Ochilov Zafar Abdullaevichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Lalmi erlarning tekislik va qir-adirlik mintaqalarida ekish uchun yumshoq bug‘doyning qurg‘oqchilikka chidamli ertapishar navini yaratish», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.1.PhD/Qx700.
Ilmiy rahbar: Xalilov Nasriddin Xalilovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor.
Ilmiy tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti G‘allaorol ilmiy-tajriba stansiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/27.02.2020.Qx.42.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: yumshoq bug‘doyning “No‘shkent” navi (№ NAR 00250). O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2021 yil 22 fevral 01-11/1720-sonli xulosasi.
II. Tadqiqotning maqsadi respublikamizning Markaziy va Janubiy hududlari lalmikor erlarining tekislik va qir-adirlik mintaqalari tuproq-iqlim sharoitlarida ekish uchun yumshoq bug‘doyning ertapishar va qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgan yangi navini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk marotaba lalmikor tekislik va qir-adirlik mintaqalarida ekish uchun qurg‘oqchilikka chidamli, ertapishar va serhosil yumshoq bug‘doy navlarini yaratishda geografik kelib chiqishi turlicha bo‘lgan nav namunalarini o‘rganish asosida qimmatli xo‘jalik belgi xususiyatlariga ega bo‘lgan yangi boshlang‘ich manbalar tanlab olingan;
lalmikor erlarda ekish uchun yumshoq bug‘doyning qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlariga ega bo‘lgan yangi nav va namunalarning strees omillarga chidamliligi o‘rganish asosida qimmatli xo‘jalik belgilar majmuasiga ega istiqbolli tizmalar ajratilgan;
yumshoq bug‘doyning ertapishar va qurg‘oqchilikka, sariq va qo‘ng‘ir zang kasalliklariga chidamli Surxak-5688 va Eritrorspermum-2003 navlari bilan chatishtirish asosida yangi «No‘shkent» navi yaratilgan;
yumshoq bug‘doyning yangi yaratilgan «No‘shkent» navi qurg‘oqchilikka, issiqlikka, kasalliklarga chidamligi, nam bilan kam ta’minlangan tekislik va qir-adirlik lalmikor mintaqada etishtirishga mosligi jihatidan hozirgi vaqtda, ekib kelinayotgan boshqa navlarga nisbatan hosildorligi 20%, don tarkibidagi kleykovina miqdori 1,5-3,0% yuqori ekanligi bilan boshqa navlardan farq qilishi tasdiqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Respublikamizni lalmikor maydonlarning tekislik va qir-adirlik mintaqalari tuproq iqlim sharoitlarida ekish uchun mos bo‘lgan yumshoq bug‘doyning xorijiy nav namunalaridan bug‘doy seleksiyasida foydalanish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijasida:
yumshoq bug‘doyning lalmikor, ertapishar, qurg‘oqchilikka chidamli, yuqori hosilli «No‘shkent» naviga O‘zbekiston Respublikasi Intelektual mulk agentligi tomonidan NAR 00250 (02.12.2019 y.) raqamli patent olingan hamda ushbu nav 2020 yil konkurs sinovi natijalari va eksport komissiyasi xulosasiga asosan, Qashqadaryo viloyatining lalmi maydonlarida va O‘zbekiston respublikasi bo‘yicha ekish uchun qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reestiriga kiritilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 29 maydagi 02/021-2295-son ma’lumotnomasi). Natijada navning asosiy morfobiologik belgilari yotib qolishga chidamligi 5 ball, qo‘rg‘oqchilikka va issiqlikka chidamligi 5 ball, doni yirik, 1000 dona don vazni 41,5-42,0 gramm, hosildorligi 21,5-25,0 s/ga, don tarkibida oqsil miqdori 14,8-15,6%, kleykovina miqdori 28,3-30,0%, IDK ko‘satgichi 70-75, chang qora kuya, sariq zang va qo‘ng‘ir zang kasalliklariga chidamli, yaltiroqliligi 85,0-88,0% ni tashkil qilgan;
lalmikor yumshoq bug‘doyning «No‘shkent» navi 2019-2020 yillarda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida «Mash’al» fermer xo‘jaligida 26 gektar, «Sho‘rquduq» fermer xo‘jaligida 27 gektar va «Dadil qadam» fermer xo‘jaligida 21 gektar, jami 74 gektar lalmikor maydonlarda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 29 maydagi 02/021-2295-son ma’lumotnomasi). Natijada lalmikor erlarda boshqa navlarga nisbatan 2,5-3,2 s/ga qo‘shimcha hosil olishga erishilgan, rentabellik darajasi 21,5-23,5 foizni tashkil etgan;
Z.A.Ochilov hammuallifligida «Lalmikor maydonlarda yumshoq bug‘doy etishtirish bo‘yicha tavsiyalar» nomli o‘quv qo‘llanma ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2021 yil 29 maydagi 02/021-2295-son ma’lumotnomasi). Natijada respublikamizning qishloq xo‘jaligi soxasida, jumladan lalmikor maydonlarda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari tomonidan foydalanib kelinmoqda.