Sindorov Lutfulla Kurolovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): ““Hibat ul haqoyiq” leksikasi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Fil452.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika instituti.
Ilmiy rahbar: Abdushukurov Baxtiyor Bo‘ronovich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Jizzax davlat pedagogika instituti, PhD.03/04.06.2020.Fil.113.02.
Rasmiy opponentlar: Pardaev Azamat Baxronovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Husanov Nishonboy Abdusattorovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi «Hibatul haqoyiq» dostonining o‘zbek adabiy tili shakllanishi va rivojlanishida tutgan o‘rnini aniqlash hamda asarda qo‘llanilgan so‘zlarning mavzuiy, tarixiy-etimologik va leksik-semantik jihatdan o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
tarixiy leksikologiyaning nazariy qoidalariga tayangan holda dostondagi ijtimoiy-siyosiy bozun – «xalq», māllïq – «mollik, mulkdor», hadiya – «hadya», iqtisodiy (učuz – «arzon», dinar – «dinor» (pul birligi), diniy (yazuq – «gunoh», savāb, insāf, halāl), maishiy (azuq – «egulik», asal, aš – «ovqat», šarāb), jug‘rofiy (tüz – «tekislik», köl – «ko‘l»), diplomatik (bek, yağï – «dushman») va kasb-hunarga oid leksik birliklarning qo‘llanish doirasi misollar asosida dalillangan;
«Hibatul haqoyiq» dostonidagi so‘z boyligining semantik xususiyatlari va asar matnida qo‘llanilgan leksik (ačïğ – «achchiq», asïğ – «foyda», arqïš – «karvon», emgä – «zahmat chekmoq», eš – «o‘rtoq», yawuq – «yaqin»; yağï – «dushman», yağan – «fil», uwtan – «uyalmoq», učuz – «arzon», čïğay – «kambag‘al», qaravaš – «cho‘ri, xizmatkor») birliklarning genezisi isbotlangan;
dostonda qo‘llanilgan arslan, bek – «bek, amir», qaravaš – «cho‘ri, xizmatkor», tawar – «tavar, mol», ezgü – «yaxshi», köni – «to‘g‘ri», süčük – «chuchuk», yid – «hid» kabi leksemalar qadimgi turkiy til (VI-X asrlar) hamda eski o‘zbek adabiy tili (XIV asrning ikkinchi yarmi-XX asr boshlari) materiallari bilan qiyoslanib, ularning uzviy bog‘liqligi, o‘zbek adabiy tilining o‘sha davrdagi lug‘at boyligi, ifoda imkoniyatlari ochib berilgan;
doston lug‘at fondida qo‘llanilgan leksemalarning shakl va ma’no munosabatiga doir ko‘rinishlari, shuningdek, omonimlarning yashirin ma’nolarni anglatish, cinonimlarning ma’noni darajalab ifodalash, antonimlarning kontrast tasvir usuli xususidagi o‘rni asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. «Hibatul haqoyiq» asari leksikasi tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tarixiy leksikologiyaning nazariy qoidalariga tayangan holda dostondagi ijtimoiy-siyosiy bozun – «xalq», māllïq – «mollik, mulkdor», hadiya – «hadya», iqtisodiy (učuz – «arzon», dinar – «dinor» (pul birligi), diniy (yazuq – «gunoh», savāb, insāf, halāl), maishiy (azuq – «egulik», asal, aš – «ovqat», šarāb), jug‘rofiy (tüz – «tekislik», köl – «ko‘l»), diplomatik (bek, yağï – «dushman») va kasb-hunarga oid leksik birliklarning qo‘llanish doirasi, ularning yasalish xususiyatlariga oid ilmiy xulosalardan FA-F1-G003 raqamli «Hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishi» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 4 noyabrdagi 89-03-4403-son ma’lumotnomasi). Natijada tarixiy derivatsiyaning zamonaviy turkiy tillar, hozirgi qoraqalpoq tilida funksional so‘z yasalishidagi o‘rnini aniqlashga erishilgan;
azaq (oyoq), az- (adashmoq, yanglishmoq), ačï- (achimoq), adl (adolat), al- (olmoq), arïğsïz (iflos, nopok), baxšiš (bag‘ishlov), baqāsiz (baqosiz), bek (bek), dinar (pul birligi), esiz – yavuz (yomon) kabi so‘zlarning funksional-semantik xususiyatlariga doir ilmiy-nazariy xulosalardan FA-F1-G041 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 4 noyabrdagi 89-03-4403-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tili lug‘at tarkibi, Alisher Navoiy asarlarida ifodalangan so‘zlarning leksik-semantik taraqqiyotini aniqlashda hamda o‘zbek tilining boy ifoda imkoniyatlarini ko‘rsatishda muhim manba vazifasini o‘tagan;
«Hibatul haqoyiq» dostonida qo‘llanilgan leksik birliklarning geneologik, semantik va funksional-stilistik xususiyatlariga doir ilmiy-nazariy xulosalardan FA-A1-G007 raqamli «Qoraqalpok naql-maqollari lingvistik tadqiqot ob’ekti sifatida» mavzusidagi amaliy loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 4 noyabrdagi 89-03-4403-son ma’lumotnomasi). Natijada loyihada qo‘llanilgan til birliklarining tarixiy-etimologik va uslubiy jihatlarini yoritishga xizmat qilgan;
asarda qo‘llanilgan iqtisodiyot, moliya terminlarining (učuz – «arzon», dinar – «dinor» (pul birligi), arqïš – «karvon», asïğ – «foyda» bek – «bek, amir», qaravaš – «cho‘ri, xizmatkor», tawar – «tavar, mol») struktur va lingvostatistik xususiyatlari, ma’no taraqqiyotiga doir ilmiy xulosalardan OT-A1-018 raqamli «O‘zbek tili va uning tarjimasi bilan elektron va bank-moliya terminlarining ko‘p tilli lug‘atlarini yaratish» mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 4 noyabrdagi 89-03-4403 son ma’lumotnomasi). Natijada sohaga oid terminlarining korpus tahlili muammolarini tavsiflashda, ta’lim sohasi terminalogiyasining tadrijiy takomilini ko‘rsatishga asos bo‘lgan.