Yaqubova Dilaram Tadjievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda paxta yakkahokimligining o‘rnatilishi va uning natijalari (1930-1990 yillarda Surxon vohasi misolida)», 07.00.01 – “O‘zbekiston tarixi” (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Tar585.
Ilmiy rahbar: Tursunov Saypulla Narzullaevich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Termiz davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.78.02.
Rasmiy opponentlar: Yunusova Xurshida Erkinovna, tarix fanlari doktori, professor; Qobulov Eshbolta Atamurodovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda paxta yakkahokimligini o‘rnatish jarayonida sovet hokimiyatining amalga oshirgan agrar siyosati va uning mahalliy aholi hayotidagi ta’sirini Surxon vohasi misolida ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
markazning paxta yakkahokimligini o‘rnatish jarayonida amalga oshirgan agrar siyosati, kadrlar tayyorlash, qishloq xo‘jaligidagi madaniy-maishiy hayotning kommunistik mafkura g‘oyalariga moslashtirilganligi va uning mahalliy aholi hayotiga ta’siri Surxon vohasi misolida ochib berilgan;
vohada paxta yakkahokimligini o‘rnatish uchun sovet hokimiyati tomonidan o‘tkazilgan er-suv islohotlari, jamoalashtirish siyosati, yangi o‘zlashtirilgan hududlarga Farg‘ona vodiysi va Buxoro vohasi aholisi, shuningdek, ruslar, ukrainlar va yahudiylarning majburiy ravishda ko‘chirilishi, paxtachilikda qishloq xo‘jalik texnikasining qo‘llanilishi, texnik kadrlar tayyorlashdagi muammolar dalillangan;
Surxon vohasida paxtachilikni rivojlantirish maqsadida yangi erlarni o‘zlashtirilishi, melioratsiya va irrigatsiya ishlarining takomillashtirilishi va bu sohada yo‘l qo‘yilgan mahalliy aholi, ayniqsa, yosh bolalar va ayollarning sug‘orish inshootlarini qurish va tozalash ishlariga majburiy jalb qilinishi kabi xatoliklar va uning oqibatlari ochib berilgan;
vohada paxtachilikni rivojlantirish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar, kolxozlarni yiriklashtirishdan ko‘zlangan maqsad, paxtakorlarning og‘ir hayoti va mehnat jasoratlari, paxta terim mashinalarining qo‘llanilishi, iqtisodiyotda turg‘unlikning yuzaga kelishi, qo‘shib yozishning avj olishi, aholi turmush darajasining pasayishi, «o‘zbek ishi» va «paxta ishi»ning salbiy oqibatlari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekistonda paxta yakkahokimligining o‘rnatilishi va uning natijalari 1930-1990 yillarda Surxon vohasi misoli bo‘yicha olib borilgan tadqiqot ishi asosida yoritildi:
Surxon vohasi misolida paxtachilikni rivojlantirish maqsadida Farg‘ona, Samarqand va Qarshi mintaqalardan aholini majburiy ko‘chirib keltirish sabablari, mahalliy mutaxassislarga munosabat kabi manbalardan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi» fondidan, shuningdek, Termiz davlat universiteti tuzilmasidagi «Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi» ekspozisiyasining «Sovetlar hokimiyati davri» nomli bo‘limini yaratishda tadqiqot ma’lumotlaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2020 yilning 15 iyundagi 49-son ma’lumotnomasi). Natijada, arxiv hujjatlarining nusxalari, surgun qilinganlar, ko‘chirilganlar, «paxta ishi» bo‘yicha nohaq ayblanganlarning fotosuratlari va shaxsiy hujjatlari, shuningdek, og‘zaki tarix materiallari ekspozisiyaning yanada qiziqarli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etgan;
sobiq sovet davrida paxtachilik bilan bog‘liq jamoalashtirish, surgun, ko‘chirish va «yangi erlarni o‘zlashtirish», «paxta hosildorligini keskin oshirish», boshqa ekinlarni keskin kamaytirish kabi manbalardan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan anjumanlarda, mutaxassislar malakasini oshirish va hisobotlarni taqqoslashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 8 iyuldagi 05/020/2078-son ma’lumotnomasi). Natijada, qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan qo‘llanma va risolalar tayyorlash hamda turli tadbirlarni o‘tkazishda namuna bo‘lib xizmat qilgan.