Ganieva Shodiya Azizovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek frazeologizmlari strukturasi (shakliy va mazmuniy modellashtirish)», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil2.
Ilmiy rahbar: Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.27.06.2017.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Mahmudov Nizomiddin Mamadalievich, filologiya fanlari doktori, professor; Mamatov Abdimurod Eshonkulovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: frazeologizmlarning ma’no tuzilishi, ularning semantik-struktur va shakliy-sintagmatik xususiyatlarini yoritib berish hamda modellashtirish asoslarini belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
frazeologizmlarning barqaror birliklar sistemasidagi differensial semalari belgilangan, leksik ma’no va frazeologik ma’no o‘rtasidagi izomorflik aniqlangan;
frazeologizmlarning kategorial ma’nolari yoritib berilgan va ularning mazmuniy simmetrik-asimmetrik munosabati ko‘rsatilgan;
modellashtirish tilning barcha sathlariga tatbiq etiladigan universaliya ekanligi isbotlangan;
ma’lum belgilar asosida birlashgan frazemalarni aniqlash orqali ularni shakliy va mazmuniy modellashtirish asoslari belgilangan;
frazeologik qurshov doirasida frazeologik va leksik ma’no hamkorligi yoritib berilgan;
o‘zbek tilidagi frazeologik birliklarning sub’ekt, ob’ekt, temporal, lokal, kauzal, maqsad va miqdor valentliklari aniqlangan hamda ularning modellashtirishdagi o‘rni asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbek tilidagi frazeologik birliklarni semantik-struktur tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tadqiqot davomida ilmiy asoslangan bosh, ko‘z, bo‘yin, og‘iz, qo‘l, oyoqkabi frazeologik birliklar uchun tayanch komponent bo‘lgan leksemalarning ma’nolarini izohlashda, shuningdek ota, ona, opa, aka; kungaboqar, daraxtkabi leksemalar izohlaridan frazeologik ma’no tuzilishi bilan leksik ma’no tuzilishi o‘rtasidagi o‘xshashlik va farqlarni aniqlashda FA-F1-GO41 raqamli «O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» (2012–2016 yy.) fundamental ilmiy loyihasining «O‘zbek tili leksikasining mustaqillik davri taraqqiyotini tadqiq etish» yo‘nalishida foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 15 maydagi FTK-0313/520-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida leksik ma’no va frazeologik ma’no o‘rtasidagi izomorflik aniqlangan, lug‘aviy birliklarning ma’nolari boyigan, izohlari mukammallashgan;
frazeologik birliklar tilning estetik vazifasini kuchaytirishdagi o‘rni xususida olingan natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanali DUKda 2015 yilda efirga uzatilgan «Til ziynati» ko‘rsatuvini tayyorlashda manba sifatida foydalangan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanali DUKning 2017 yil 2 avgustdagi 02-17/620-son ma’lumotnomasi). Mazkur manbalar ko‘rsatuvning ilmiy dalillarga boy va ommabop bo‘lishini ta’minlagan;
frazeologizmlarning badiiy tilni boyitishdagi o‘rni, xalqchilligi, ayniqsa, urf-odatlarda namoyon bo‘lishi bo‘yicha erishilgan natijalardan Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2015–2016 yillarda «Ochiq muloqot», «Zamondosh», «Adabiy muhit», «Qadriyat», «Ma’naviyat – qalb ko‘zgusi» ko‘rsatuvlari hamda «Ma’naviyat», «Ziyo maskanlarida» nomli radioeshittirishlarida keng foydalanilgan (Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2017 yil 22 iyuldagi 367-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuvlar va eshittirishlar uchun tayyorlangan materiallarning xalqchilligi ortib, ular mazmunan mukammallashgan.