniyatlarini to‘liq seleksiya jarayoni orqali o‘rganish, baholash va tanlash asosida olib borilgan tadqiqotlar natijasida: 
o‘rta tolali g‘o‘za navlari seleksiyasida ekologo-geografik va genetik uzoq duragaylash hamda ko‘p marotaba yakka tanlangan o‘simliklar avlodini tekshirish (pedigri) uslubi orqali xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning yuqori darajadagi ijobiy genetik majmuasini o‘zida mujassamlashtirgan tezpishar, tola chiqimi va tola sifati yuqori viltga hamda bahorgi past haroratga bardoshli SP-7303 navi yaratilib, O‘zbekiston Respublikasi Intellektual Mulk agentligi tomonidan seleksiya yutug‘iga patent olingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 20 yanvardagi 02/020-183-son ma’lumotnomasi). Natijada SP-7303 g‘o‘za navi bo‘yicha o‘tkazilgan Davlat nav sinovi natijalariga hamda Ekspert komissiyasi xulosasiga asosan 2021 yildan boshlab Farg‘ona viloyati uchun istiqbolli nav sifatida Qishloq xo‘jalik ekinlari Davlat reestriga kiritilgan, SP-7303 navining andoza S-6524 naviga nisbatan 2-5 kunga tezpishar, paxta hosildorligi 117,7% , tola hosildorligi 122,1%, tola chiqimi 3%, tolaning solishtirma uzilish kuchi 5 g.k./teks, tola uzunligi 0,14 dyuym va 1000 dona chigit vazni 15-20 gramm yuqori bo‘lgan;
tadqiqot ishlari natijalari 2020 yilda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “Mirjalol gulistoni” fermer xo‘jaligida 46,6 gektar, “Billur zamini” fermer xo‘jaligida 40,4 gektar, “Moviy serhosil” fermer xo‘jaligida 25,7 gektar maydonlarda joriy qilingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 20 yanvardagi 02/020-183-son ma’lumotnomasi). Natijada 112,7 gektar maydonda o‘rtacha 41,1 s/ga hosil olinib, rayonlashgan navlarga nisbatan qo‘shimcha  4,5-5,5 s/ga hosil va 1871 mln.so‘m daromad olishga erishilgan, rentabellik darajasi 2-3% yuqori ekanligi tasdiqlangan, 2021 yil hosili uchun 2000 gektarda ekish uchun tayyorlanadigan 8,5 t. elita, 97,9 t. R2 urug‘lik chigitlaridan 724 mln.so‘m daromad olinishi rejalashtirilib, 650 gektarda ekilgan;
SP-7303 g‘o‘za navidan 2020 yilda 1,5 t super elita, 16,1 t elita, 184,7 t R1, jami 202,4 t urug‘lik paxta tayyorlanib, undan 2021 yil hosili uchun 2000 ga maydon uchun etarli bo‘lgan 8,5 t elita, 97.9 t R 2 urug‘lik chigit tayyorlash ishlari amalga oshirilgan (Qishloq xo‘jaligi Vazirligining 2021 yil 20 yanvardagi 02/020-183-son ma’lumotnomasi). Natijada 2020 yilda ekilgan navdan olingan daromad 724 mln. so‘mni tashkil etgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish