Adambaeva Nargiza Kadambaevnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Ingliz, rus va o‘zbek adabiyotshunosligida Xorazm adabiy manbalari tadqiqi», 10.00.06 - Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil568.
Ilmiy rahbar: Xallieva Gulnoz Iskandarovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, DSc.03/04.06.2021.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raeva Malohat Muhamadovna, filologiya fanlari doktori, dotsent; Omonov Qudratilla Sharipovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Xorazm turkiy adabiy manbalarining ingliz, rus va o‘zbek adabiyotshunosligidagi tadqiqini qiyosan o‘rganish asosida mushtarak va o‘ziga xos tomonlarini ilmiy-nazariy aspektda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Xorazm turkiy adabiy muhitini o‘rganishning ilmiy asoslarini shakllantirgan birlamchi omillar – Xorazm davlatchiligidagi, xususan, Xiva xonligidagi tarixiy sharoit va madaniy ma’rifiy taraqqiyot, hududni egallashga qiziqish ortidagi uning madaniyati, tarixi va adabiyotini o‘rganish, elchilar faoliyati va madaniy aloqalar bo‘lganligi dalillangan;
inglizzabon va rus adabiyotshunosligidagi tadqiqotlar ilmiy-tanqidiy matn yaratish, uslubiy unsurlarni baholash, tarjima va tarjimani asl matn bilan qiyoslash kabi jarayonlardan iborat matnshunoslik va ijtimoiy-siyosiy, diniy-tarixiy, madaniy, qiyosiy sintez usullariaro voqelanadigan manbashunoslik nuqtai nazaridan olib borilganligi asoslangan;
Xorazm adabiy manbalarini tadqiq qilishda ingliz va rus adabiyotshunosligida qiyosiy-tarixiy, ijtimoiy-siyosiy metodlar, tarjima matnlarining ustuvorligi, o‘zbek adabiyotshunosligida esa lingvopoetik, mifopoetik, diniy-tarixiy metodlar, birlamchi (asliyat) qo‘lyozma manbalarning ustuvor ekanligi isbotlangan;
har uchala adabiyotshunoslikda Xorazm adabiy manbalar mundarijasining falsafiy-axloqiy mohiyati, lirik qahramonning ruhiy olami, insonga xos bo‘lgan sadoqat, sabru qanoat, halollik, iroda, shukr, hokisorlik kabi fazilatlarning talqini, badiiy mahorat va tafakkur masalalari markaziy mavqe egallashi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ingliz, rus va o‘zbek adabiyotshunosligida Xorazm turkiy adabiy manbalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ingliz adabiyotshunosligidagi XIX asr Xorazm adabiy muhitidagi til vaziyati, xususan, Munis va Ogahiy tarixiy asarlari tilining jamiyatning har xil qatlamlari tomonidan turlicha tushunilishiga oid ilmiy  xulosalardan OT-F1-71 “Ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida etnolingvistik vaziyat” mavzuidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 28 dekabrdagi 89-03-5569-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida amalga oshirilgan ilmiy ishlar materiallarining faktik dalillar bilan boyitilishiga erishilgan;
qiyosiy adabiyotshunoslik va tarjimashunoslikning asosiy tushuncha va tamoyillari, zamonaviy adabiyotshunoslikda tarixiy, gnoseologik, mantiqiy, metodologik, ma’naviy-g‘oyaviy mezonlar asosida qiyosiy tahlil qilish bilan bog‘liq xulosalardan Erasmus + dasturining 585845-EPP-1-2017-1-ES-EPPKA2-CBHT-JP “Development of the interdisciplinary master program on Computational Linguistics at Central Asian Universities: CLASS” loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2021 yil 27 yanvardagi 89-03-501-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha doirasida yaratilgan lingvistik dasturlarning takomiliga erishilgan;
Xiva xonligidagi madaniy-ma’rifiy taraqqiyot, qo‘lyozmalar talqini,  Xorazm manbalarini o‘rganishning ilmiy asoslariga doir xulosalardan F3-2016-G‘908165532 “Qoraqalpoq tilining yangi alfaviti va imlo qoidalariga muvofiq ona tili va adabiyotini rivojlantirish metodikasi” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining 2021 yil 27 yanvardagi 89-03-501-son ma’lumotnomasi). Natijada ona tili va adabiyotini rivojlantirish bo‘yicha yaratilgan  innovatsion metodika nazariy asosining mustahkamlanishiga xizmat qilgan;
rus sharqshunoslari va o‘zbek olimlarining adabiy-estetik qarashlari, ingliz va rus adabiyotshunosligida xalqimizning o‘ziga xos urf-odatlari, an’analari, ma’naviyati va mentaliteti yoritilgan xulosalardan hamda “Firdavs ul-iqbol” asarining Yu.Bregel` tayyorlagan ilmiy-tanqidiy matni nashri asosida chop etilgan “Ingliz sharqshunosligida Xorazm turkiy manbalari” nomli monografiya hamda Sankt-Peterburg va Toshkent fondlaridagi Xorazm turkiy-adabiy manbalardan “Ichan-qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasi materiallari fondini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2021 yil 6 yanvardagi 05-12-08-48-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu materiallar ekspozisiyalarda keng targ‘ib etilib, yoshlarimiz ongiga milliy g‘urur, milliy iftixor, vatanga sadoqat va istiqlol g‘oyalariga mehr-muhabbat tuyg‘ularini singdirishga xizmat qilgan;
Xorazmda turli davrlarda yaratilgan, Rossiya fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozma, nodir asarlar va kataloglar hamda shu paytgacha ijodi deyarli o‘rganilmagan Xorazm shoiri Rojiy ijodi tadqiqiga doir xulosalardan Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining “Assalom, Xorazm!” “Ma’rifatnoma” dasturlari, “Adabiy muhit”, “Barkamol avlod” radioeshittirishlari ssenariylarini tayyorlashda  foydalanilgan (Xorazm viloyat teleradiokompaniyasining 2021 yil 6 yanvardagi 33-son ma’lumotnomasi). Natijada eshittirish va ko‘rsatuvlarning mavzulari ko‘lami boyitilgan, teletomoshabinlar va radioeshituvchilarning Xorazm adabiyotining jahoniy miqyosdagi ahamiyati haqida keng ma’lumotga ega bo‘lishlariga imkon yaratgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish