Abdujabarova Zulfiya Muratxodjaevnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiyma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek populyasiyasida seliakiya bilan og‘rigan bolalar ingichka ichagida immunogenetik va struktur-funksional o‘zgarishlarning klinik ahamiyati (medikamentoz korreksiyalash)», 14.00.09–Pediatriya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Tib58.
Ilmiy maslahatchi: Kamilova Altinoy Tursunbaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, DSc.27.06.2017.Tib.29.01.
Rasmiy opponentlar: Inoyatova Flora Il`yasovna, tibbiyot fanlari doktori professor; Rustamov Mardonkul Rustamovich, tibbiyot fanlari, doktori professor; Kamalov Zaynitdin Sayfutdinovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Pediatriya va bolalar xirurgiyasi markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek populyasiyasiga mansub seliakiyali bolalarda kasallikning klinik kechishi, ingichka ichak shilliq qavatidagi immunogenetik va strukturaviy-funksional o‘zgarishlarning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash va differensial davolash usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor o‘zbek populyasiyasiga mansub bolalarda seliakiyaning klinik fenotiplari va uning shakllanishida xavf omillari aniqlangan;
seliakiya shakliga qarab IIShQ morfologik buzilishidagi farqlar aniqlangan. IIShQ giperregenerator, subtotal, total atrofiyasi, distrofik, destruktiv va atrofik o‘zgarishlar (Marsh bo‘yicha II va III bosqich) kasallikning tipik shaklida, IIShQ xususiy biriktiruvchi to‘qimasining yallig‘lanishining kuchayishi, proliferativ infil`trat, vorsinkalar shilliqosti va shilliq qavatlarining anchagina qalinlashuvi (Marsh bo‘yicha III va IV bosqich) atipik shaklida aniqlangan;
ilk bora o‘zbek populyasiyasidagi seliakiyaga chalingan bolalarda II sinf HLA-antigenlari uchrashining taqsimlanishida o‘ziga xos jihatlari, ya’ni DRB1, DQA1, DQV1 allellari va ularning DQ2 va DQ8 geterodimerlarining roli aniqlangan. Seliakiyaning tipik shakli HLAning DQA1 *0501, DQV1 *0201, DRV1 *07 va DRV1 *13 genotiplari, atipik shakli esa DRB1*10, DRV1 *12 va DQV1 *0503 refrakterli kechuvchi seliakiya esa DRB1*16 va DQA1*0501 genotiplari bilan assotsiatsiyalanishi aniqlangan;
immun tizimi bo‘g‘inlari o‘rtasidagi muvozanatning buzilishi: apoptoz markerlari miqdorining oshishi, limfotsitlar, O‘NO-α va IL-4 faollashuvi aniqlangan;
seliakiyaning zo‘rayishida immun tizimidagi o‘zgarishlarning roli aniqlangan;
seliakiyaning tipik shaklida hamda kasallikning refrakterli kechishida sekretor immunoglobulin miqdorining pasayishi IIShQ subatrofiyasi va atrofiyasini kuchaytirishi aniqlangan;
IIShQ atrofiyasi regeneratsiyasi va ichakka so‘rilish jarayonlarini kuchaytirish imkoniyatini beradigan differensial terapiya sxemalari ishlab chiqilgan va ularning samaradorligi baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbek populyasiyasida seliakiya bilan og‘rigan bolalar ingichka ichagida immunogenetik va struktur-funksional o‘zgarishlarning klinik ahamiyati va medikamentoz korreksiyalash bo‘yicha olingan natijalar asosida «O‘zbek populyasiyasidagi bolalarda seliakiyaning klinik fenotiplari» (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2006 yil 25 dekabrdagi 8sh/256-son ma’lumotnomasi) va «O‘zbek populyasiyasidagi bolalarda seliakiyaning immunogenetik xarakteristikasi» mavzusidagi uslubiy qo‘llanmalar tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2008 yil 28 oktyabrdagi 8sh/156-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanmalar seliakiyani erta tashxislash va prognozlash, klinik-immunologik ko‘rsatkichlar ahamiyatini aniqlashning uslubiy asosini takomillashtirishga xizmat qiladi;
seliakiyaga olib keluvchi xavf omillari, erta tashxislashning zamonaviy jihatlari, klinik fenotiplari va immunogenetik xususiyatlarini aniqlash chora-tadbirlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan RIPIATM klinikasi, Sirdaryo va Namangan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiy markazlari hamda Olmaliq shahar klinik kasalxonasi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2015 yil 5 yanvardagi 8N3-/31-son ma’lumotnomasi). Tatbiq etilgan natijalar an’anaviy usulga nisbatan kasallikni erta tashxislash, bemorning hayot sifatini yaxshilash, mazkur kasallik bilan bemor bolalarning statsionarda bo‘lish davrini 3,6 kunga qisqartirish imkonini beradi.