Qodirov Rahimjon Boltaboevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasining Farg‘ona vodiysi viloyatlari mehnat resurslaridan samarali foydalanish yo‘llari», 11.00.02 – Iqtisodiy va ijtimoiy geografiya (geografiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam B2018.4.DSc/Gr22.
Ilmiy maslahatchi: [Qayumov Abduhakim], geografiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Gr.01.06.
Rasmiy opponentlar: Tojieva Zulxumor Nazarovna, geografiya fanlari doktori, professor; Kamalov Bahodir Asamovich, geografiya fanlari doktori, professor; Mamadalieva Xafiza Xoldarovna, iqtisod fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysi viloyatlarida mehnat resurslarining shakllanishi, hududiy joylashuvi, iqtisodiyot tarmoqlarida taqsimlanishi va ulardan samarali foydalanish yo‘llarini ilmiy jihatdan asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona botig‘ida shakllanayotgan «Vodiy megalopolisi»ning iqtisodiy geografik rivojlanish xususiyatlari (tarkibi, shaharlar aglomeratsiyasi, ko‘p yadroli sanoat rayonlari) aniqlangan va fanga ilk bor «Vodiy megalopolisi» ilmiy tushunchasi kiritilgan;
respublikada mehnat resurslari konsentratsiyasi yuqori bo‘lgan Farg‘ona vodiysi viloyatlarining geodemografik rayonlashtirish kartasi yaratilgan;
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida er-suv resurslari bilan ta’minlanganlik darajasi va industrial rivojlanish o‘rtasidagi korrelyasion bog‘liqlik (R=0,32) asoslangan;
aholining mehnat va ishlab chiqarish qobiliyatlarini hisobga olgan holda hududlar va tarmoqlar bo‘yicha mehnat resurslaridan samarali foydalanish mexanizmi takomillashtirilgan;
BMTning Aholishunoslik bo‘limi metodikasi asosida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari aholisi va mehnat resurslarining 2025-2050 yillarga mo‘ljallangan prognozi (aholining past, o‘rta, yuqori sur’atlarda o‘sishi, tug‘ilishning o‘zgarishi, o‘limning qisqarib borish variantlari) ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
O‘zbekiston Respublikasining Farg‘ona vodiysi viloyatlarida mehnat resurslarining shakllanishi va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona botig‘ida urbanizatsiyaning eng murakkab shakli shakllanayotgani aniqlangan va fanga ilk bor «Vodiy megalopolisi» ilmiy tushunchasi kiritilgan hamda uni iqtisodiy geografik omillar (aholining transport koridorlari atrofida konsentratsiyasi, shaharlar aglomeratsiyasi, ko‘p yadroli sanoat rayonlari) asosida yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi amaliyotida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2021 yil 18 iyundagi 01/00-03/15-7369-son ma’lumotnomasi). Natijada, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 101,7-106,3 foiz o‘sishiga, va ayni paytda, qishloq xo‘jaligi hissasini 0,3-0,7 foiz qisqartirishga, Baliqchi, Qo‘rg‘ontepa va Xo‘jaobod tumanlarida shaharlar tizimini rivojlantirish imkonini bergan; 
mehnat resurslari konsentratsiyasi yuqori bo‘lgan Farg‘ona vodiysi viloyatlarining geodemografik rayonlashtirish kartasi hamda mehnat resurslaridan samarali foydalanishga oid ilmiy xulosalaridan Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligining 2021 yil 26 iyuldagi 03-03-1591-son ma’lumotnomasi). Natijada, mehnat resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy xulosalaridan geografik axborotlar bazasini yangilash, O‘zbekiston Respublikasi Milliy atlasining «O‘zbekiston Respublikasi aholisi», «O‘zbekiston Respublikasi mehnat resurslari va aholi bandligi» kartalarini loyihalash, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy birliklarini mehnat resurslarining bandlik darajasiga ko‘ra guruhlashtirish, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining mavzuga oid kartalarini tayyorlash imkonini bergan;
er-suv resurslari cheklangan va katta demografik potensialga ega bo‘lgan Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida mehnat resurslarini industrial sohalarga yanada ko‘proq yo‘naltirishga oid takliflari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi amaliyotida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2021 yil 18 iyundagi 01/00-03/15-7369-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, 2018 yilda sanoatida band bo‘lganlar Andijon viloyatida 0,5 foizga, Namangan viloyatida 0,4 foizga ko‘payishiga erishish imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida aholining mehnat va ishlab chiqarish qobiliyatlarini hisobga olgan holda mehnat resurslaridan samarali foydalanishning hududiy va tarmoq tarkibini takomillashtirish mexanizmidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi amaliyotida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2021 yil 18 iyundagi 01/00-03/15-7369-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, 2017 yilda Asaka, Xo‘jaobod va Ulug‘nor tumanlarida to‘qimachilik va agrosanoat klasterlarini barpo etish orqali xotin-qizlarning bandligi 104,7 foizga ortgan, mehnat resurslarining shartnoma asosida xorijiy mamlakatlarga, jumladan Rossiya Federatsiyasiga migratsiyasi 12 foizga ko‘payish imkonini bergan;
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari aholisi va mehnat resurslarining 2025-2050 yillarga mo‘ljallangan prognoz natijalaridan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining aholini mehnat bilan bandligi darajasini oshirish strategiyasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2021 yil 18 iyundagi 01/00-03/15-7369-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, aholini mehnat bilan bandligi darajasini oshirish strategiyasining parametrlarini ishlab chiqishga imkon bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish